outputs_in

Sharh

26 May 2026

O‘zbekiston-АQSh migratsiya muloqoti: yangi imkoniyatlar va strategik yondashuvlar

АQSh bilan migratsiya sohasidagi yangi muloqotlar O‘zbekiston tashqi mehnat siyosatida sifat jihatidan yangi bosqich boshlanayotganini kO‘rsatadi. Eʼtiborli jihati shundaki, mazkur hamkorliklar faqat mehnat eksportini oshirishga emas, balki inson kapitalini xalqaro standartlar asosida tayyorlashga qaratilmoqda. Nyu-Yorkdagi International Migration Review Forum (IMRF) doirasida O‘tgan uchrashuvlar O‘zbekistonning global migratsiya kun tartibida tobora faol ishtirokchiga aylanayotganini namoyon qildi. Аyniqsa, migratsiyani “iqtisodiy zarurat” emas, “inson kapitaliga investitsiya” sifatida talqin qilinishi zamonaviy migratsiya siyosatining muhim kontseptual O‘zgarishidir. Bu yondashuv mehnat migratsiyasini faqat valyuta tushumi yoki ishsizlikni yumshatish vositasi sifatida emas, balki milliy kadrlar salohiyatini xalqaro mehnat bozori talablariga integratsiya qilish mexanizmi sifatida kO‘rishni anglatadi.  АQShning tibbiyot, transport va agrosanoat sohalari bilan O‘rnatilayotgan institutsional hamkorliklar bir necha strategik vazifani hal qiladi. Birinchidan, migrantlarning kasbiy va til kompetentsiyalarini oshirish orqali raqobatbardosh kadrlar tayyorlanadi. Ikkinchidan, noqonuniy migratsiya xavflari qisqaradi, chunki rasmiy va maqsadli rekruting kanallari kengayadi. Uchinchidan, O‘zbekistonlik mehnat migrantlarining huquqiy himoyasi masalasi ikki tomonlama muloqotning markaziga chiqmoqda. Shu bilan birga, mazkur jarayon O‘zbekiston tashqi siyosatida “mehnat diplomatiyasi” tushunchasining shakllanayotganini ham anglatadi. Bugun migratsiya masalasi faqat ijtimoiy yoki iqtisodiy emas, balki geosiyosiy va demografik omilga ham aylanib bormoqda. АQSh kabi yuqori malakali mehnat bozoriga chiqish imkoniyatlari O‘zbekiston uchun inson resurslarini global qiymat zanjiriga integratsiya qilish imkonini beradi. 18–19 may kunlari Toshkent shahri xalqaro migratsiya masalalari bO‘yicha muhim muloqot maydoniga aylandi. “Toshkent xalqaro migratsiya forumi – 2026” doirasida dunyoning qariyb 50 ta davlatidan kelgan 600 dan ortiq ekspert, rasmiy va xalqaro tashkilotlar vakillari bir maydonda jam bO‘ldi. Toshkentda Xalqaro migratsiya forumini O‘tkazish tashabbusi esa mamlakatning Markaziy Osiyoda migratsiya siyosatini shakllantiruvchi mintaqaviy platformaga aylanish niyatini kO‘rsatadi. Migratsiya agentligi direktori Behzod Musaev forumidagi nutqida: “migratsiya masalasi bugun faqat mehnat bozori yoki iqtisodiy jarayon emas, balki inson qadri, ishonch va umumiy masʼuliyat masalasiga aylangan”-, deya taʼkidladi. Bugungi global sharoitda davlatlar faqat chegaralar bilan emas, balki ishonch, hamkorlik va inson qadriga munosabat bilan ham baholanadi. O‘zbekiston esa aynan shu tamoyil asosida yangi migratsiya siyosatini shakllantirishga harakat qilmoqda. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

