Rovshan Alimov

Tarjimai hol

Alimov Rovshan Mirzamuradovich — siyosiy fanlar doktori, professor, O‘zbekistonning xalqaro munosabatlar va strategik tadqiqotlar sohasidagi yetakchi mutaxassislaridan biri.

R.Alimov turli yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat va ilmiy-tahliliy tuzilmalarida, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi apparatida mas’ul lavozimlarda ishlagan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi ekspert kengashi raisi bo‘lgan.

2019-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi Doimiy vakolatxonasida maslahatchi-elchi bo‘lib ishlagan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Pokiston Islom Respublikasidagi Elchixonasida siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchi lavozimida faoliyat yuritgan.

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiyaning Diplomatik kadrlarni qayta tayyorlash kafedrasi mudiri va Istiqbolli Xalqaro Tadqiqotlar Institutining Afg’oniston va Janubiy Osiyo markazining rahbari lavozimida ishlab kelmoqda.

Rovshan Alimov 3 ta monografiya, 10 dan ortiq ilmiy kitob va o‘quv qo‘llanmalari, shuningdek respublika va xorijiy nashrlarda chop etilgan 70 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi.