Tahliliy nashrlar

outputs_in

Tahliliy nashrlar

22 Iyun 2026

«C5+1» va muhim minerallar: AQSHning Markaziy Osiyodagi hamkorlik strategiyasi

Nasiba Ergashovaning Ulug‘bek Ishonxojayev rahbarligida tayyorlagan maqolasida Markaziy Osiyoning muhim minerallar uchun global poygadagi o‘rni ortib borayotgani va «C5+1» formati AQSHning mintaqa bilan hamkorligi uchun qanday qilib asosiy platformaga aylangani tahlil qilinadi. Maqolada uran, mis, litiy, volfram, nodir yer elementlari va surma kabi minerallar endilikda shunchaki iqtisodiy resurslar emas, balki toza energetika, mudofaa texnologiyalari, yarimo‘tkazgichlar hamda ta’minot zanjirlari xavfsizligi bilan bog‘liq strategik aktivlar ekani ko‘rsatib o‘tilgan. Maqolada ta’kidlanishicha, 2022-yildan boshlab AQSHning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati asosan xavfsizlik masalalariga qaratilgan kun tartibidan resurs diplomatiyasi va ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish tomon o‘zgargan. Muhim minerallar bo‘yicha «C5+1» muloqotining yo‘lga qo‘yilishi, Qozog‘iston va O‘zbekistonning Mineral resurslar xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik forumiga jalb etilishi, shuningdek, so‘nggi investitsiya mexanizmlari Vashingtonning mintaqaning mineral salohiyatiga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, maqolada AQSH hamkorligi jiddiy tizimli cheklovlarga duch kelayotgani qayd etilgan. Xitoy muhim minerallarni qayta ishlash va boyitish sohasida allaqachon ustun mavqega ega bo‘lib ulgurgan, Markaziy Osiyoning geografik joylashuvi, infratuzilmaning cheklangani, boshqaruv bilan bog‘liq xatarlar va sarmoyaviy to‘siqlar esa G‘arbning keng ko‘lamli ishtirokini qiyinlashtirmoqda. Muallifning fikricha, agar diplomatik yutuqlar moliyalashtirish, qayta ishlash quvvatlarini yaratish, geologik qidiruv va investitsiyalarni himoya qilishning yanada ishonchli mexanizmlari bilan mustahkamlanmasa, ularning o‘zi kifoya qilmaydi. Umuman olganda, maqolada Markaziy Osiyo AQSH va Xitoy o‘rtasidagi geo-iqtisodiy raqobatning tobora muhim maydoni sifatida ko‘rsatilgan. Unda Vashington mintaqaning tog‘-kon sanoatida o‘zining barqaror ishtirokini ta’minlamoqchi bo‘lsa, «C5+1» tashabbuslarini aniq loyihalar, uzoq muddatli sarmoyalar va ta’minot zanjirlari bo‘yicha ishonchli hamkorlikka aylantirgan holda muloqotdan amaliy ijroga o‘tishi zarurligi xulosa qilinadi. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

21 Iyun 2026

Tolibon gidrosiyosati: suv omili Afg‘oniston–Pokiston munosabatlarini qayta shakllantirmoqda

Afg‘oniston Janubiy Osiyoning suv geografiyasida yetakchi o‘rinni egallaydi. Hindukush tog‘larining muzliklari va qor maydonlari sharqqa - Pokiston tomon oqadigan daryo tizimlarini to‘ldiradi, bu esa Afg‘onistonni mintaqaviy gidrologiyaning asosiy ishtirokchisiga aylantiradi. Iqtisodiy zaifligiga va xalqaro izolyatsiyasiga qaramasdan, Tolibon hukumati Pokiston muqobil manbalar orqali almashtira olmaydigan daryolarning yuqori oqimlarini nazorat qiladi. Hokimiyatga kelganidan beri Tolibon hukumati yuqori oqim daryolari ustidan nazoratni tobora ko‘proq mamlakatni rivojlantirish vositasi sifatidagina emas, balki siyosiy richag, suverenitetni tasdiqlash va an'anaviy diplomatik yoki iqtisodiy vositalar mavjud bo‘lmaganda Pokistonga bosim o‘tkazish usuli sifatida ko‘rib chiqmoqda. Birinchidan, vaziyatni murakkablashtiruvchi omil shundaki, na Afg‘oniston, na Pokiston 1997 yilgi BMTning xalqaro suv yo‘llaridan suv transporti bilan bog‘liq bo‘lmagan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi Konventsiyasini ratifikatsiya qilmagan. Ikki mamlakat hech qachon suv resurslarini taqsimlash bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma ham tuzgani yo‘q, bu esa hamkorlikning institutsional asosini yanada zaiflashtirib qo‘yadi. Vaziyatni yanada murakkablashtiruvchi holat shundaki, suv resurslarini taqsimlash bo‘yicha har qanday rasmiy kelishuv amalda Dyurand chizig‘ini qonuniy xalqaro chegara sifatida tan olishni anglatadi - bu esa Tolibon davrida yanada kuchaygan Afg‘onistonning uzoq yillik siyosiy yo‘nalishiga ziddir. Ikkinchidan, Tolibonning 2025 yilda Kunar daryosida to‘g‘on qurilishi haqida - ochiqchasiga Pokistonning bosimiga javoban e'lon qilingan - bayonoti suvning yashirin tahdiddan faol ikki tomonlama qarama-qarshilik elementiga aylanganidan darak beradi. Pokiston Kobul daryosida quyi oqim davlati bo‘lsa-da, hozirda u foydalanishga yaroqli suvning katta qismini iste'mol qilmoqda - bu asosan Afg‘onistonning yuqori oqimda infratuzilma rivojlantirish imkoniyatidan uzoq vaqt mahrum bo‘lganligidan kelib chiqadi. Bu muvozanat Afg‘oniston 1 177 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan 12 ta to‘g‘on qurilishini ilgari surishi bilan tobora noziklashib bormoqda. Bu esa Pokistonga yillik suv oqimini taxminan 3,7 milliard kubometrga (16–17%) kamaytirishi mumkin va suv xavfsizligi, oziq-ovqat xavfsizligi hamda iqtisodiy barqarorlik uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Afg‘oniston Kobul daryosi suvlaridan asosan qirg‘oq bo‘ylab joylashgan aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida foydalanadi. Pokiston esa bu suvlarni keng ko‘lamli strategik maqsadlarga yo‘naltiradi: qishloq xo‘jaligini sug‘orish, Varsak va Mohmand to‘g‘onlari kabi obyektlarda gidroenergetika ishlab chiqarish, hamda Kobul daryo tizimiga bog‘liq taxminan 20 million kishini ichimlik suvi bilan ta'minlash. Tolibon vakillari o‘z harakatlarining strategik mantiqini ochiq ifoda etdilar, ayrim ekspertlar esa bu holatni, suvni Pokistonning Afg‘oniston ichki ishlariga aralashuviga javoban mavjud bo‘lgan “yagona harbiy bo‘lmagan qurol” sifatida ta’rifladilar. Suv infratuzilmasi endi faqat suv mustaqilligiga erishish vositasi sifatida emas, balki faol ikki tomonlama qarama-qarshilik sharoitida majburlov diplomatiyasining quroli sifatida ham ko‘rilmoqda. Biroq muhim bir cheklovni ta'kidlash zarur. Afg‘onistonning moliyaviy resurslari cheklangan, texnik salohiyati o‘n yillar davom etgan mojarolar tufayli zaiflashgan, va Tolibon nazorati ostida ishlashga tayyor xorijiy pudratchilar juda oz. To‘g‘on qurilishi haqidagi siyosiy signal hozircha joylardagi haqiqiy muhandislik imkoniyatlaridan ancha o‘zib ketmoqda. Uchinchidan, Hindistonning Afg‘oniston gidroenergetikasiga tobora chuqur kirib borishi ikki tomonlama nizoni uchburchak geosiyosiy qarama-qarshilikka aylantirdi. Salma to‘g‘oni - o‘n minglab gektarlarni sug‘oruvchi va Hirot viloyati aholisini suv bilan ta'minlovchi - va Kobul daryosining irmoqlaridan birida rejalashtirilgan Shahtut to‘g‘oni Hindistonning Afg‘oniston suv sektoridagi infratuzilma ta'sirini yanada kuchaytiradi. Bu loyihalardan tashqari, Hindiston jami taxminan $1 milliardinvestitsiya kiritishga majburiyat olgani haqida xabarlar bor, bu esa Kobulning cheklangan moliyaviy imkoniyatlari sharoitida to‘g‘on qurilishining yo‘nalishi va sur'atiga hal qiluvchi ta'sir ko‘rsatmoqda. Pokiston, o‘z navbatida, buni neytral yordam sifatida emas, balki Hindistonning janubiy Panjob, Sind va Balujiston qishloq xo‘jaligi bazasini ikki tomondan "gidravlik siqish" strategiyasi sifatida ko‘rmoqda. Sababi shundaki, 2025-yil may oyida Hindiston Indus suvlari shartnomasini to‘xtatib qo‘yib, Pokistonning sharqiy qismidagi suv xavfsizligini xavf ostiga qo‘ydi, Afg‘onistonda Hindiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan to‘g‘on qurilishi esa g‘arbdan bosim o‘tkazmoqda. To‘rtinchidan, nizoning dinamikasi Afg‘oniston uchun o‘ziga xos o‘z-o‘zini yo‘q qiluvchi xarakter namoyon etadi. Kuchayib borayotgan keskinlikka qaramasdan, Afg‘oniston asosiy oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishda Pokistonga strukturaviy jihatdan qaram bo‘lib qolmoqda: Pokistondan asosiy importning deyarli 80%ini bug‘doy, un va guruch tashkil etadi. Bu o‘zaro bog‘liqlik bir qarama-qarshilik yaratadi: Afg‘onistonning Pokiston qishloq xo‘jaligini zaiflashtirishga qaratilgan suv oqimlarini cheklash bo‘yicha har qanday urinishi, ehtimol, o‘z iqtisodiyoti uchun tezkor salbiy oqibatlarga olib keladi. Pokistonning qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining pasayishi oziq-ovqat narxlarini oshirishga olib keladi, bu esa import qilinadigan asosiy tovarlarga bog‘liqligi tufayli afg‘on bozorlariga bevosita ta'sir qiladi. Shu ma'noda, ikkala davlat ham bir xil daryo tizimining iqtisodiy "garovlaridur" va majburiy strategiyalar bir tomonlama ustunlik emas, balki o‘zaro zaiflikni keltirib chiqarish xavfini tug‘diradi. Binobarin, suvdan qurol sifatida foydalanish sezilarli o‘z-o‘zini yo‘q qiluvchi xarajatlarsiz samarali amalga oshirilishi mumkin emas. Beshinchidan, nizo mavjud suv resurslarining umumiy hajmini asta-sekin qisqartiruvchi iqlim o‘zgarishining kuchayib borayotgan ta'siri bilan yanada murakkablashmoqda. BMT Taraqqiyot dasturining ma'lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Afg‘oniston iqlim o‘zgarishiga eng zaif mamlakatlar orasida oltinchi, tabiiy ofatlarning umumiy xavfi bo‘yicha esa to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Bu iqlimiy o‘zgarishlar Kobul daryo tizimining asosiy manbalari bo‘lgan Hindukush muzliklarining tezlashgan erishi bilan yanada kuchaymoqda. Natijada, aholi o‘sishi va qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari tufayli talab o‘sishda davom etayotganiga qaramasdan, mavjud suvning umumiy hajmi kamayib bormoqda. Shu sababli, hatto yuqori oqimdagi kichik aralashuvlar ham ortib boruvchi siyosiy sezgirlikka ega, chunki ular tobora ko‘proq tanqislik va ekzistensial xavf prizmasida ko‘rilmoqda. Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi suv munosabatlari tobora ko‘proq strukturaviy nomutanosiblik, zaif huquqiy asos va kuchayib borayotgan geosiyosiy raqobat bilan belgilanmoqda. Bir paytlar texnik masala bo‘lgan narsa infratuzilma, tashqi ishtirok va strategik paradigmalar ta'sirida siyosiy jihatdan sezgir soha bo‘lib qoldi. Kuchayib borayotgan keskinlikka qaramasdan, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik va Afg‘onistonning ichki cheklovlari barqaror bir tomonlama bosimni jilovlab turadi. Natijada, suv nizolari siyosiy keskinlikni kuchaytirishi va episodik inqirozlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lsa-da, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurolli mojaroga aylanishi ehtimoldan uzoqdir. Aksincha, suv mavjud ishonchsizlik va mintaqaviy raqobatni kuchaytiruvchi katalizator vazifasini bajaradi, o‘zaro zaiflik esa eskalatsiya narxini oshiradi - bu esa ikki tomonni ham, hech bo‘lmaganda uzoq muddatda, ochiq qarama-qarshilik emas, balki murosali boshqaruv sari undaydi. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

