Tahliliy nashrlar

outputs_in

Tahliliy nashrlar

03 May 2026

Qozog‘istondagi konstitutsiyaviy islohot haqida: asosiy o‘zgarishlar, e’lon qilingan maqsadlar va institutsional transformatsiyalar tabiati

Muallif: Farhod Nazarov, JIDU talabasi, IXTI amaliyotchisi   2026-yilda Qozog’istonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot mamlakat mustaqillikka erishganidan buyon siyosiy modernizatsiyaning eng muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi. Ushbu islohot rasmiylar tomonidan davlat boshqaruvining superprezidentlik modelidan yanada muvozanatli “Adolatli Qozog‘iston” tizimiga o‘tish jarayonining mantiqiy yakuni sifatida talqin etilmoqda. U davlat boshqaruvi mexanizmlarini takomillashtirish, davlat institutlarini mustahkamlash hamda ularning jamiyat bilan o‘zaro aloqalarini zamonaviy global chaqiriqlar sharoitida samaradorligini oshirishga qaratilgan. 2026-yil 15-mart kuni umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi Konstitutsiya 1995-yildagi avvalgi Asosiy qonun matnining (2022-yilgi o‘zgartirishlarni hisobga olgan holda) qariyb 84 foiziga ta’sir ko‘rsatadi. Hujjat 2026-yil 1-iyuldan kuchga kiradi. Referendum bo‘yicha Markaziy komissiya tomonidan e’lon qilingan natijalarga ko‘ra, loyiha 7 954 667 nafar saylovchi (87,15%) tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Saylovchilarning umumiy qatnashish darajasi 73,12% ni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkichlar mustaqil Qozog‘iston tarixidagi eng yuqori darajalardan biri hisoblanadi.   Tayyorlash va qabul qilish jarayoni hamda asosiy institutsional o‘zgarishlar Islohotni tayyorlash jarayoni 2025-yil kuzida Prezident Qasim-Jomart Toqayev tashabbusi bilan boshlandi. Davlat rahbari o‘zining xalqqa murojaatida “XXI asr realiyalariga mos keladigan yangi Asosiy qonun”ni ishlab chiqish zarurligini alohida ta’kidladi. 2026-yil 21-yanvarda 1157-sonli Prezident farmoni bilan qariyb 30 kishidan iborat Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Uning tarkibiga Prezident Administratsiyasi vakillari, parlament deputatlari, malakali yuristlar va ekspertlar kiritildi. Komissiyaga loyihani imkon qadar qisqa muddatlarda tayyorlash vazifasi yuklatildi. 2026-yil 11-fevraldayoq Prezident umumxalq referendumini o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, 12-fevral kuni esa loyiha matni to‘liq holda “gov.kz” va “election.gov.kz” davlat portallarida e’lon qilindi. Shunday qilib, komissiya tuzilishidan loyiha e’lon qilinishigacha atigi 22 kun o‘tdi. Jamoatchilik muhokamasi taxminan bir oy davom etdi va asosan onlayn platformalar hamda mahalliy ijro etuvchi organlar tomonidan tashkil etilgan hududiy uchrashuvlar orqali amalga oshirildi. O‘sha davrda faoliyat yuritgan ikki palatali Parlament loyiha matniga o‘zgartirish kiritmadi – hujjat to‘liq holda umumxalq ovoziga qo‘yildi. Islohot ko‘lami postsovet davri uchun misli ko‘rilmagan darajada kengdir. Avvalgi Konstitutsiya 9 bob va 98 moddadan iborat bo‘lgan bo‘lsa, yangi tahrir 11 bob va 96 moddani o‘z ichiga oladi. Matnning qariyb 84 foizi to‘liq qayta ishlangan yoki yangilangan. Asosiy institutsional o‘zgarishlarni quyidagicha guruhlash mumkin: Birinchidan, qonun chiqaruvchi hokimiyat tuzilmasi tubdan o‘zgartirildi. Ikki palatali Parlament (Majlis va Senat) o‘rniga 145 nafar deputatdan iborat bir palatali Qurultoy tashkil etildi. Deputatlar faqat proporsional partiyaviy ro‘yxatlar asosida saylanadi. Senatning bekor qilinishi va qonun chiqaruvchi vakolatlarning bitta organda jamlanishi qarorlar qabul qilish tezligini oshirish va qonunchilik jarayonidagi ehtimoliy kechikishlarni bartaraf etishga qaratilgan. Ikkinchidan, Prezidentning asosiy davlat organlarini shakllantirishdagi vakolatlari kengaytirildi. 