19 May 2026

O‘zbekistonning TDTdagi ishtirokining texnologik yo‘nalishi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026 yil 15 may kuni Turkistonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) norasmiy sammitidagi ishtiroki O‘zbekistonning TDTga nisbatan siyosati evolyutsiyasida yangi bosqichni boshlab berdi hamda tashkilotning texnologik kun tartibini faol shakllantirish sari o‘tishni namoyon etdi. 2020 yildan boshlab Toshkent turkiy integratsiya makonidagi ishtirokini izchil ravishda kengaytirib bordi va unga tobora yaqqol pragmatik mazmun berdi. 2022 yilgi Samarqand sammiti O‘zbekistonning tashkilot kun tartibini shakllantiruvchi markazlardan biri sifatidagi o‘rnini mustahkamladi. 2026 yilgi Turkiston sammiti esa ushbu tendensiyani sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi, chunki O‘zbekiston TDTning raqamli strategiyasi me’morlaridan biri sifatida namoyon bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev tomonidan sammitda ilgari surilgan “Raqamli turkiy koridor”, Turkiy kiberxavfsizlik alyansi, iqlim xatarlarini sun’iy yo‘ldosh orqali monitoring qilish tizimi, qo‘shma venchur jamg‘armasi va boshqa tashabbuslar o‘zining turli yo‘nalishlariga qaramay yagona mantiq bilan birlashadi. O‘zbekiston turkiy integratsiyani bosqichma bosqich infratuzilmaviy jihatdan ta’minlangan, texnologik jihatdan zamonaviy va institutsional jihatdan yetuk hamkorlik tizimiga aylantirish tarafdori bo‘lib chiqmoqda. E’tiborlisi shundaki, har bir tashabbus mavjud milliy salohiyatga tayanadi, jumladan data markazlariga kiritilgan olti milliard dollar investitsiya yoki amalda faoliyat yuritayotgan “E-permit” tizimi bunga misol bo‘la oladi. Umuman olganda, Turkistonda bo‘lib o‘tgan sammit TDT doirasida O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosiy doktrinasiga xos bo‘lgan tamoyilni izchil amalga oshirayotganini ko‘rsatdi. Mazkur tamoyil ko‘p vektorli hamkorlikni aniq mexanizmlar bilan mustahkamlash hamda uni TDT makonining barqaror mintaqaviy rivojlanishiga aylantirish qobiliyatini o‘z ichiga oladi. Shu tariqa Tashkilot tobora ko‘proq qardosh davlatlar o‘rtasidagi savdo iqtisodiy, yuqori texnologik, raqamli hamda madaniy gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi maydonga aylanib bormoqda. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

09 May 2026

Samarqand Yevrosiyoning yangi iqtisodiy kelajagini shakllantirish maydoniga aylandi