21 Iyun 2026

Afg‘onistonning shimolga yuzlanishi: Tolibon uchun yangi mintaqaviy geosiyosat

Kirish Rossiya va Afg‘oniston Toliboni o‘rtasidagi xavfsizlik sohasidagi hamkorlik shunchaki bu borada o‘zaro anglashuvga erishilganining timsoli emas. Biroq, ushbu kelishuvning Rossiya uchun ham, Tolibon hukumati uchun ham haqiqiy ahamiyatini voqeaning vaqti va sharoitlarini tahlil qilish orqali tushunish mumkin. Garchi Moskva Tolibon bilan bosqichma-bosqich ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirayotgan bo‘lsa-da, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni bu aloqalarning eng yuqori nuqtasi deb hisoblash mumkin.  Shu bilan birga, Afg‘oniston o‘z hududi orqali yo‘nalishlar taklif etib, Rossiyaning Janubiy Osiyodagi energiyaga talabgor bozorlarga chiqish istagini kuchaytirishga qodir. Afg‘oniston uchun esa, Pokiston tomonidan harbiy tahdid doimiy ravishda kuchayib borayotgan bir sharoitda, harbiy-texnik hamkorlik eng muhim mavzu bo‘lib ko‘rinadi. Bundan tashqari, Kobulning Rossiya tomon "yurishi" oddiy bir xavfsizlik kelishuvidan ko‘ra ko‘proq narsani anglatganga o‘xshaydi. Chunki mamlakat Pokiston va jahon hamjamiyati tomonidan kuchayib borayotgan bosim ostida qolgan bir paytda, Rossiyaning o‘zi va Moskvaga do‘st bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlaydi. Kelishuvning mazmuni Yaqinda, 2025-yil 27-may kuni bo‘lib o‘tgan Moskva xavfsizlik anjumani doirasida Rossiya va “Tolibon” “harbiy-texnik hamkorlik” to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Imzolangan hujjatning tafsilotlari oshkor etilmagan bo‘lsa-da, turli platformalarda ushbu kelishuvning asl mohiyati haqida taxminlar tarqaldi. Masalan, “Afghanistan International” nashri “Rossiyaning Afg‘onistondagi savdo markazi rahbari Tatariston kompaniyalari Tolibon foydalanayotgan harbiy texnikani ta’mirlashi va modernizatsiya qilishi mumkinligini aytganini” xabar qildi. Kelishuv Rossiya va Tolibon hukumati o‘rtasida qurol-yarog‘, harbiy texnologiyalar, litsenziyalar va qo‘shma ishlanmalar bo‘yicha keng ko‘lamli hamkorlikni qamrab oladi. Shuningdek, Tolibonning Rossiya harbiy texnikasi va qurol-yarog‘ tizimlaridan foydalanish imkoniyati masalasi ham muhokama qilindi. Harbiy texnikadan tashqari, 2025-yil may oyida Rossiya “Tolibon” hukumatini rasman tan olgach, Moskva “Tolibon” bilan xavfsizlik, siyosat, iqtisodiyot va madaniyat sohalarida hamkorlikni kengaytirish majburiyatini oldi. Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu ushbu anjumandan foydalanib, G‘arb davlatlarini Afg‘oniston hukumatining xorijiy banklarda saqlanayotgan aktivlarini muzdan chiqarishga chaqirdi va Rossiyani G‘arbning Afg‘onistonga nisbatan siyosatiga qarshi turuvchi kuch sifatida ko‘rsatdi. Aftidan, ushbu uchrashuv 2026-yil 14-may kuni Qirg‘izistonda xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan mintaqaviy yig‘ilishda boshlangan ishlarning davomi bo‘ldi. O‘shanda janob Shoygu Rossiya va “Tolibon” o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan munosabatlarni “pragmatik muloqot” va “to‘laqonli sheriklik” deya ta’riflab, xavfsizlik sohasidagi umumiy muammolarni qayd etgan edi. “Tolibon”ning anjumandagi ishtiroki o‘ta nozik bir pallaga to‘g‘ri keldi: 2026-yil boshidagi Pokiston zarbalari “Tolibon”ning harbiy infratuzilmasining katta qismini, jumladan, 2021-yilda meros bo‘lib qolgan NATO standartlaridagi o‘q-dorilarni yo‘q qilgan edi. Natijada “Tolibon”ning o‘q-dori zaxiralari sezilarli darajada kamayib ketdi va Kobulning mudofaa budjeti surunkali tanqislik holatida qolayotgani xabar qilindi. Biroq, Moskvaning o‘z va’dalarini bajara olmasligi bilan bog‘liq ancha boy tarixni hisobga olsak, “Rossiya qog‘ozda va’da qilgan narsasini bajara oladimi?” degan keskin savol tug‘ilishi mumkin. Bir tomondan, Ukrainadagi cho‘zilib ketgan urush Rossiyaning mamlakat g‘arbiy chegarasidagi harbiy-sanoat majmuasini band qilib qo‘ydi va pirovardida uning tashqi bozorlar uchun mo‘ljallangan mudofaa texnikasini yetarli miqdorda ishlab chiqarish qobiliyatini zaiflashtirdi. Boshqa tomondan, Rossiya iqtisodiyotiga qarshi G‘arbning misli ko‘rilmagan darajadagi keng qamrovli sanksiyalari ham mamlakatning tashqi bozorlarga harbiy texnika yetkazib berish qobiliyatiga ulkan ta’sir ko‘rsatdi; Rossiya taqdim etishi mumkin bo‘lgan uskunalarga qaramlikni kuchaytirishga jur’at etganlarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar siyosatining ehtimoliy ta’sirini esa gapirmasa ham bo‘ladi. Rossiya uchun ushbu kelishuv Moskvaning Tolibon hukumati bilan ko‘p qirrali munosabatlar o‘rnatish bo‘yicha kengroq konsepsiyasining eng muhim tayanchlaridan biriga aylanishi mumkin. Rossiya uzoq vaqtdan beri Kobul bilan nisbatan iliq siyosiy-diplomatik munosabatlarni hamda yaxshi iqtisodiy aloqalarni saqlab kelmoqda. Tabiiyki, “Tolibon” bilan xavfsizlik sohasidagi, jumladan, harbiy-texnik hamkorlikka oid munosabatlar ushbu keng qamrovli aloqalar me’morchiligining asosiy jihati sifatida qaraladi. Bundan tashqari, Moskva bilan yaxshi aloqalar o‘rnatishga kuchli intilayotgan Afg‘oniston, Rossiyaning Afg‘oniston orqali Janubiy Osiyoning kengroq energiya bozoriga chiqish istagini ro‘yobga chiqarish uchun ham muhim jug‘rofiy makonga aylanishi mumkin. Shu munosabat bilan Rossiya uchun ochiq-oydin murosa yuzaga kelishi mumkin. Rossiyaliklar bir tomondan, “Tolibon”ning har qanday xorijiy harbiy tajovuzga qarshi turish qobiliyatini – hozircha hech bo‘lmaganda qog‘ozda – mustahkamlashda yetakchi rol o‘ynash, ikkinchi tomondan, Pokiston o‘z hududi orqali Rossiya energiya resurslarini Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlariga eksport qilishga ruxsat berishini kutish o‘rtasidagi muvozanatni topishlari kerak bo‘ladi. Binobarin, Islomobod Rossiyaning Janubiy Osiyoda yangi energetika bozorini o‘zlashtirishga bo‘lgan intilishini sekinlashtirishi yoki hatto to‘sib qo‘yishi ham mumkin. Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ziddiyat – Afg‘onistonning “shimoliy yo‘nalish diplomatiyasi” uchun turtki Islomobodning Afg‘onistonga nisbatan diplomatik va siyosiy bosimlar uyg‘unligidan iborat strategiyasi tubdan o‘zgarayotganga o‘xshaydi. Yaqin-yaqingacha Pokiston Afg‘onistonga oid bir qator asosiy masalalarni hal qilishda diplomatiyani afzal ko‘rardi, garchi bu muammolar Islomobod uchun fundamental ahamiyatga ega bo‘lsa ham. Bunday muammolar qatoriga terrorizm va ekstremizm, ayirmachilik, chegara masalalari, qochqinlar hamda savdo va transport aloqalari kabi boshqa sohalar kirardi.  