40–42-moddalarning yangi tahririga muvofiq, Prezident Bosh prokurorni, Konstitutsiyaviy va Oliy sud raislarini, Milliy bank rahbarini hamda Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisini tayinlash huquqiga ega. Kurultoy ushbu tayinlovlar haqida keyinchalik xabardor qilinadi. Uchinchidan, avvalgi tahrirlarda mavjud bo‘lmagan Vitse-prezident lavozimi qayta joriy etildi. U Prezident tomonidan Qurultoy roziligi bilan oddiy ko‘pchilik ovozi asosida tayinlanadi va davlat rahbarining topshiriqlarini bajaradi. To‘rtinchidan, yangi organ – Halyk Kenesi (Xalq kengashi) tashkil etildi. U Prezident huzuridagi maslahat va qisman qonunchilik funksiyalarini bajaruvchi organ hisoblanadi. Uning a’zolarining bir qismi bevosita Prezident tomonidan tayinlanadi. Mazkur institut davlat va jamiyat o‘rtasida doimiy muloqotni ta’minlash uchun qo‘shimcha mexanizm sifatida xizmat qiladi. Beshinchidan, fuqarolarning huquq va erkinliklariga oid bobda (2-bob) yangi normalar kiritildi. 29-modda fuqarolarning raqamli huquqlarini (jumladan, shaxsiy ma’lumotlarni raqamli muhitda himoya qilish huquqini) mustahkamlaydi, ekologik kafolatlar kuchaytirildi, 27-modda esa nikohni erkak va ayol o‘rtasidagi ixtiyoriy ittifoq sifatida aniqlaydi. Shuningdek, siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi partiyalar va nodavlat tashkilotlar uchun xorijiy moliyalashtirishni taqiqlovchi norma joriy etildi (23-modda).   Islohotning e’lon qilingan maqsadlari va xalqaro ekspertlar bahosi Qozog‘iston rasmiylari yangi Konstitutsiyani “yetuk davlat hujjati” sifatida taqdim etmoqda. Islohotning asosiy maqsadlari qatoriga hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida vakolatlarni “kuchli Prezident – nufuzli Parlament – hisobdor Hukumat” formulasi asosida qayta taqsimlash, tiyib turish va muvozanat tizimini mustahkamlash, inson markaziy yondashuvni ilgari surish, an’anaviy qadriyatlarni, shuningdek fuqarolarning raqamli va ekologik huquqlarini himoya qilish kiradi. Biroq, xalqaro ekspertlar ushbu islohotga nisbatan yanada ehtiyotkor va murakkab baho bermoqda. Amnesty International loyihani “inson huquqlari va huquq ustuvorligi sohasidaxavotirli ortga qaytish” deb baholab, Prezident qo‘lida vakolatlarning jamlanishi hamda xorijiymoliyalashtirish taqiqi orqali so‘z erkinligi, yig‘ilishlar va birlashmalar erkinligiga cheklovlarkiritilganini ta’kidlaydi. Human Rights Watch esa tiyib turish mexanizmlarining zaiflashuvi, islohotning shoshilinch tarzda tayyorlangani va undan muxolif fikrlarni bostirish vositasi sifatidafoydalanish ehtimolini qayd etadi. Bir qator mintaqaviy ekspertlarning fikricha, bunday baholar ko‘p jihatdan umumiy xaraktergaega bo‘lib, Qozog‘istonning Markaziy Osiyo davlati sifatidagi o‘ziga xos siyosiy va ijtimoiykontekstini to‘liq hisobga olmaydi. Qozog‘iston fuqarolari mazkur o‘zgarishlarni keng qo‘llab-quvvatladilar, bu esa islohotlarganisbatan yuqori darajadagi ijtimoiy rozilik mavjudligini ko‘rsatadi. “referendum2026.kz” platformasi orqali 10 mingdan ortiq takliflar kelib tushgani hujjatning “xalqchil” xarakterinita’kidlaydi.   Xulosa Qozog‘istondagi konstitutsiyaviy islohot siyosiy modernizatsiyaning muhim bosqichi bo‘lib, davlat boshqaruvi tizimining yanada ixcham va samarali shakllanishiga xizmat qildi. Institutlarni mustahkamlash, inson markaziy yondashuvni rivojlantirish va “Adolatli Qozog‘iston”ni barpo etish kabi maqsadlar referendumda keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Mazkur tajriba davlat institutlari samaradorligi bilan hokimiyat uzluksizligini nazorat qilish o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashning amaliy namunasi sifatida ahamiyat kasb etadi. Islohot doirasida joriy etilgan ayrim mexanizmlar (Vitse-prezident instituti, bir palatali parlament, xorijiy moliyalashtirishni cheklash) boshqa boshqaruv modellariga moslashtirilishi mumkin bo‘lib, uzoq muddatli siyosiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishi ehtimoldan xoli emas. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

30 Aprel 2026

Puxta o‘ylangan vazminlik: Xitoyning Eron krizisi sharoitidagi siyosati

Muallif: Shaymardonov Ilyos, JIDU magistranti, IXTI amaliyotchisi   Kirish. 2026-yil boshida AQSH-Eron urushining boshlanishi jahon geosiyosiy arxitekturasini larzaga keltirdi va buyuk davlatlar strategiyasini bevosita sinovdan o‘tkazdi. Ko‘plab ekspertlar nazarida, bu mojaro Xitoy uchun tayyor strategik imkoniyatlar eshigini ochgandek ko‘rindi. Ya’ni, Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharqda navbatdagi qimmatga tushuvchi harbiy kampaniyaga aralashib qolgan bir paytda, Pekin yuzaga kelgan bo‘shliqni to‘ldirishga, Tehron bilan aloqalarini chuqurlashtirishga va Amerikaning yetakchiligiga qarshi da’vosini tezlashtirishga harakat qiladi, deb taxmin qilingan edi. Biroq bu faraz Xitoyning geosiyosiy beqarorlik sharoitida aslida qanday harakat qilishini noto‘g‘ri talqin etadi. Vaziyat tahlili Xitoyning AQSH-Eron urushiga munosabati ekspansionizmni emas, balki puxta o‘ylangan vazminlik doktrinasini ko‘rsatmoqda. Bu o‘z navbatida Xitoy iqtisodiyoning global zaifliklariga, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi uzoq muddatli sarmoyalariga hamda qisqa muddatli taktik yutuqlar emas, balki tizimli barqarorlik Xitoyning barqaror taraqqiy etishining asosiy sharti ekanligiga bo‘lgan qat’iy ishonchidan kelib chiqadigan ongli pozitsiyadir.   Xitoy–Eron strategik hamkorligi asoslari: “Bir makon, bir yo‘l” va 25-yillik sheriklik Urush davridagi Xitoyning pozitsiyasini tushunish uchun avvalo undan oldingi Xitoy–Eron munosabatlarining mohiyati va qay darajada chuqurligini anglab yetish lozim. 2021-yilning mart oyida Xitoy va Eron 25-yillik Keng qamrovli hamkorlik bitimini imzoladi. Unga ko‘ra, Xitoy Eronning arzonlashtirilgan neftini barqaror yetkazib berish evaziga mamlakat infratuzilmasi va energetika sohasiga 400 milliard dollargacha sarmoya kiritish majburiyatini oldi. Ushbu bitim Eronni “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga bevosita bog‘lab, Tehronni Markaziy Osiyoni Fors ko‘rfazi bilan bog‘laydigan muhim bir tugunga aylantirdi va bu yo‘lak Xitoyga AQSH harbiy-dengiz kuchlari hukmron bo‘lgan dengizdagi strategik o‘tish nuqtalarini chetlab o‘tish imkonini berardi. 2023-yilda Eronning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga rasman a’zo bo‘lishi bu yaqinlikni Xitoy yetakchiligidagi mintaqaviy institutlar tarmog‘i doirasida rasmiy-institutsional jihatdan yanada mustahkamladi. Ushbu sheriklik zamiridagi strategik mantiq ko‘p qirralidir. Eronlik ekspert S.Madani ta’kidlaganidek, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi shunchaki infratuzilma dasturi bo‘libgina qolmay, tizimli cheklovlar sharoitida ta’sir doirasini kengaytirish va resurslarni qo‘lga kiritishga mo‘ljallangan iqtisodiy vositasi sifatida ham xizmat qiladi . Eron uchun esa ushbu tashabbus G‘arb bosimi ostida ega bo‘lishi mushkul bo‘lgan bozorlar va kapitaldan foydalanish imkonini berib, institutsional barqarorlikni saqlash hamda sanksiyalarni chetlab o‘tish mexanizmi vazifasini o‘tadi.  Shu tariqa Xitoy Eron neftining asosiy xaridoriga aylanib, mamlakat xomashyo eksportining qariyb 90 foizini sotib ola boshladi. Gudzon instituti bu munosabatlarni Eronning iqtisodiy jihatdan omon qolishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega va Pekinning AQSHning dengizdagi hukmronligidan holi bo‘lgan xavfsiz quruqlik energiya yo‘lagini yaratish konsepsiyasida markaziy o‘rin tutadi, deb ta’riflaydi. Geosiyosiy nuqtayi nazardan, bu hamkorlik Xitoyning ko‘p qutbli dunyo tartibini barpo etishdek umumiy manfaatlariga xizmat qildi. Eronning Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazini bog‘lab turuvchi strategik jug‘rofiy joylashuvi Xitoyga tarixan AQSH ta’siri ustun bo‘lgan mintaqada diplomatik ustunlik berdi. NESA markazi tahlilchilarining kuzatishicha, Xitoyning Yaqin Sharqqa geosiyosiy ekspansiyasi mintaqaviy yoki xalqaro kuchlarning keskin reaksiyasini keltirib chiqarmaslik uchun bosqichma-bosqich va tavakkaldan xoli tarzda amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda Eron bilan hamkorlik to‘g‘ridan to‘g‘ri ziddiyatga bormasdan, Xitoyning Yaqin Sharqdagi mavqeini mustahkamlashning bir vositasi bo‘lib xizmat qiladi .   Hisoblangan vazminlik: nega Pekin urushga aralashmayapti? Xitoy-Eron aloqalarining chuqurligiga qaramay, Xitoyning AQSH-Eron urushiga munosabati sezilarli darajada vazmin bo‘ldi. Pekinning Katta Yaqin Sharqda doimiy harbiy ishtiroki, Tehron oldida xavfsizlik bo‘yicha majburiyatlari va bunday shiddatli mojaroda harbiy muvozanatni o‘zgartirishga qodir real salohiyati yo‘q.  Xitoy neft tankerlarini himoya qilish uchun mintaqaga aviatashuvchi guruhni yuborish ochiq dengizdagi salohiyatini hali endigina rivojlantirayotgan harbiy-dengiz floti uchun o‘ta xavfli tavakkalchilik bo‘lar edi. Bu harbiy vazminlik zaiflikning tan olinishi emas, balki AQSH-Xitoy raqobatiga nisbatan oqilona javobdir. “Foreign Affairs” nashri tahlilchilarining ta’kidlashicha, Xitoy rahbarlari AQSHning har bir muvaffaqiyatsizligini Xitoyning yutug‘i deb bilmaydi va har bir geosiyosiy imkoniyatdan foydalanish shart, deb hisoblamaydi. Pekinning hisob-kitobi vaziyat barqarorlashgani yoki aksincha, xaosga yuz tutganiga qarab belgilanadi. Markazida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi turgan mintaqaviy to‘qnashuv esa, o‘z navbatida xaos manbai hisoblanadi. Bu yondashuv Vashingtonning strategik munozaralariga singib ketgan “yutdim-yutqazdim” mantig‘iga zid keladi. Amerikalik tahlilchilar Xitoyni AQSHning haddan tashqari tarqoqligidan eng katta foyda ko‘ruvchi sifatida ko‘rsa, Pekin bunda o‘z iqtisodiy modelining asosi bo‘lgan ochiq savdo muhitiga tahdid soluvchi beqarorlashtiruvchi inqirozni ko‘radi. Xitoyning diplomatiyasi aynan shu pozitsiyani aks ettirish uchun puxta ishlab chiqilgan. Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I muzokaralardagi diplomatik sur’atni saqlab qolishga chaqirgan bo‘lsa, Si Szinpin AQSHning Eron portlarini blokada qilishini xavfli va mas’uliyatsiz harakat deya ochiq tanqid qildi hamda eronlik muzokarachilarni o‘z pozitsiyalarini yumshatishga undash uchun Pokiston bilan aloqalaridan foydalandi. Atlantika Kengashi qayd etishicha, bu ikki yo‘nalishli siyosat – ya’ni AQSHning majburlov choralarini ochiq qoralash barobarida Tehronga pinhona diplomatik bosim o‘tkazish – Pekinning urush homiysi emas, balki mas’uliyatli vositachi sifatida namoyon bo‘lishga intilayotganini yaqqol ko‘rsatadi.   Iqtisodiy zaifliklar va Hormuz bo‘g‘ozidagi tang holat Ushbu mojaroda Xitoy duch kelayotgan eng muhim tizimli muammo energetika sohasidir. Xitoy dunyodagi eng yirik neft importchisi bo‘lib, mamlakat ehtiyojining qariyb 70 foizi xorijdan qoplanadi, shundan taxminan uchdan bir qismi avvallari Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tkazilar edi. 2026-yil fevral oyi oxiridan buyon ushbu strategik o‘tish yo‘lagining amalda yopilishi Xitoyning energetik xavfsizligiga jiddiy zarba berdi. Biroq Pekin vahimaga tushgani yo‘q va bu xotirjamlik ko‘p yillik puxta tayyorgarlik natijasidir. Xitoy 2025-yildan, ya’ni jahon bozoridagi ortiqcha taklif va neftning arzonligi zaxiralarni kamxarj to‘plash uchun noyob imkoniyat yaratgan paytdan boshlab, yirik xom neft zaxiralarini shakllantirib kelayotgan edi. Pekin, shuningdek, ta’minot manbalarini diversifikatsiya qilish siyosatini ham izchil davom ettirmoqda. AQSH sanksiyalari tufayli vaqtincha uzilib qolgan aloqalar tiklangach, Xitoyning milliy neft kompaniyalari Rossiyadan dengiz orqali neft sotib olishni qayta yo‘lga qo‘ydi, “Sibir qudrati – 1” quvuri esa Rossiya gazini belgilangan quvvatdan ham yuqori hajmda yetkazib berishda davom etmoqda .  Stimson markazi (Stimson Center) tahliliga ko‘ra, urush bir vaqtning o‘zida ikki yo‘nalishli yondashuvni, ya’ni turli manbalardan xarid qilish va yashil energiyaga sarmoya kiritishni tezlashtirdi. Xususan, Pekin “Sinopec” kompaniyasi orqali Xitoy-Jazoyir energetika kelishuvlarini kengaytirib, Fors ko‘rfaziga uzoq muddatli qaramlikni kamaytirish uchun Marokash va Misr bilan toza energiya sohasidagi hamkorlikni jadallashtirmoqda . Qatarning Ras-Laffan suyultirilgan tabiiy gaz inshootidagi uzilishlar xitoylik xaridorlar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha fors-major holati e’lon qilinishiga olib keldi va Pekin duch kelayotgan real iqtisodiy xarajatlarni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Energiyaning qimmatlashuvi, yuklarni yetkazib berishdagi kechikishlar, sug‘urta uchun qo‘shimcha to‘lovlar va yuk tashish yo‘nalishlarini o‘zgartirish bilan bog‘liq xarajatlar Xitoyning eksportga yo‘naltirilgan sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish tannarxini oshirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, xitoylik ishlab chiqaruvchilar mamlakat ichida ortiqcha quvvat bosimiga duch kelayotgan bir paytda, jahon bozoridagi talabning pasayishiga sabab bo‘lmoqda. Bularning hech biri Pekinning strategik manfaatlariga mos kelmaydi va bu holat urush Vashington tahlilchilari ba’zan taxmin qilganidek, Xitoy uchun geosiyosiy sovg‘a emas, degan asosiy tahliliy xulosani yanada mustahkamlaydi.   Diplomatik yondashuv va ko‘p qutbli dunyoqarash Urushdan kelib chiqayotgan ustuvor qarash, ya’ni AQSH va Isroil harakatlari tajovuzkorlik akti bo‘lgani, Eronning javob choralari esa reaktiv xarakterga egaligi hamda ushbu mojaro Amerika yakkahokimligining badalini yaqqol ko‘rsatishi Pekinning ko‘p yillardan beri AQSHning global siyosatiga qarshi ilgari surayotgan tanqidi bilan deyarli bir xil. Xitoyning ko‘p qutblilikka doimiy da’vati hozirgi sharoitda yangicha ma’no kasb etmoqda. Bugungi kunda 145 dan ortiq mamlakat iqtisodiyoti AQSH bilan emas, Xitoy bilan ko‘proq savdo qilayotgani, shuningdek, AQSHning Yevropa va Osiyodagi ittifoqchilari energiya ta’minotidagi uzilishlar tufayli jiddiy ehtiyotkorlik choralarini ko‘rayotgani yanada tarqoq xalqaro tartib uchun tuzilmaviy asosning ishonchliligini oshiradi. Xitoyning 2026-yil mart oyidayoq BMT Xavfsizlik Kengashining Eron va Yaqin Sharqqa oid sanksiyalar rezolyutsiyalariga qarshi ovoz berishi, garchi Tehronni bevosita moddiy qo‘llab-quvvatlashdan tiyilishga chaqirayotgan bo‘lsa-da, uning G‘arb institutsional hukmronligiga qarshi muvozanat sifatidagi obro‘sini mustahkamlaydi. Andersen va Sendingning tahlil markazlari Yaqin Sharqdagi “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga oid tahlil bu masalaga oydinlik kiritadi. Ushbu muassasalar Xitoyning infratuzilmaviy sarmoyalarini muntazam ravishda strategik tahdid deya ta’riflab kelgan va bu ko‘pincha mintaqadagi “Bir makon, bir yo‘l” loyihalarining haqiqiy ko‘lamidan ancha oshirib ko‘rsatilgan. Biroq aynan shu yondashuv beixtiyor Xitoyning o‘zini konstruktiv muqobil kuch sifatida taqdim etishini tasdiqlaydi. Urush bu jarayonni tezlashtiradi, chunki u AQSH gegemonligi tanqidchilari uzoq vaqtdan beri ta’kidlab kelayotgan fikrga aniq dalil bo‘ladi. Ya’ni, Amerikaning harbiy avantyuralari shunday beqarorlikni yuzaga keltiradiki, mavjud tartib uni talafotsiz o‘zlashtira olmaydi.   Xitoy strategiyasining chegaralari va uzoq muddatli oqibatlari Xitoyning hisob-kitobli vazminlik strategiyasi ham o‘ziga xos zaifliklar va ziddiyatlardan xoli emas. Ularning eng yaqqoli “ikki xil maqsadda qo‘llanuvchi texnologiyalar” muammosidir. Demokratiyani himoya qilish jamg‘armasi (Foundation for Defense of Democracies) hisobotlariga ko‘ra, Xitoy bilan aloqador firmalar Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi qo‘mondonlariga AQSH harbiy inshootlari, jumladan, Shahzoda Sulton havo bazasining yuqori aniqlikdagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini taqdim etgan .  Bunday faoliyatga davlat darajasida ruxsat berilganmi yoki bu “kulrang hudud”da ish yurituvchi tijoriy tuzilmalarning harakatimi, bundan qat’i nazar, bu Pekinni Vashingtonning qarshi bosimiga duchor qiladi va uning betaraf diplomatik vositachi sifatidagi mavqeyiga putur yetkazadi. Uzoq muddatli strategik yo‘qotish bundan-da jiddiyroq bo‘lishi mumkin. Xitoy o‘zining Yaqin Sharqdagi “Bir makon, bir yo‘l” strategiyasining tamal toshi sifatida o‘ziga ishongan, bo‘ysunmas va yadroviy da’volarga ega Eronga umid bog‘lagan edi. Qattiq zarbaga uchragan, ichki ziddiyatlar girdobida qolgan Eron endi Amerika e’tiborini chalg‘ituvchi ishonchli omil vazifasini bajara olmaydi . Eron portlari, temir yo‘l yo‘laklari va energetika infratuzilmasiga bog‘liq bo‘lgan “Bir makon, bir yo‘l” loyihalari esa endi yanada kuchliroq beqarorlikka yuz tutmoqda. AQSH hukmronlik qiladigan dengizdagi muhim nuqtalarni chetlab o‘tuvchi xavfsiz quruqlikdagi energiya yo‘lagini barpo etish g‘oyasi jiddiy zarba ostida qoldi. Bundan tashqari, Xitoyning bir vaqtning o‘zida Eronni qo‘llab-quvvatlab, Fors ko‘rfazidagi arab monarxiyalari bilan aloqalarni muvozanatda ushlab turishga qaratilgan ko‘p yillik sa’y-harakatlari mohiyatan ziddiyatli ekani fosh bo‘ldi. Atlantika Kengashining ssenariylar tahlilida urushdan keyingi geosiyosiy tartibning to‘rtta ehtimoliy rivojlanish yo‘nalishi ko‘rsatilgan: tizim barqarorligini saqlab qoladigan AQSHning cheklangan muvaffaqiyatidan tortib, Xitoyning jiddiy bilvosita aralashuvi bilan javob berishigacha bo‘lgan ssenariy.  Bunday aralashuv mintaqaviy ziddiyatni tizimli qarama-qarshilikka aylantiruvchi ilg‘or razvedka ma’lumotlari, Eron kuchlariga logistik yordam hamda Tayvan bo‘g‘ozi kabi parallel teatrlarda muvofiqlashtirilgan bosimlarni o‘z ichiga oladi. Pekin birinchi yo‘nalishni afzal ko‘rishi tayin. Ikkinchi yo‘nalish tomon har qanday keskinlashuv Xitoy strategiyasining g‘alabasi emas, balki mag‘lubiyatini anglatgan bo‘lardi.   Xulosa. Xitoyning AQSH-Eron urushi geosiyosatidagi o‘rni na “Pekin urushning asosiy manfaatdori” degan bayonotiga, na “Xitoy bu jarayonda shunchaki yo‘q” degan mensimaslikka mos keladi. Dalillar shuni ko‘rsatadiki, Pekin puxta o‘ylangan vazminlik doktrinasiga amal qilmoqda. U haqiqiy iqtisodiy xarajatlarni o‘z zimmasiga olmoqda, energetikadagi tarkibiy zaifliklarni katta mahorat bilan boshqarmoqda. Amerikaning harbiy harakatlari natijasida yuzaga kelgan diplomatik oqibatlardan o‘zining ko‘p qutbli dunyo haqidagi g‘oyasini ilgari surish uchun foydalanmoqda va rad etish imkoniyatini saqlab qoladigan kanallar orqali yashirincha bosim o‘tkazmoqda. Bu pozitsiya tizimli barqarorlikni milliy qudratning zaruriy sharti deb biladigan va Amerikaning haddan tashqari ekspansiyasini kengayish imkoniyati emas, balki ogohlantiruvchi saboq sifatida ko‘radigan strategik madaniyatni aks ettiradi. Biroq, bu urush zaif hamkorlikka qurilgan buyuk strategiyaning cheklangan ekanini fosh qildi. Zaiflashgan Eron, uzilib qolgan “Bir makon, bir yo‘l” dahlizlari va ikki maqsadli texnologiyalar uzatilishining qattiq nazoratga olinishi, bularning barchasi Pekin o‘zi tanlamagan va osonlikcha bartaraf eta olmaydigan yo‘qotishlardir. Xitoyning taktik imkoniyatlardan voz kechib, strategik sabrni afzal ko‘rishi uning Yaqin Sharqdagi uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qiladimi yoki yo‘qmi, urushning qanday va qanchalik tez tugashiga bog‘liq bo‘ladi. Vashingtonning Xitoyga oid munozaralarida ustunlik qiladigan soddalashtirilgan “yutdim-yutqazdim” qolipi vaziyatni yoritishdan ko‘ra ko‘proq xiralashtiradi. Bu inqirozda Xitoyning kuchi uning nima qilganida emas, balki nimalarni qilmaslik uchun o‘zida yetarli intizom topa olganida namoyon bo‘ladi. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

25 Aprel 2026

Global sun’iy intellekt infratuzilmasi poygasining oqibatlari

Jahon iqtisodiyoti Sanoat inqilobidan keyingi eng yirik infratuzilmaviy va texnologik burilishlardan birini boshdan kechirmoqda, bu global sun’iy intellekt infratuzilmasining shakllanishi bilan bog‘liq. Global iqtisodiy arxitektura texnologik rivojlanishning sifat jihatidan yangi bosqichiga qadam qo‘ydi, uning asosiy xususiyati raqamli iqtisodiyotning asosan dasturiy ta’minotga asoslangan modelidan sun’iy intellektning (SI) sarmoyatalab infratuzilmaviy modeliga o‘tish hisoblanadi. Agar oldingi o‘n yilliklarda texnologik kompaniyalar qiymati o‘sishining asosiy manbai dasturiy mahsulotlar va intellektual mulk bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda iqtisodiy dinamikaning poydevoriga moddiy hisoblash infratuzilmasi aylanmoqda. Gap yirik ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini (MQIM) qurish, ixtisoslashtirilgan grafik protsessorlarni xarid qilish, sovutish tizimlarini yaratish va yuqori unumdorlikka ega hisoblash klasterlari faoliyatini ta’minlashga qodir energiya tarmoqlarini rivojlantirish haqida bormoqda. Amalda yangi texnologik ekotizim shakllanmoqda, unda hisoblash quvvatlarini jismoniy jihatdan ta’minlash sanoat davridagi transport infratuzilmasi yoki energetika tizimlarining roliga tenglashadigan strategik ahamiyat kasb etmoqda. Global SI infratuzilmasining haqiqiy holati haqida MQIMlarning mamlakatlar bo‘yicha taqsimlanishi statistikasi tasavvur beradi. 2026-yil boshidagi holatga ko‘ra, dunyoda qariyb 10800 ta yirik ma’lumotlar markazi mavjud, shu bilan birga, ularning joylashuvi o‘ta notekis xususiyatga ega. Bu borada mutlaq yetakchi AQSh bo‘lib qolmoqda, uning hududida taxminan 3960 ta markaz joylashgan, bu esa global infratuzilmaning qariyb 37 foizini tashkil etadi. Shunday qilib, dunyodagi har 10 ta ma’lumotlar markazining qariyb to‘rttasi AQShga to‘g‘ri keladi va bu mamlakatga bulutli hisoblashlar hamda sun’iy intellekt tizimlarini rivojlantirish sohasida sezilarli texnologik ustunlikni ta’minlaydi. Nisbatan kichikroq, ammo baribir e’tiborga molik infratuzilmaviy klasterlar Buyuk Britaniya (498), Germaniya (470), Xitoy (365) va Fransiyada (335) shakllantirilgan. Boshqa yirik o‘yinchilar qatoriga Yaponiya (249), Avstraliya (268), Hindiston (275) va Braziliya (198) kiradi. Shuni ta’kidlash joizki, hatto davlatning faol qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, Xitoy ma’lumotlar markazlari soni bo‘yicha hozircha bir qator Yevropa davlatlaridan ortda qolmoqda. Ushbu infratuzilmaning geografik tuzilmasi hisoblash quvvatlarining Shimoliy Amerika, Yevropa va Sharqiy Osiyoning rivojlangan iqtisodiyotlarida yuqori darajada to‘planganligidan dalolat beradi, ayni paytda Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining katta qismi bunday obyektlarni joylashtirish uchun