Samarqand shahri yana bir bor xalqaro siyosiy va iqtisodiy muloqotning muhim markazlaridan biri sifatidagi maqomini tasdiqladi. 2026 yil may oyining boshida Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59 yillik yig‘ilishi o‘tkazilgani nafaqat yirik xalqaro voqea, balki Yangi O‘zbekistonning jahon maydonidagi ortib borayotgan nufuzining ramziga aylandi. “Progress chorrahalari va mintaqaning o‘zaro bog‘langan kelajagini ilgari surish” shiori ostida o‘tgan forumda yuzdan ortiq davlatdan to‘rt mingdan ziyod vakillar, jumladan xalqaro ekspertlar, hukumat vakillari, moliyaviy institutlar hamda biznes doiralari ishtirok etdi. Tadbirning ko‘lami xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga va mamlakatning mintaqaviy hamkorlikning yangi me’morchiligini shakllantirishdagi roliga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Forum doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi alohida e’tiborni tortdi. Unda mamlakat islohotlar siyosatining asosiy natijalari bayon etildi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda. 2016 yildan buyon mamlakatga qariyb 150 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilindi, yalpi ichki mahsulot hajmi deyarli uch barobar oshdi, kambag‘allik darajasi esa sezilarli kamaydi. Ushbu ko‘rsatkichlar davlat boshqaruvining tizimli modernizatsiyasi, iqtisodiyotni liberallashtirish va xalqaro hamkorlikning kengayishini aks ettirmoqda. O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi hamkorlikning sifat jihatidan rivojlanishi ham muhim ahamiyatga ega. O‘ttiz yil davomida hamkorlik alohida infratuzilmaviy loyihalardan kompleks strategik sheriklik modeliga aylandi. Amalga oshirilgan va davom etayotgan loyihalarning umumiy portfeli qariyb 16 milliard dollarga yetdi. Samarqandda imzolangan “O‘zbekiston va OTB 2030 yilgacha” hamkorlik dasturi esa 12,5 milliard dollar miqdoridagi moliyalashtirishni nazarda tutadi. Hamkorlikning hozirgi bosqichidagi muhim jihatlardan biri uzoq muddatli texnologik va infratuzilmaviy transformatsiyalarga yo‘naltirilganidir. Prezident tomonidan belgilangan strategik yo‘nalishlar orasida raqamli transformatsiya, sun’iy intellektni rivojlantirish, “yashil” energetikaga o‘tish, strategik mineral resurslarni rivojlantirish hamda mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlash alohida o‘rin egallaydi. Toshkent shahrida “Osiyo uchun raqamli magistral” dasturining mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini tashkil etish va sun’iy intellektni rivojlantirish tashabbusi alohida e’tiborga loyiqdir. Bu O‘zbekistonning nafaqat global texnologik o‘zgarishlarga moslashishga, balki Markaziy Osiyoda ushbu jarayonlarni shakllantiruvchi markazlardan biriga aylanishga intilayotganini ko‘rsatadi. Energetika sohasida O‘zbekiston allaqachon sezilarli natijalarga erishmoqda. Mamlakatda yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirildi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi esa izchil ortib bormoqda. Xalqaro moliyaviy institutlar ko‘magi O‘zbekistonni Yevrosiyoda shakllanayotgan “yashil” energetika makonining muhim ishtirokchilaridan biriga aylantirmoqda. Samarqand forumi zamonaviy O‘zbekiston nafaqat ichki taraqqiyotga, balki o‘zaro bog‘liqlik, investitsiyalar va texnologik modernizatsiyaga asoslangan barqaror mintaqaviy hamkorlik modelini shakllantirishga intilayotganini namoyish etdi. Tarixan Samarqand Buyuk ipak yo‘lining savdo va madaniy yo‘nalishlari kesishgan maskan bo‘lgan. Bugungi kunda esa ushbu shahar yana mintaqaning kelajak taraqqiyoti g‘oyalari shakllanadigan va xalqaro sheriklikning yangi avlod mexanizmlari ishlab chiqiladigan maydonga aylanmoqda. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

09 May 2026

Qozog‘iston uchun neft tranzitining to‘xtatilishi ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari

Muallif: Mohidil Nizamova, JIDU doktoranti   Qozog‘iston neftining “Do‘stlik” neft quvuri orqali Germaniyadagi Shvedt neftni qayta ishlash zavodi yo‘nalishida tranzitining ehtimoliy to‘xtatilishi faqatgina texnik yo‘nalishning o‘zgarishi emas, balki Yevropaning muhim bozoriga chiqish kanallaridan birining qisqarishini anglatadi. Rossiya infratuzilmasiga mavjud yuqori darajadagi bog‘liqlik hamda sanksiyalar bosimi sharoitida ushbu holat Qozog‘istonning xomashyo eksportiga asoslangan iqtisodiy modelining zaifligini kuchaytiradi va aholiga ijtimoiy hamda iqtisodiy xavflar shaklida ta’sir ko‘rsatadi. Birinchidan, Yevropa Ittifoqiga neft eksporti Qozog‘iston uchun strategik ahamiyatga ega. Mamlakat Yevropa Ittifoqining eng yirik besh neft yetkazib beruvchisi qatoriga kiradi, bunda tranzit asosan Rossiya hududi orqali amalga oshiriladi. Rossiya infratuzilmasidan foydalanish hozirgi sharoitda Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya yo‘nalishidagi “O‘rta yo‘lak”ga nisbatan iqtisodiy jihatdan arzonroq hisoblanadi. Biroq ushbu muqobil yo‘nalish qimmat, quvvat jihatidan cheklangan hamda mintaqaviy beqarorliklarga sezgir hisoblanadi. “Do‘stlik” neft quvuri orqali Germaniyaga neft yetkazib berishning to‘xtatilishi Qozog‘istonning Yevropa bozoridagi harakat imkoniyatlarini kamaytiradi va muqobil yo‘nalishlar yetarli darajada kengaytirilmagan taqdirda eksport tushumlarining qisqarishiga olib kelishi mumkin. Ikkinchidan, Rossiyaga qarshi sanksiyalar Qozog‘iston uchun Yevropa bozorida raqobat va xavflar muhitini shakllantirdi. Bir tomondan, Rossiya eksportiga bosim Qozog‘iston egallashga intilayotgan bozor imkoniyatlarini kengaytiradi; ikkinchi tomondan esa Rossiya infratuzilmasidan foydalanish siyosiy va iqtisodiy bosim vositasiga aylanib bormoqda, jumladan, ayrim tranzit yo‘nalishlarining vaqtincha to‘xtatilishi orqali. Germaniya yo‘nalishining yopilishi investorlar uchun noaniqlikni kuchaytiradi, tranzit xavflarini sug‘urtalash xarajatlarini oshiradi hamda logistika xarajatlarining ortishiga sabab bo‘ladi. Bu esa investitsiyalar hajmining kamayishi, davlat byudjetiga bosimning kuchayishi va natijada ijtimoiy dasturlar, infratuzilma hamda bandlik sohalarini moliyalashtirish imkoniyatlarining cheklanishiga olib kelishi mumkin. Uchinchidan, aholiga ta’sir etuvchi ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar bir nechta kanallar orqali namoyon bo‘ladi. Neft-gaz sektori eksport tushumlari va soliq bazasining muhim qismini shakllantiradi, shuning uchun eksport oqimlarining qisqarishi davlat sektorida ish haqlarini oshirish, ijtimoiy to‘lovlar hamda hududiy rivojlanish dasturlari uchun moliyaviy imkoniyatlarni cheklaydi. Qozog‘iston xom neftni deyarli to‘liq eksport qiladi, shu sababli tashqi bozorlar va narxlar ichki iqtisodiy jarayonlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Tashqi sharoitlar yomonlashgan taqdirda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashuvi, logistika, xizmat ko‘rsatish va qurilish sohalarida bandlikning kamayishi hamda daromadlar bo‘yicha hududiy tafovutlarning kuchayishi ehtimoli mavjud. To‘rtinchidan, ushbu ta’sirlar Qozog‘iston neft sektorini diversifikatsiya qilish jarayonlari tezlashtirilsa, ma’lum darajada yumshatilishi mumkin. Bunda quyidagi yo‘nalishlar muhim hisoblanadi: Kaspiy va Qora dengiz yo‘laklari orqali eksport hajmini kengaytirish (Kaspiy quvurlar konsorsiumi, Boku–Tbilisi–Jeyhan yo‘nalishi), mamlakat ichida neftni qayta ishlash va neft-kimyo sanoatini rivojlantirish, shuningdek, eksportni mintaqaviy bozorlarga (Markaziy Osiyo, Xitoy) yo‘naltirish, Rossiya bilan “ayirboshlash” (svop) mexanizmlaridan foydalanish. Biroq qisqa muddatda hech bir muqobil yo‘nalish Rossiya infratuzilmasini to‘liq almashtira olmaydi. Shu sababli “Do‘stlik” neft quvuri orqali tranzit to‘xtatilgan taqdirda moslashuv davrida yuqori xarajatlar va iqtisodiy xavflar saqlanib qoladi. Yuqoridagi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, Qozog‘iston neftining “Do‘stlik” quvuri orqali tranzitining ehtimoliy to‘xtatilishi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan uning davomiyligi, chuqurligi, muqobil yo‘nalishlarning tezkor ishga tushirilishi hamda davlat siyosatining samaradorligiga bog‘liq holda turlicha ta’sir ko‘rsatadi. Tezkor moslashuv va oqimlarni qayta yo‘naltirish sharoitida ta’sirlar asosan qisqa muddatli logistika va narx o‘zgarishlari bilan cheklanadi. Aksincha, uzoq davom etadigan cheklovlar va diversifikatsiyaning sustligi eksport daromadlarining kamayishi, davlat moliyasiga bosimning kuchayishi hamda ijtimoiy keskinlikning ortishiga olib kelishi mumkin. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