Biroq 2025-yil oktyabr oyidan boshlab, Pokiston qurolli kuchlari “Xaybar bo‘roni” deb nomlangan operatsiyani boshlab, Afg‘onistonning chegara viloyatlaridagi terrorchilarning taxminiy tayanch nuqtalarini shiddatli bombardimon qilgach, vaziyat o‘zgara boshladi.  O‘sha oktyabr oyidagi Afg‘onistonga qilingan hujumning g‘ayrioddiy tabiati, ehtimol, Islomobodning davom etayotgan diplomatik sa’y-harakatlar samarasidan ochiqdan-ochiq hafsalasi pir bo‘lgani bilan izohlanadi. Bu sa’y-harakatlar “Tolibon” rahbariyati bilan bir qator masalalarni, eng asosiysi, “TTP”ning Afg‘oniston hududidan Pokistonga keyingi hujumlarni amalga oshirish uchun boshpana va tayanch sifatida foydalanishining oldini olish bo‘yicha bir necha davra muzokaralar bilan kechgan edi. Natijada Pokiston qurolli kuchlari vaziyatni o‘z qo‘liga oldi, chunki Islomoboddagi hukumat “Tolibon” bilan “foydasiz” muzokaralarni davom ettirishga chek qo‘yganga o‘xshaydi. Shu tariqa, hozirgi kunda Pokiston harbiy yechim oldinga siljishning yagona yo‘li ekanligiga qat’iy ishonch hosil qilgan ko‘rinadi. Aytishlaricha, 2025-yil may oyida Hindiston va Pokiston o‘rtasida yuz bergan qisqa muddatli harbiy to‘qnashuv Pokistonni sezilarli darajada ruhlantirib, uni qo‘shnilari, xususan, Afg‘oniston bilan yuzaga keladigan eng o‘tkir xavfsizlik muammolarini hal qilish uchun vaqti-vaqti bilan harbiy vositalarga murojaat qilishga undagan. Hindiston bilan havo janglari tajribasi Pokiston qurolli kuchlari uchun kelajakda chegara nizolari va “TTP” bilan bog‘liq muammolar kabi dolzarb masalalarda sezilarli yon berishlarga erishish maqsadida “TTP”ga maksimal bosim o‘tkazish strategiyasidan yanada foydalanish uchun salmoqli pretsedent yaratgan bo‘lishi mumkin. Natijada, voqealarning bu yo‘nalishda rivojlanishi “Tolibon” hukumatini diplomatiyada yanada faollashishga, ayni paytda Moskva kabi muqobil xavfsizlik kafolati bilan rivojlanayotgan strategik ittifoq izlashga yana ham ko‘proq undagan ko‘rinadi. Xitoy-Rossiya kelishmovchiligi Mazkur vaziyatda Xitoyning rolini sinchiklab o‘rganmasdan turib, Rossiya va “Tolibon” o‘rtasidagi kelishuvni tahlil qilib bo‘lmaydi. Bir qarashda, so‘nggi bir necha o‘n yillikda Xitoy va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar har ikki tomon ta’kidlaganidek, “har qanday ob-havoga chidamli strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarildi. Hozirgi kunda xavfsizlik bu hamkorlikning markazida turibdi, chunki Pokistonning harbiy xaridlarining qariyb 80 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Xitoyning qo‘shnilar bilan munosabatlarda Islomobodning xavfsizlik masalalariga oid pozitsiyasiga kelsak, Xitoy deyarli faqat (ochiq ham, yashirin ham) Pokiston tarafida turadi. Pekin 2025-yil may oyidagi Hindiston-Pokiston to‘qnashuvi chog‘ida Pokistonni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlab, Islomobodga kuchli diplomatik yordam ko‘rsatgan va, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, tezkor razvedka axborotini taqdim etgan. Garchi Xitoy Islomobodning Afg‘onistondagi chuqur ildiz otgan xavfsizlik va geosiyosiy manfaatlarini juda aniq tan olganga o‘xshasa-da, Pekin mamlakatdagi o‘zining iqtisodiy va mudofaa manfaatlari muvozanati masalasida ham o‘ta ehtiyotkor. Xitoy va Pokiston o‘rtasidagi “buzilmas” munosabatlar Kobul uchun o‘ta tajovuzkor Pokistonga qarshi muvozanat yaratish maqsadida Moskvaga murojaat qilishdan boshqa ko‘p ham imkoniyat qoldirmaydi. Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar qanchalik keskinlashib, qurolli mojaroga aylanib borsa, Xitoy va Rossiya o‘z xohishlariga zid ravishda Osiyo mintaqasida raqobatga kirishishga shunchalik majbur bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Moskvaning “Tolibon” bilan birdamligi va uning xavfsizlik salohiyatini mustahkamlashga tayyorligi uzoq muddatli istiqbolda uning iqtisodiy manfaatlariga ta’sir qilishi mumkin, chunki Islomobod o‘z hududidan Rossiya energiya resurslarini Janubiy Osiyo bozorlariga tashish yo‘lagi sifatida foydalanishni deyarli to‘xtatib qo‘yishi ehtimoli bor. Shu bilan birga, Xitoy Pokistonni istisnosiz qo‘llab-quvvatlayotgani tufayli Afg‘onistonda ma’lum iqtisodiy yo‘qotishlarga tayyor turishi kerak. Zero, Pekin Afg‘onistonda foydali qazilmalarni, jumladan, litiy va mis qazib olish bo‘yicha allaqachon bir qancha shartnomalar tuzib bo‘lgan. Xulosa Rossiya va “Tolibon” o‘rtasidagi xavfsizlik kelishuvi har ikki tomon uchun ham o‘z vaqtida tuzilgan muhim bitimdek ko‘rinmoqda. Kobuldagi “Tolibon” hukumati ham Rossiyaga kam muhtoj emas, aksincha, Kobul Rossiya va unga do‘st bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari tomon bosqichma-bosqich yuz burish imkoniyatidan tobora faolroq foydalanishga urinmoqda. Afg‘onistonning umidlari nuqtayi nazaridan, Rossiya ta’minlashi mumkin bo‘lgan juda zarur “xavfsizlik soyaboni” nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi, chunki Kobulning Pokistonga nisbatan kuchayib borayotgan adovati Afg‘onistondagi “Tolibon” hukumatining mavjudligiga tahdid solishi mumkin. Bu tub qayta yo‘nalishga Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi ancha taranglashgan munosabatlar sabab bo‘layotganga o‘xshaydi. Biroq, Rossiyaning bu manevri Moskva uchun kutilmagan oqibatlarga olib kelishi ham mumkin, chunki Islomobod Rossiyaning Afg‘oniston va Pokiston orqali Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlariga energiya resurslarini eksport qilishga bo‘lgan intilishlariga to‘sqinlik qilishi ehtimoli bor. Ushbu o‘ta muhim pallada Rossiya ham, Afg‘oniston ham qaltis yo‘ldan borayotgandek, negaki yangi shakllanayotgan bu ittifoqlar natijasida har bir tomonning yo‘qotadigan narsasi bor. Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi beixtiyor raqobat kengroq bir fonda yuzaga kelmoqda: ayni paytda Afg‘oniston barcha yirik davlatlar uchun strategik ahamiyatga ega hududga aylanmoqda. Rossiya Afg‘oniston hududini energetika yo‘lagi deb bilsa, Xitoy uni o‘zlashtirilmagan noyob yer minerallari zaxiralari uchun qadrlaydi. Uzoq vaqt davomida yechilishi kerak bo‘lgan muammo sifatida qaralgan Afg‘oniston, sezdirmay barcha yirik davlatlar intilishlarining markaziga aylanib bormoqda. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtainazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

21 Iyun 2026

“Yashil” sanoatlashtirish – chaqiruv va imkoniyat sifatida: uglerod proteksionizmining O‘zbekiston eksporti uchun xatarlari

Hammuallif: Oygul Yo‘ldosheva   So‘nggi o‘n yillik mobaynida yashil industrializatsiya zamonaviy iqtisodiyotning asosiy tendensiyalaridan biriga aylandi. Ushbu tushuncha davlatlarning po‘lat, o‘g‘it, sement va elektr energiyasi ishlab chiqarish kabi asosiy sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda iqtisodiy o‘sishni saqlab qolgan holda karbonat angidrid (CO₂) chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan jarayonni anglatadi. Amaliy jihatdan bu ko‘mir va tabiiy gazga asoslangan korxonalarni quyosh va shamol energiyasi kabi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi obyektlar bilan almashtirishni, energiya samaradorligini oshirishni hamda uglerod izi nisbatan past bo‘lgan ishlab chiqarish texnologiyalariga o‘tishni nazarda tutadi. Ushbu jarayonning pirovard maqsadi iqtisodiy rivojlanishni atrof-muhit va iqlim barqarorligiga zarar yetkazmagan holda ta’minlashdan iboratdir. Mazkur global transformatsiya 2026-yil 1-yanvardan boshlab yanada muhim ahamiyat kasb etdi, chunki shu sanadan e’tiboran Yevropa Ittifoqi Uglerod chegaraviy moslashtirish mexanizmini (Carbon Border Adjustment Mechanism – CBAM) to‘liq joriy etdi. Ushbu mexanizm – CBAM –  ekologik standartlarni xalqaro savdo munosabatlari va bozorga kirish shartlari bilan bevosita bog‘lovchi yangi avlod savdo-siyosiy instrumenti hisoblanadi. CBAM talablariga muvofiq, Yevropa Ittifoqiga (YI) uglerod intensivligi yuqori bo‘lgan ayrim mahsulotlarni eksport qiluvchi korxonalar, ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelgan CO₂ emissiyalari hajmiga mos miqdordagi CBAM sertifikatlarini xarid qilishi lozim. Mexanizm po‘lat, alyuminiy, sement, mineral o‘g‘itlar, vodorod hamda elektr energiyasi kabi mahsulotlarni qamrab oladi. Mazkur tarmoqlar jahon sanoat emissiyalarining salmoqli qismini shakllantiradi. Jumladan, qora metallurgiya sanoati global issiqxona gazlari emissiyalarining 7–9 foizini, sement sanoati qariyb 8 foizini, alyuminiy ishlab chiqarish 2–3 foizini, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish 2–3 foizini, hamda vodorod ishlab chiqarish taxminan 2–2,5 foizini tashkil etadi. Energetika sektori esa dunyo bo‘yicha CO₂ emissiyalarining qariyb 25 foiziga to‘g‘ri keladi. Mazkur mexanizmning asosiy maqsadi YI dan tashqaridagi ishlab chiqaruvchilar uchun ham uglerod emissiyalari bilan bog‘liq xarajatlarni, YIning Emissiyalar savdosi tizimi (Emissions Trading System – ETS) doirasida faoliyat yuritayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilar zimmasidagi uglerod xarajatlari bilan tenglashtirishdan iborat. Shu orqali “uglerod oqimi” (carbon leakage) xavfini kamaytirish, ya’ni global miqyosda kam uglerodli ishlab chiqarishga o‘tishni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan. Biroq ko‘plab rivojlanayotgan davlatlar mazkur mexanizmga boshqacha yondashadilar. Ularning fikricha, CBAM “uglerod proteksionizmi”ning bir shakli bo‘lib, ekologik mezonlardan eksport qiluvchi mamlakatlar uchun raqobat sharoitlarini murakkablashtiruvchi savdo to‘sig‘i sifatida foydalanadi. Ayniqsa, iqtisodiyoti qazib olinadigan yoqilg‘i resurslariga tayanadigan va moliyaviy hamda texnologik imkoniyatlari cheklangan davlatlar uchun ushbu mexanizm qo‘shimcha qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Natijada, bunday mamlakatlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar YI bozoriga kirishda qo‘shimcha uglerod xarajatlariga duch kelmoqda. Bu esa muhim savolni o‘rtaga qo‘yadi: CBAM bugungi kunda rivojlanayotgan va nisbatan kam daromadli davlatlarni aynan hozirgi rivojlangan mamlakatlar bir asrdan ortiq vaqt davomida bosib o‘tgan sanoatlashtirish yo‘li uchun bilvosita “jazolamayaptimi”? Boshqacha aytganda, ushbu mexanizm global iqlim maqsadlariga xizmat qilish bilan bir qatorda, mamlakatlarning rivojlanish imkoniyatlari va tarixiy mas’uliyati o‘rtasidagi muvozanat masalasiga ham ta’sir qiladi. Po‘lat, alyuminiy, o‘g‘itlar va gazni qayta ishlash mahsulotlarini Yevropa bozorlariga eksport qiluvchi hamda jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega O‘zbekiston uchun CBAM bir vaqtning o‘zida ham jiddiy sinov, ham strategik imkoniyat hisoblanadi. Bir tomondan, mamlakat sanoat sektori hanuzgacha uglerod intensivligi yuqori bo‘lgan energiya manbalariga sezilarli darajada tayanadi. Bu esa CBAM doirasidagi qo‘shimcha xarajatlarning ortishiga va Yevropa bozorlarida O‘zbekiston eksport mahsulotlari raqobatbardoshligining pasayishiga olib kelishi mumkin. Boshqa tomondan, O‘zbekiston quyosh va shamol energetikasi bo‘yicha ulkan salohiyatga ega bo‘lib, Markaziy Osiyodagi eng yirik va istiqbolli qayta tiklanuvchi energiya dasturlaridan birini amalga oshirishni boshlagan. Mazkur yo‘nalish sanoat tarmoqlarini ham qamrab olgan taqdirda, mamlakatning CBAM bilan bog‘liq xatarlarini kamaytirish, xalqaro investitsiyalarni jalb etish hamda past uglerodli mahsulotlar uchun mo‘ljallangan yuqori qiymatli bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Yevropa Ittifoqining CBAM mexanizmi sharoitida O‘zbekiston eksporti uchun mavjud xatarlar Yevropa Ittifoqining CBAM mexanizmi oltita mahsulot toifasini qamrab oladi: sement, qora metallar, alyuminiy, o‘g‘itlar, elektr energiyasi va vodorod. Aynan ushbu tarmoqlarda O‘zbekiston muayyan eksport salohiyatini shakllantirgan. O‘zbekistonning 2024-yildagi tashqi savdo ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilinayotgan CBAM qamrovidagi mahsulotlarning asosiy qismini o‘g‘itlar, qora metallar va alyuminiy tashkil etadi. Mazkur mahsulotlarning asosiy eksporti Latviya, Litva, Ruminiya, Germaniya va Bolgariya bozorlariga to‘g‘i keladi.   Mahsulot Yevropa Ittifoqiga a’zo import qiluvchi mamlakatlar va ularga eksport qiymati (ming AQSH dollari) O‘g‘itlar Latviya – 46 224 | Ruminiya – 22 778 | Litva – 16 960 Temir va po‘lat mahsulotlari Latviya – 4 713 | Litva – 2 794 | Germaniya – 523 Alyuminiy Litva – 10 672 | Latviya – 968 | Bolgariya – 115   Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (XVJ) baholariga ko‘ra, CBAM mexanizmi bilan bog‘liq yillik umumiy xarajatlar Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yiliga 1,7 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich mintaqadan eksport qilinadigan va CBAM qamroviga kiruvchi barcha mahsulotlarga o‘rtacha 14 foizlik qo‘shimcha boj yuklanishiga tengdir. Mazkur ko‘rsatkich tarkibida O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchi o‘rinni egallaydi. Ushbu ikki davlat hissasiga mintaqadagi CBAM qamrovidagi emissiyalarning qariyb 90 foizi to‘g‘ri keladi. Bunda asosiy ulush po‘lat ishlab chiqarish, alyuminiy sanoati, hamda o‘g‘itlar ishlab chiqarish tarmoqlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bunday yuqori ulushning asosiy sababi shundaki, har ikki mamlakat CBAM mexanizmi to‘liq tatbiq etiladigan uglerod intensivligi yuqori mahsulotlarni katta hajmda