03 May 2026

O‘zbekiston ekologik diplomatiyasining impulsi

2026 yil aprel oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Astanada “Barqaror kelajakning umumiy tasavvuri” shiori ostida o‘tkazilgan Mintaqaviy ekologik sammit hamda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) ta’sischi davlatlari rahbarlari Kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. Ushbu forumlar yakunlari O‘zbekistonning mintaqaviy maydondagi ekologik pozitsiyalanishining mutlaqo yangi darajasini ko‘rsatdi. Dolzarblik shubhasiz bo‘lib, bu umumiy tahdid ko‘lami bilan tasdiqlanadi. Markaziy Osiyoda harorat o‘rtacha sayyoraviy sur’atlarga nisbatan ikki baravar tez oshmoqda, muzliklarning deyarli uchdan biri allaqachon yo‘qolgan, 80 million gektardan ortiq yerlar degradatsiyaga uchragan. Shu fon’da O‘zbekiston quyidagi aniq tashabbuslarni ilgari surdi, ya’ni “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini yaratish, ekotovarlar uchun imtiyozli bojxona rejimlari bilan “Yashil savdo koridori”ni ta’sis etish, iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini shakllantirish, “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni ishlab chiqish, shuningdek 2027 yilda O‘zbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini o‘tkazish. Alohida e’tiborga loyiq jihat shundaki, Prezident Mirziyoyev 2027-2029 yillar uchun OQXJ prezidenti etib rasman saylandi. Bu hayoti Orol dengizi havzasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan millionlab insonlar taqdiri uchun real mas’uliyatdir. Bo‘lajak raislikning ustuvor yo‘nalishlari Jamg‘arma tuzilmasini modernizatsiya qilish, uning dasturlarining samaradorligini baholash mexanizmlarini joriy etish va BMTning Ko‘p hamkorli trast jamg‘armasi platformasi orqali moliyalashtirish vositalarini kengaytirishni o‘z ichiga oladi. Astanada taqdim etilgan yutuqlar o‘lchab bo‘ladigan natijalar bilan mustahkamlangan. Jumladan, suvni tejovchi texnologiyalar O‘zbekistonning sug‘oriladigan yerlarining 60 foizini qamrab oldi, yillik suv tejalishi 10 mlrd. kubometrdan oshdi, “Yashil makon” loyihasi doirasida qariyb bir milliard daraxt ekildi, Parij kelishuvi doirasidagi emissiyalarni qisqartirish majburiyatlari esa muddatidan oldin bajarildi. Umuman olganda, Astanadagi sammit O‘zbekiston ekologik deklaratsiyalarni izchil ravishda aniq siyosiy va texnologik yechimlarga aylantirayotganini yaqqol namoyon etdi. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Sharh

21 Aprel 2026

AQSh federal markazining “boshpana-shaharlar” bilan ziddiyati fonida migratsiya siyosatining qat’iylashtirilishi to‘g‘risida