eksport qiladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) tomonidan 2026-yil fevral oyida e’lon qilingan “Markaziy Osiyoda energetik o‘tish uchun Uglerod chegaraviy moslashtirish mexanizmining oqibatlari” nomli hisobotida O‘zbekiston bo‘yicha aniq prognozlar keltirilgan. Unga ko‘ra, YIda CO₂ emissiyalarining narxi 2030-yilga borib bir tonna uchun 200 AQSH dollariga, 2050-yilga kelib esa taxminan 350 AQSH dollariga yetishi prognoz qilinmoqda. Bunday sharoitda Yevropa bozoriga eksport qilinayotgan O‘zbekiston po‘lat mahsulotlarining tannarxi 14 foizga oshishi mumkin. Bu esa mazkur mahsulotlarning narx bo‘yicha raqobatbardoshligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi va Yevropa bozoridagi pozitsiyasini zaiflashtirishi ehtimoldan xoli emas. Jahon bankining CBAM ta’sirchanlik indeksi O‘zbekiston uchun murakkab va bir vaqtning o‘zida qarama-qarshi manzarani namoyon etadi. Xususan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan alyuminiyning uglerod intensivligi YIdagi o‘rtacha ishlab chiqaruvchilar ko‘rsatkichiga nisbatan pastroq bo‘lib, bu holat unga ma’lum darajada raqobat ustunligini taqdim etishi mumkin. Biroq eksportning boshqa muhim yo‘nalishlari, ayniqsa po‘lat va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish tarmoqlari, mamlakat iqtisodiyotining uglerod intensivligi yuqori bo‘lgan energiya manbalariga hamda eskirgan ishlab chiqarish texnologiyalariga qaramligi sababli sezilarli xavflarga duch keladi. Mazkur tarkibiy kamchiliklar O‘zbekistonda uglerod narxlashning milliy mexanizmi mavjud emasligi bilan yanada ortadi. CBAM qoidalariga muvofiq, eksport qiluvchilar mahsulot ishlab chiqarilgan mamlakatda allaqachon to‘langan uglerod to‘lovlarini Yevropa Ittifoqi oldidagi majburiyatlaridan chegirib tashlash huquqiga ega. O‘zbekistonda bunday mexanizmning mavjud emasligi esa mahalliy eksportchilarning CBAM bilan bog‘liq xarajatlarni to‘liq hajmda qoplashiga olib keladi. Aksincha, ichki uglerod narxlash tizimiga ega mamlakatlar eksportchilari ushbu xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, emissiyalarni verifikatsiya qilish bo‘yicha talablar ham qo‘shimcha yuklama yaratadi. 2026-yildan boshlab emissiyalar to‘g‘risidagi hisobotlarni mustaqil ravishda tasdiqlash amaliyoti bekor qilinib, ular akkreditatsiyadan o‘tgan mustaqil ekspertlar tomonidan tekshirilishi shart etib belgilandi. Agar emissiyalar bo‘yicha ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa yoki ishonchsiz deb topilsa, YI ataylab ehtiyotkorlik tamoyiliga asoslangan standart ko‘rsatkichlardan foydalanadi. Bunday ko‘rsatkichlar odatda haqiqiy emissiyalar hajmidan yuqoriroq qiymatlarni aks ettiradi. Shu sababli emissiyalarni monitoring qilish, hisobot yuritish va verifikatsiya qilish (MRV – Monitoring, Reporting and Verification) tizimlari yetarli darajada shakllanmagan O‘zbekiston eksportchilari mahsulotlarining real uglerod intensivligi nisbatan past bo‘lgan taqdirda ham, CBAM doirasida yuqoriroq xarajatlarga duch kelishlari mumkin. CBAM sharoitida O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar: quyosh energetikasini rivojlantirish, sanoatni modernizatsiya qilish va yashil sertifikatlash tizimlari Yuqorida qayd etilgan xatarlar bilan bir qatorda, CBAM O‘zbekiston uchun muayyan rag‘batlantiruvchi omillarni ham shakllantirmoqda va mamlakat allaqachon ularga moslashish choralarini ko‘rishni boshlagan. O‘zbekiston o‘zining tarkibiy ustunliklariga ega bo‘lib, ulardan strategik jihatdan samarali foydalanib, CBAMni tahdiddan yuqori qiymatga ega yashil bozorlarga kirish imkoniyatiga aylantirishi mumkin. O‘zbekistonning tabiiy-geografik sharoiti bu borada ayniqsa qulay hisoblanadi. Mamlakat Yevrosiyo hududidagi eng yuqori quyosh radiatsiyasi darajalaridan biriga ega bo‘lib, quyosh energiyasining texnik salohiyati 177 mln tonna neft ekvivalenti (Mtne) miqdorida baholanadi. Bu ko‘rsatkich mamlakatning jami birlamchi energiya iste’molidan qariyb to‘rt baravar yuqoridir. Mazkur salohiyat amaliyotda ham faol ravishda ro‘yobga chiqarilmoqda, 2025-yil yakuniga qadar O‘zbekistonda umumiy o‘rnatilgan quvvati 5582 MVt bo‘lgan 15 ta quyosh va 5 ta shamol elektr stansiyasi foydalanishga topshirildi. 2025-yil davomida qayta tiklanuvchi energiya manbalari obyektlari tomonidan 10,5 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Natijada 2,8 mlrd m³ tabiiy gaz iqtisod qilinib, atmosferaga 4,2 mln tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olindi. Mazkur natijalar O‘zbekistonning past uglerodli iqtisodiyotga o‘tish yo‘lidagi sa’y-harakatlari jadallashayotganini ko‘rsatib, kelgusida CBAM bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish hamda Yevropa Ittifoqi bozorida milliy mahsulotlar raqobatbardoshligini saqlab qolish uchun muhim asos yaratadi. Hukumat tomonidan 2030-yilga mo‘ljallangan ulkan maqsad belgilangan bo‘lib, mamlakatda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 54 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan ta’minlash hamda quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy o‘rnatilgan quvvatini 21 GVtgayetkazish. Bu esa har yili 18 mlrd m³ tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Bundan tashqari, 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. O‘zbekiston xalqaro hamkorlar, jumladan ACWA Power (Saudiya Arabistoni), Voltalia (Fransiya) va Osiyo taraqqiyot bankidan yashil energetika sohasiga qariyb 35 mlrd AQSH dollari miqdorida investitsiyalarni jalb qildi. BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) hisobotida qayd etilishicha, elektr energiyasi ishlab chiqarish, vodorod ishlab chiqarish va sanoat jarayonlarini Yevropa Ittifoqidagi uglerod narxlariga moslashtirish CBAM bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish va milliy iqlim maqsadlariga erishishga bir vaqtning o‘zida xizmat qilishi mumkin. Hujjatda ko‘mirdan, muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tish bo‘yicha sezilarli imkoniyatlar aniqlangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2050-yilga borib 600 PJdan ortiq (taxminan 167 TVt·soat) energiya hajmiga yetishi mumkin. Shu bilan birga, elektrlashtirishni kengaytirish, energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini chuqurroq integratsiya qilish imkoniyatlari ham qayd etilgan. O‘zbekistonning qator mahalliy korxonalari energetika sohasida xalqaro yashil sertifikatlashdan o‘tishni boshlagan. Yashil sertifikatlashtirishni kengaytirish muhim ahamiyatga ega, chunki verifikatsiyadan o‘tgan past uglerodli ishlab chiqarish CBAM bo‘yicha haqiqiy majburiyatlarni hisoblash uchun axborot bazasini yaratadi. Bu majburiyatlar jazolovchi standart (default) ko‘rsatkichlar asosida emas, balki amaldagi emissiyalar hajmi asosida hisoblanadi. Ishlab chiqarish jarayonlarining ekologik tozaligini hujjatlar bilan tasdiqlay oladigan kompaniyalar sezilarli darajada kamroq xarajat qiladi hamda kamroq shaffof raqobatchilariga nisbatan ustunlikka ega bo‘ladi. O‘zbekiston yashil vodorod ishlab chiqarish