Muallif: Doston Tuxliyev, JIDU talabasi, IXTI amaliyotchisi   2026-yil aprel oyi boshida AQShning ichki kun tartibi yana migratsiya masalasi atrofida markazlashdi. Ushbu masala D. Tramp ma’muriyati davrida odatiy davlat siyosati yo‘nalishidan ichki siyosiy safarbarlik va muxolifat kayfiyatidagi yurisdiksiyalarga (hududlarga) ma’muriy bosim o‘tkazishning asosiy vositalaridan biriga aylanib ulgurdi. Yangi munozaralar to‘lqiniga AQSh Ichki xavfsizlik vazirligining bayonoti sabab bo‘ldi. Unga ko‘ra, agar mahalliy hokimiyat organlari federal migratsiya tuzilmalari bilan to‘laqonli hamkorlik qilishni rad etishda davom etsa, “boshpana-shaharlar” deb ataluvchi hududlarda joylashgan qator aeroportlarda xalqaro yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish to‘xtatilishi mumkin. Gap faqatgina sohaga oid immigratsiya doirasidan chiqib ketadigan, balki savdo, turizm, investitsiya iqlimi hamda Vashington va mahalliy hokimiyatlar o‘rtasidagi munosabatlar arxitekturasining o‘ziga daxldor bo‘lgan chora haqida bormoqda. Ta’kidlash joizki, 2026-yil mart oyida AQSh Ichki xavfsizlik vaziri etib tayinlangan Markveyn Mallin bunga qadar Oklaxoma shtatidan senator va AQSh Kongressining Vakillar palatasi a’zosi bo‘lib ishlagan. U D. Tramp ma’muriyatining qat’iy migratsiya siyosatini izchil qo‘llab-quvvatlovchilardan biri hisoblanadi hamda chegara va ichki xavfsizlik masalalarida federal nazoratni kuchaytirish tarafdori sifatida tanilgan. Eslatib o‘tamiz, AQShda “boshpana-shaharlar” (sanctuary cities) atamasi mahalliy hokimiyatlari migrantlar haqidagi ma’lumotlarni federal tuzilmalarga uzatishni u yoki bu darajada cheklaydigan, faqatgina immigratsiya xizmatlarining so‘roviga asosan, sud qarorisiz ushlab turilgan shaxslarni hibsda saqlashni rad etadigan yoki umuman olganda federal migratsiya qonunchiligini ijro etishda mahalliy politsiya ishtirokini minimallashtiradigan shahar va okruglarga nisbatan qo‘llaniladi. Aslida, AQSh ma’muriyati “boshpana-shaharlar” bilan qarama-qarshilikni siyosiy-huquqiy tekislikdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri infratuzilmaviy bosim sohasiga o‘tkazishga tayyorligini namoyish etmoqda. Agar ilgari asosiy ta’sir dastaklari sifatida sud da’volari, grantlarni cheklash tahdidlari va ochiq siyosiy tanqidlar ishlagan bo‘lsa, hozirda xalqaro aeroportlardan majburlash vositasi sifatida foydalanish ehtimoli muhokama qilinmoqda. Bunday yurisdiksiyalar ro‘yxatiga mamlakatning Los-Anjeles, Nyu-York, Chikago va San-Fransisko kabi eng yirik urbanizatsiyalashgan markazlari kirishini hisobga olsak, ushbu qadam nafaqat xalqaro qatnovlarni murakkablashtirishi, balki an’anaviy ravishda Amerika iqtisodiyotining tayanch tugunlari rolini o‘ynaydigan shaharlarning ishbilarmonlik faolligiga ham zarba berishi mumkin. Hozirgi eskalatsiyaning tug‘ilish huquqiga ko‘ra fuqarolik berish borasida davom etayotgan bahslar bilan parallel ravishda kechayotgani yuz berayotgan voqealarga alohida ahamiyat bag‘ishlaydi. Aprel oyi boshida AQSh Oliy sudi D. Tramp ma’muriyatining qonuniy doimiy maqomga ega bo‘lmagan ota-onalardan Amerika hududida tug‘ilgan bolalarga avtomatik ravishda fuqarolik berishni cheklashga qaratilgan urinishi bilan bog‘liq ishdagi dalillarni ko‘rib chiqdi. Tinglovlar davomidayoq ko‘plab sudyalar Oq uyning pozitsiyasiga shubha bilan qarashlarini namoyish etdilar, bu esa amaldagi ma’muriyatning qat’iy migratsiya siyosatiga nisbatan jiddiy institutsional qarshilikning kamdan-kam uchraydigan namunasi bo‘ldi. Shunday qilib, AQShdagi migratsiya kun tartibi tobora ijro etuvchi hokimiyat, sud tizimi, shtatlar va munitsipalitetlarning bir vaqtdagi to‘qnashuv maydoniga aylanib bormoqda. Boshqacha aytganda, AQShda migratsiya siyosati atrofidagi hozirgi bahslar bir vaqtning o‘zida bir-biriga bog‘liq uchta yo‘nalish bo‘yicha rivojlanmoqda. Bir tomondan, Oq uy migratsiya ustidan nazorat qilish masalalarida federal markazning vakolatlarini imkon qadar kengaytirishga va mahalliy hokimiyatlarni qat’iy