sohasida yetakchi davlatga aylandi. Chirchiq shahrida ACWA Power bilan davlat-xususiy sheriklik doirasida quyosh va shamol energiyasidan foydalangan holda yashil vodorod ishlab chiqaruvchi Markaziy Osiyodagi birinchi sanoat korxonasi ish boshladi. Vodorod CBAM qamrab oladigan tarmoqlar ro‘yxatiga kirgani sababli, yashil vodorod ishlab chiqarish O‘zbekistonni uglerod izi minimal bo‘lgan mahsulot yetkazib beruvchisi sifatida namoyon etadi. Agar ishlab chiqarishning qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida amalga oshirilgani tasdiqlansa, ushbu mahsulot minimal uglerod iziga ega bo‘ladi va natijada Yevropa Ittifoqi chegarasida eng kam CBAM yukiga duch keladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon “Yashil koridor” tashabbusini ilgari surmoqda. Ushbu tashabbus “yashil” elektr energiyasini suvosti va quruqlikdagi uzatish yo‘nalishlari orqali Yevropaga yetkazib berishni nazarda tutuvchi mintaqaviy mexanizm hisoblanadi. “Yashil koridor” tashabbusi 2025-yil iyul oyida Bokuda rasman tashkil etildi. Italiyaning CESI kompaniyasi 2027-yil boshida yakunlanishi kutilayotgan texnik-iqtisodiy asoslash hujjatini ishlab chiqishga kirishdi. Loyiha amalga oshirilgan taqdirda, koridor O‘zbekistonga CBAM talablariga javob beradigan va yuqori qiymatli bozor segmentiga mansub bo‘lgan verifikatsiyadan o‘tgan toza elektr energiyasini bevosita Yevropa bozorlariga eksport qilish imkonini beradi.   III. O‘zbekistonning davlat boshqaruvi organlari va sanoat sektori uchun tavsiyalar Uglerod narxlashning milliy mexanizmini yaratish O‘zbekiston ustuvor vazifa sifatida uglerod narx belgilashning milliy mexanizmini ishlab chiqishi va joriy etishi lozim. Bu emissiyalar savdosi tizimi yoki uglerod solig‘i shaklida bo‘lishi mumkin. CBAM qoidalariga muvofiq, mamlakat ichida to‘langan va verifikatsiyadan o‘tgan uglerod to‘lovlari Yevropa Ittifoqi oldidagi majburiyatlardan chegirib tashlanishi mumkin. Ushbu islohotning o‘ziyoq O‘zbekiston eksportchilari zimmasidagi moliyaviy yukni sezilarli darajada kamaytirishga qodir. Qozog‘iston allaqachon shunga o‘xshash tizimni joriy etgan, garchi undagi uglerod narxlari Yevropa Ittifoqidagi darajadan past bo‘lsa ham. O‘zbekiston ushbu tajribadan foydalanib, uglerod narxlash mexanizmini mamlakatning iqtisodiy sharoitlariga mos ravishda shakllantirishi mumkin. Sanoat tarmoqlarida ishonchli MHV tizimlarini yaratish 2026-yildan boshlab YI emissiyalar bo‘yicha verifikatsiyadan o‘tgan ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan hollarda jazolovchi standart (default) ko‘rsatkichlarni qo‘llaydi. Shu sababli O‘zbekiston eksportga yo‘naltirilgan tarmoqlarda monitoring, hisobot yuritish va verifikatsiya (MHV) tizimlarini jadal ravishda shakllantirishi lozim. Bu yo‘nalishda texnik ko‘mak BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE), Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan taqdim etilishi mumkin. Emissiyalari past ekanligi verifikatsiyadan o‘tgan korxonalar nafaqat CBAM bo‘yicha o‘z majburiyatlarini kamaytiradi, balki o‘z mahsulotlarini “yashil” mahsulot sifatida Yevropa xaridorlariga taklif qilish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi. Chunki Yevropa iste’molchilari va xaridorlari barqaror rivojlanish talablariga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlarga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Po‘lat ishlab chiqarish va o‘g‘itlar sanoatida dekarbonizatsiya jarayonlarini jadallashtirish CBAM ta’siriga eng ko‘p duch kelayotgan tarmoqlar – qora metallurgiya, alyuminiy sanoati va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish – energiya samaradorligini oshirish hamda muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tishga qaratilgan investitsiyalar uchun ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanishi lozim. Davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari va xalqaro moliya institutlarining imtiyozli moliyalashtirish dasturlari aynan ushbu tarmoqlarda maqsadli ravishda jamlanishi zarur. Yashil sertifikatlash tizimini faollashtirish va Yevropa Ittifoqi bozoridagi pozitsiyalarni mustahkamlash O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining Issiqxona gazlari chiqindilari bo‘yicha emissiya kvotalari savdosi tizimi (EU ETS) bilan integratsiyalashuv imkoniyatlarini yoki o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimlarni tuzish istiqbollarini o‘rganishi lozim. Bunday mexanizmlar Shveysariya va Norvegiya tajribasidabo‘lgani kabi, CBAM doirasidagi chegirmalarni hisoblashda mamlakat ichkarisida joriy etilgan uglerod narxlash tizimini inobatga olish imkonini beradi. Yashil vodorodni strategik eksport mahsuloti sifatida rivojlantirish Chirchiq shahrida ishga tushirilgan pilot yashil vodorod ishlab chiqarish zavodining quvvatlarini kengaytirish va ushbu tajribani boshqa hududlarda ham tatbiq etish zarur. REPowerEU strategiyasi doirasida Yevropa Ittifoqida import qilinadigan yashil vodorodga bo‘lgan talabning ortib borishi O‘zbekiston uchun uzoq muddatli istiqbolda muhim bozor segmentini yaratadi. Biroq buning uchun ishlab chiqarish jarayonlarini xalqaro standartlar asosida verifikatsiya qilish hamda tegishli transport infratuzilmasini rivojlantirish talab etiladi. Shuningdek, texnik-iqtisodiy asoslari 2027-yilgacha tayyorlanishi rejalashtirilgan “Yashil koridor” loyihasini amalga oshirish jarayonlarini jadallashtirish maqsadga muvofiqdir. Yevropa Ittifoqi yashil sanoatlashtirishni qo‘llab-quvvatlash uchun keng ko‘lamli texnik yordam vositalariga ega. Jumladan, TAIEX dasturi doirasidagi qisqa muddatli ekspert missiyalari, EU4Environment dasturi orqali uzoq muddatli institutsional rivojlantirish mexanizmlari, MEDGEMtarmog‘i doirasidagi ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturlari hamda Toshkentdagi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi bilan bevosita hamkorlik imkoniyatlari mavjud. Ushbu vositalardan monitoring, hisobot va verifikatsiya (MRV) tizimlarini mustahkamlash, operatorlar va verifikatorlarni tayyorlash, shuningdek, O‘zbekiston eksportchilarining yangi talablarga moslashish bilan bog‘liq xarajatlarini kamaytirish maqsadida samarali foydalanish mumkin. Agar O‘zbekiston uglerod narxlashning milliy mexanizmini joriy etish, ishonchli MRV infratuzilmasini shakllantirish, energiya talab yuqori bo‘lgan tarmoqlarni dekarbonizatsiya qilish hamda Yevropa Ittifoqining ekologik standartlari bilan to‘liq uyg‘unlashishga qaratilgan izchil va puxta o‘ylangan choralarni amalga oshirsa, CBAMni tashqi xavf omilidan strategik rivojlanish katalizatoriga aylantira oladi. Bunday proaktiv transformatsiya O‘zbekiston eksportining Yevropa bozorlaridagi raqobatbardoshligini saqlab qolish bilan cheklanib qolmay, balki mamlakatni past uglerodli po‘lat, ekologik toza elektr energiyasi va yashil vodorodning ishonchli hamda xalqaro darajada verifikatsiyadan o‘tgan yetkazib beruvchisi sifatida mustahkam pozitsiyalash imkonini ham yaratadi. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

21 Iyun 2026

Afg‘on-Pokiston mojarosi “Kobul koridori” qurilishiga to‘sqinlik qilmayapti

Nargiza Umarovaning maqolasida Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib borayotganiga qaramay, O‘zbekiston “Kobul koridori” loyihasini qanday ilgari surayotgani ko‘rib chiqiladi. Unda ta’kidlanishicha, Termiz–Naybobod–Maydonshahr–Logar–Xarlachi temir yo‘li Toshkent, Kobul va Islomobod uchun strategik infratuzilmaviy ustuvorlikligicha qolmoqda, chunki u Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi eng qisqa quruqlik aloqasini ta’minlashi mumkin. Maqolada qayd etilishicha, yaqinda Hayraton–Mozori Sharif temir yo‘l liniyasi modernizatsiya qilingani va Naybobod bekatida infratuzilma kengaytirilgani O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan transchegaraviy logistikani yaxshilashga amalda sodiqligidan dalolat beradi. Bu qadamlar yakka-yakka texnik chora-tadbirlar emas, balki Afg‘onistonning tranzit markazi sifatidagi rolini mustahkamlash hamda mintaqaning uzoqroq dengiz yo‘nalishlariga qaramligini kamaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlarning bir qismidir. Umarova, shuningdek, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegara punktlari ishida kuzatilayotgan takroriy uzilishlar Markaziy Osiyo orqali o‘tuvchi shimoliy tranzit yo‘laklarining ahamiyatini oshirganini ta’kidlaydi. Bunga javoban O‘zbekiston mavjud temir yo‘l tugunlari va chegara bekatlaridagi yuklamani kamaytirishga harakat qilmoqda, jumladan, yuk tashishning bir qismini tig‘iz “Sariog‘och–Keles” chegara punktidan Qoraqalpog‘istondagi “Oazis” chegara punktiga qayta yo‘naltirishni taklif etmoqda. Umuman olganda, maqola afg‘on-pokiston mojarosi “Kobul koridori”ning rivojlanishini murakkablashtirgani, biroq to‘xtatib qo‘ymaganini ko‘rsatadi. O‘zbekiston uchun bu loyiha mintaqaviy transport bog‘liqligini kengaytirish, savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va Markaziy Osiyoni Yevropa, Yevroosiyo, Afg‘oniston hamda Janubiy Osiyo o‘rtasidagi ko‘prik sifatida gavdalantirishga oid kengroq strategiyasining asosiy tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda. “Jamestown” saytida o‘qing * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