ma’muriy bo‘ysunish mantig‘ida harakat qilishga majburlashga intilmoqda. Ikkinchi tomondan, sud tizimi bunday qadamlar AQSh Konstitutsiyasiga qay darajada mos kelishini va ular prezident vakolatlari doirasidan chiqib ketmayotganligini aniqlashga harakat qilmoqda. Uchinchi tomondan, federal migratsiya tuzilmalari bilan hamkorlikni cheklovchi “boshpana-shaharlar” Vashingtonning mahalliy siyosatni o‘ziga bo‘ysundirish urinishlariga qarshilik ko‘rsatmoqda. Natijada AQShdagi migratsiya masalasi faqatgina chegaralar va noqonuniy migratsiya haqidagi bahs emas, balki federal hokimiyat, sudlar va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasidagi vakolatlar mutanosibligi to‘g‘risidagi yanada kengroq ziddiyatga aylanmoqda. Shu fonda shuni hisobga olish kerakki, “boshpana-shaharlar” atrofidagi ziddiyat nafaqat huquqiy, balki chuqur siyosiy-mafkuraviy xususiyatga ham ega. Respublikachilar ma’muriyati uchun bunday shaharlar federal siyosatga qarshilik ko‘rsatish ramzi, boshqaruvning liberal modeli ifodasi va mahalliy elitalar Vashington suverenitet va milliy xavfsizlik sohasiga taalluqli deb biladigan masalalarda markaziy hokimiyat vakolatlarini qanday qilib cheklashga intilayotganining yorqin misolidir. Aynan shuning uchun ham migratsiya mavzusi Oq uyning ijro etuvchi hokimiyat vertikalini mustahkamlash hamda markazning hatto jiddiy siyosiy va iqtisodiy resurslarga ega bo‘lgan hududlarda ham yagona federal standartlarni o‘rnatish qobiliyatini namoyish etish bo‘yicha kengroq strategiyasiga uzviy ravishda birikib ketmoqda. E’tiborlisi shundaki, bunday yondashuv Amerika federalizmining mohiyatini o‘zgartiradi. Agar ilgari markaz va mahalliy hokimiyatlar o‘rtasida migratsiya masalalari bo‘yicha bahslar ko‘pincha uzoq muddatli yuridik xususiyatga ega bo‘lib, vakolatlar bellashuvi doirasida kechgan bo‘lsa, hozirda ijro etuvchi hokimiyat norozi bo‘lganlarga nisbatan moddiy yo‘qotishlar yaratishga tayyorligini tobora ochiq namoyish etmoqda. Bu ma’noda migratsiya siyosati nafaqat chegaralarni nazorat qilish va chet elliklar maqomi masalasi bo‘lib qolmay, balki siyosiy raqiblarga ma’muriy bosim o‘tkazish vositasiga aylanib bormoqda. Bunday siyosiy kurs migratsiya atrofidagi kurash tobora transport va ma’muriy infratuzilmaning ayrim elementlari falaj holatga kelishi bilan birga kechishi xavfini obyektiv ravishda oshiradi. Oq uyning qat’iyligi ko‘p jihatdan ichki siyosiy hisob-kitoblar mantig‘i bilan tushuntirilishi ham muhim ahamiyatga ega. Migratsiya mavzusi D. Trampning elektoral bazasi uchun eng kuchli safarbar qiluvchi masalalardan biri bo‘lib qolmoqda, shuning uchun har qanday qat’iylashtirish chorasi ma’muriyatning “tartibni o‘rnatish” bo‘yicha o‘z va’dalarini bajarayotganining yaqqol tasdig‘i sifatida ishlatilishi mumkin. Shu bilan birga, eng yirik shaharlar va transport tugunlariga haddan tashqari bosim o‘tkazish AQShning o‘zi uchun ham aniq xavf-xatarlarni keltirib chiqaradi, chunki bu xalqaro aloqalar, turistik oqimlar va Amerika megapolislarining ishbilarmonlik nufuziga zarba beradi. Natijada Oq uy qisqa muddatli siyosiy dividendlar oladi, biroq ayni paytda ichki institutsional beqarorlikning o‘sishi uchun zamin yaratadi. Kengroq ma’noda, yuz berayotgan voqealar hozirgi Amerika migratsiya siyosati borib-borib bevosita noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashning o‘zi bilan cheklanib qolmayotganidan dalolat beradi. Gap migratsiya masalasi orqali mahalliy hokimiyatlar muxtoriyatini zaiflashtirish hisobiga federal markaz pozitsiyalarini kuchaytirib, AQSh siyosiy tizimining o‘zida kuchlar muvozanatini qayta shakllantirishga bo‘lgan urinish haqida bormoqda. Agar bu yo‘nalish saqlanib qolsa, Qo‘shma Shtatlar Oq uy, sudlar va mamlakatning eng yirik shaharlari o‘rtasidagi ziddiyatning yanada chuqurlashish xavfiga duch keladi, migratsiya kun tartibi esa uzil-kesil ichki siyosiy inqirozning asosiy triggerlaridan (qo‘zg‘atuvchilaridan) biriga aylanadi. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.