21 Iyun 2026

Tolibon harakati iqtisodiyoti va davlatning omon qolish mexanizmlari to‘g‘risida

2021-yil avgust oyida Tolibon harakati hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng, xalqaro hamjamiyatning sezilarli qismi Afg‘oniston iqtisodiyotining tez fursatda inqirozga yuz tutishini kutgan edi. Bunday prognozlar uchun quyidagi asoslar yaqqol ko‘rinib turardi: xorijiy valyuta zaxiralarining muzlatib qo‘yilishi, G‘arb moliyaviy yordamining to‘xtatilishi, sanksiyalar, xalqaro bank tizimidan de-fakto uzib qo‘yilish va yangi rejimning xalqaro miqyosda tan olinmaganligi. Biroq, ushbu baholashlar o‘zini qisman oqladi, xolos. Og‘ir inqirozga qaramay, rejim davlat apparatining boshqariluvchanligini, moliyaviy oqimlar ustidan markazlashtirilgan nazoratni va iqtisodiyotning bazaviy barqarorligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirgi vaqtda asosiy qiziqish Afg‘onistonning rivojlanish salohiyatiga emas, balki rejimning xalqaro izolyatsiya (yakkalanish) sharoitlariga moslashish qobiliyatiga qaratilgan. De-fakto, Tolibon modernizatsiya va investitsiyaviy o‘sishga emas, balki ma’muriy nazorat, yashirin moliyaviy mexanizmlar, mintaqaviy savdo va gumanitar kanallar orqali bilvosita tashqi yordamning uyg‘unligiga asoslangan “omon qolish iqtisodiyoti” modelini barpo etmoqda. Rejim moliyaviy barqarorligining asosi quyidagilardan iborat: Bojxona tushumlari. 2021-yildan keyin Tolibon Pokiston, Eron va Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegara o‘tish joylarini nazorat qilishga alohida e’tibor qaratdi. Ishlab chiqarish bazasining o‘ta zaifligi sharoitida aynan import, tranzit va chegara bojlari budjet daromadlarining asosiy qismini ta’minlamoqda. Jahon banki va qator xalqaro monitoring tuzilmalarining ma’lumotlariga ko‘ra, hokimiyat tepasiga kelinganidan keyingi dastlabki ikki yil ichida bojxona va soliq tushumlari kutilganidan tezroq tiklana boshladi: 2023–2024-yillarda rejimning oylik ichki daromadlari ayrim davrlarda 15–20 milliard afg‘oniydan (taxminan 200–250 million dollar) oshib ketdi va ushbu mablag‘larning salmoqli qismi aynan bojxona bojlaridan shakllandi. Xalqaro ekspertlar yangi ma’muriyat boj yig‘ish tizimini markazlashtirishga va o‘tmishdagi hukumatga nisbatan quyi bo‘g‘indagi korrupsiya darajasini sezilarli darajada kamaytirishga muvaffaq bo‘lganini qayd etmoqdalar. Agar ilgari daromadlarining katta qismi mintaqaviy mijozlik tarmoqlari va korrupsion sxemalarda g‘oyib bo‘lgan bo‘lsa, hozirda moliyaviy oqimlar ko‘p jihatdan harakatning markaziy rahbariyati nazorati ostida jamlangan. Pokiston yo‘nalishidagi Torxam, Chaman va Spin Boldak chegara o‘tish punktlari hamda Eron va Markaziy Osiyo orqali o‘tuvchi savdo yo‘llari alohida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ular orqali yoqilg‘i, oziq-ovqat va xalq iste’moli tovarlari importining asosiy hajmi o‘tadi. Natijada, rejim iqtisodiyoti “chegara rentasi modeli” tusini olmoqda, unga ko‘ra davlat ichki ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali emas, balki asosan savdo koridorlari va import oqimlarini nazorat qilish hisobiga mavjudligini saqlab turibdi. Aynan mana shu tizim xalqaro yakkalanish sharoitida Tolibon harakatini nisbatan barqaror daromadlar bilan ta’minlamoqda. Foydali qazilmalarni qazib olish Qo‘shimcha omil uzoq muddatli valyuta tushumlarining kam sonli salohiyatli manbalaridan biri sifatida qaraladigan mineral resurslarni qazib olishning faollashishi bo‘ldi. AQSh Geologiya xizmati (USGS) hisob-kitoblariga ko‘ra, Afg‘oniston foydali qazilmalarining umumiy qiymati 1–3 trillion dollarga yetishi mumkin. Bu yerda mis, temir javhari, litiy, kobalt, oltin va nodir metallarning ulkan zaxiralari nazarda tutilmoqda. Ayniqsa, Aynak mis koni va Hojigak temir javhari havzasi alohida ahamiyatga ega. Hokimiyatga qaytganidan so‘ng Tolibon Pokistonga ko‘mir eksportini sezilarli darajada oshirdi: 2022–2023-yillarda yetkazib berish hajmi yiliga 3–4 million tonnaga yetdi, rejimning daromadlari esa yuzlab million dollarga baholandi. Shu bilan parallel ravishda, Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik jadallashdi. 2023-yilda Xitoyning “Xinjiang Central Asia Petroleum and Gas Co” kompaniyasi Amudaryo havzasidagi neft konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha dastlabki uch yil ichida 540 million dollargacha kutilayotgan investitsiyalar bilan kelishuv imzoladi. Biroq, Afg‘oniston Konchilik va neft vazirligi 2025-yil o‘rtalarida ushbu 25 yillik shartnomani bekor qildi, chunki qo‘shma vazirliklararo qo‘mita Xitoy firmasi shartnoma majburiyatlarini bir necha bor buzganini va belgilangan investitsiya muddatlariga rioya qilmaganini aniqladi. Afg‘oniston Konchilik va neft vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, faqatgina Amudaryodagi neft qazib olishdan olingan daromadlar 2025-yilda 130 million dollardan oshdi. Shunga qaramay, resurs sektori hamon tizimli cheklovlarga — infratuzilma, texnologiyalar, xalqaro moliyalashtirish va tan olingan xavfsizlik kafolatlarining yetishmasligiga duch kelmoqda. Shu sababli, foydali qazilmalarni qazib olish hozircha iqtisodiy o‘sish uchun to‘laqonli poydevor bo‘lishdan ko‘ra, ko‘proq rejimning strategik zaxirasi hamda tashqi hamkorlar, birinchi navbatda Xitoy bilan muzokaralar olib borish vositasi bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, Xitoyning keng ko‘lamli iqtisodiy ishtiroki borasidagi umidlar hali ro‘yobga chiqqani yo‘q. Pekin beqarorlik sharoitida yirik sarmoyalardan qochib, ehtiyotkor pragmatizm namoyish etmoqda. Xitoy, birinchi navbatda, Shinjon-Uyg‘ur muxtor rayoni (SHUMR) chegaralari yaqinida terrorchilik tahdidlarining oldini olishdan va Afg‘onistonning salohiyatli resurslariga kirish imkoniyatini saqlab qolishdan manfaatdor, ammo u Afg‘oniston iqtisodiyotining asosiy homiysi rolini o‘z zimmasiga olishga tayyor emas. Yashirin iqtisodiyot Shu bilan bir qatorda, tarixan Afg‘oniston iqtisodiy tizimining hal qiluvchi qismi bo‘lib kelgan yashirin iqtisodiyotning kengayishi davom etmoqda. Xalqaro sanksiyalar an’anaviy bank infratuzilmasidan tashqarida transchegaraviy hisob-kitoblarni ta’minlaydigan norasmiy moliyaviy mexanizmlar, eng avvalo, “havola” (hawala) tizimining ahamiyatini yanada kuchaytirdi. Bunday tarmoqlar orqali savdo operatsiyalari, diaspora pul o‘tkazmalari, importni moliyalashtirish va ichki pul muomalasining salmoqli qismi amalga oshiriladi. Tolibon yashirin sektorni tugatishga urinmayotgani fundamental ahamiyatga ega. Aksincha, rejim vositachilarni litsenziyalash, transport yo‘nalishlarini nazorat qilish va norasmiy savdoni soliqqa tortishdan foydalangan holda uni o‘z boshqaruv tizimiga integratsiya qilmoqda. Natijada, yashirin iqtisodiyot davlat zaifligining belgisi emas, balki uning faoliyat ko‘rsatishining asosiy mexanizmlaridan biriga aylanmoqda. Narkoiqtisodiyot Narkoiqtisodiyot alohida e’tiborga loyiqdir. 2022-yildagi taqiqdan keyin Afg‘onistonda afyun ishlab chiqarish 90% dan ko‘proqqa kamaygan bo‘lsa-da, bu giyohvand moddalar ishlab chiqarish butunlay yo‘qolganini anglatmaydi. Birinchidan, afyunlarning katta hajmi oldindan zaxiralab qo‘yilgan edi. Ikkinchidan, taklif taqchilligi narxlarning keskin oshishiga olib keldi, bu esa ishlab chiqarish hajmining pasayishini qisman qopladi. Uchinchidan, sintetik giyohvand moddalar, birinchi navbatda, metamfetamin ishlab chiqarish jadallashmoqda. Xalqaro tuzilmalar Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Sharqiy Afrikada Afg‘onistondan keltirilgan metamfetamin musodarasining barqaror o‘sib borayotganini qayd etmoqda. Ishlab chiqarish mamlakatning markaziy va g‘arbiy hududlarida keng tarqalgan efedra (ephedra) o‘simligiga asoslangan. Natijada, Afg‘oniston nafaqat afyun savdosi markaziga, balki yuqori daromadli va qishloq xo‘jaligi sikliga kamroq bog‘liq bo‘lgan sintetik giyohvand moddalar ishlab chiqarishning yangi tugunlaridan biriga aylanib bormoqda. Hozirgi bosqichda giyohvand moddalar savdosi rejim daromadlarining asosiy markazlashtirilgan manbai deb da’vo qilish uchun yetarli asoslar mavjud emas. Shunga qaramay, u mintaqaviy elitalarni, qurolli tarmoqlarni va yashirin iqtisodiyotni moliyalashtirishda muhim rol o‘ynashda davom etmoqda. Tolibonning rasman tan olinmaganiga qaramay, rejim barqarorligining paradoksal, ammo o‘ta muhim omili bo‘lib xalqaro gumanitar yordam qolmoqda. Xalqaro tashkilotlar oziq-ovqat dasturlarini, infratuzilma loyihalarini, sog‘liqni saqlash va gumanitar operatsiyalarni moliyalashtirishda davom etmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yildan keyin Afg‘oniston har yili bir necha milliard dollar miqdorida tashqi gumanitar yordam olib keldi. Birgina 2022-yilda xalqaro yordam hajmi 3 milliard dollardan oshdi, 2023–2024-yillarda esa, moliyalashtirishning bosqichma-bosqich qisqarganiga qaramay, mamlakat dunyodagi eng yirik gumanitar yordam oluvchilardan biri bo‘lib qoldi. Gumanitar dasturlar u yoki bu shaklda mamlakat aholisining yarmidan ko‘pini qamrab oladi, qariyb 23 million afg‘onistonlik esa doimiy tashqi yordamga muhtojlikda davom etmoqda. Rasmiy ravishda ushbu mablag‘lar aholiga yo‘naltiriladi; biroq amalda ular bir vaqtning o‘zida ichki talabni, bandlikni, pul muomalasini va asosiy ijtimoiy xizmatlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi va bu rejimning o‘zini ham bilvosita barqarorlashtiradi. Vayron bo‘lgan iqtisodiyot sharoitida gumanitar sektor mamlakat ichidagi pul muomalasining eng yirik manbalaridan biriga aylandi. BMT va xalqaro nodavlat tashkilotlar dasturlari orqali oziq-ovqat ta’minoti, tibbiyot xodimlariga ish haqi to‘lash, suv ta’minoti inshootlari va boshlang‘ich infratuzilma loyihalari moliyalashtirilmoqda. De-fakto, xalqaro hamjamiyat gumanitar falokat va ommaviy migratsiyaning oldini olishga intilib, ayni paytda Tolibon boshqaruvining iqtisodiy barqarorligini saqlashga hissa qo‘shayotgan vaziyat yuzaga kelmoqda. Shu bilan birga, rejimning o‘zi xalqaro ishtirokdan ma’muriy ta’sir vositasi va ichki legitimlikning qo‘shimcha manbai sifatida foydalanishga intilib, yordam taqsimoti, kadrlar tayinlovi va gumanitar operatsiyalar logistikasi ustidan nazoratni muntazam ravishda kuchaytirib bormoqda. Shunday qilib, rejimning asosiy zaifligi modernizatsiyaning uzoq muddatli manbalari yo‘qligidadir. Xalqaro miqyosda tan olinmasdan, global moliya tizimiga to‘liq kirish imkoniyatisiz, keng ko‘lamli investitsiyalar va institutsional rivojlanishsiz Afg‘oniston “omon qolish iqtisodiyoti” dan barqaror o‘sish modeliga o‘ta olishi dargumon. Oxir-oqibat, Tolibon harakati rejimining iqtisodiy barqarorligi klassik tushunchadagi boshqaruv samaradorligi bilan emas, balki davlatni uzoq muddatli yakkalanish (izolyatsiya) sharoitlariga moslashtirish qobiliyati bilan izohlanadi. Afg‘oniston asta-sekin bojxona rentasi, yashirin iqtisodiyot, gumanitar yordam va mintaqaviy norasmiy aloqalarning uyg‘unligi xalqaro miqyosda tan olinmagan taqdirda ham boshqariluvchanlikni saqlashga imkon beruvchi “kam xarajatli avtoritar omon qolish” (low-cost authoritarian survival) namunasiga aylanib bormoqda. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.