faqat cheklangan imkoniyatlarga ega. Bunday assimetriya hisoblash resurslaridan foydalanishda barqaror uzilishni keltirib chiqaradi va ko‘plab davlatlarning yetakchi texnologik markazlar infratuzilmasiga qaramligini kuchaytiradi. SI infratuzilmasiga kiritilayotgan sarmoyalar ko‘lami allaqachon tarixdagi eng yirik sanoat loyihalari bilan tenglashadigan darajaga yetdi. Mavjud hisob-kitoblarga ko‘ra, AQShning to‘rtta eng yirik texnologik korporatsiyasi – Microsoft, Alphabet, Meta va Amazonning jami kapital xarajatlari 2025-yil yakunlariga ko‘ra 370 milliard dollardan 700 milliard dollargachani tashkil etdi. Agar o‘sishning joriy sur’atlari saqlanib qolsa, ularning investitsiyalari AQSh YaIMning 2 foizidan oshib ketishi mumkin. Tarixiy taqqoslash uchun, bunday ko‘lamdagi sarmoyalar 19-asrda AQShning milliy temir yo‘l tarmog‘i qurilishi davrida kuzatilgan bo‘lib, u mamlakatning o‘nlab yillar davomidagi sanoat yetakchiligiga poydevor yaratgan edi. Biroq, o‘sha loyihalardan farqli o‘laroq, hozirgi texnologik infratuzilma asosan xususiy kapital hisobidan va kelajakdagi iqtisodiy foyda borasida ancha yuqori noaniqlik sharoitida yaratilmoqda. Shu bilan birga, ekspertlar doirasida hisoblash quvvatlari bozorida ehtimoliy infratuzilmaviy pufak shakllanishi borasida tobora ko‘proq xavotirlar bildirilmoqda. Eng yirik texnologik kompaniyalar SI modellarining yangi avlodlari mehnat unumdorligining keskin o‘sishini ta’minlashi hamda raqamli xizmatlarning mutlaqo yangi bozorlarini yaratishidan umid qilib, keng ko‘lamli ma’lumotlar markazlarini qurmoqda va millionlab ixtisoslashtirilgan protsessorlarni xarid qilmoqda. Biroq, bunday quvvatlarga bo‘lgan tijorat talabining haqiqiy ko‘lami hozircha noaniqligicha qolmoqda. Agar SI joriy etilishidan kutilayotgan iqtisodiy samara prognoz qilinganidan past bo‘lib chiqsa, qurilgan infratuzilmaning katta qismi to‘liq quvvatda ishlamasligi mumkin. Transport tizimlari yoki energiya tarmoqlari kabi an’anaviy infratuzilma aktivlaridan farqli o‘laroq, ma’lumotlar markazlari uskunalari nisbatan qisqa texnologik davrga ega. Ixtisoslashtirilgan chiplar uch-to‘rt yil ichidayoq ma’nan eskiradi, bu esa doimiy yangilanishlarni va qo‘shimcha sarmoyalarni talab qiladi. Binobarin, talab qilinmaydigan hisoblash quvvatlarining to‘planib qolish xavfi uskunalarning tezkor texnologik eskirishi bilan qo‘shilib ketadi, bu esa tarmoq rivojlanishining joriy modelini talab o‘zgarishlariga nisbatan ayniqsa ta’sirchan qilib qo‘yadi. O‘sib borayotgan moliyaviy xavf-xatarlarning yaqqol misoli sifatida Amerikaning Oracle korporatsiyasi atrofidagi vaziyatni keltirish mumkin. Uzoq vaqt davomida korporativ dasturiy ta’minot va bulutli yechimlar sohasidagi asosiy o‘yinchilardan biri hisoblanib kelgan ushbu kompaniya joriy yilning bahoriga kelib sezilarli qarz bosimi ostida qoldi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, uning qarz majburiyatlarining umumiy hajmi 137 milliard dollardan oshib ketdi. Yuqori foiz stavkalari sharoitida bunday qarz yuki kompaniyaning infratuzilma loyihalarini yanada kengaytirish imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklaydi. Eng yirik reyting agentliklari allaqachon kompaniyaning kredit reytingi yuqori xavfli aktivlar toifasigacha tushirib yuborilishi ehtimoli haqida ogohlantirmoqda. Obligatsiyalar va aksiyalar chiqarish orqali qo‘shimcha moliya jalb qilish urinishlari bozorning salbiy reaksiyasini keltirib chiqardi, buning natijasida kompaniya aksiyalari qiymati 2025-yil kuzidan buyon ikki baravardan ko‘proqqa qisqardi. Korporativ doiralarda xodimlarni ommaviy qisqartirish va investitsiya rejalarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ehtimoliy choralar muhokama qilinmoqda. Joriy moliyaviy tuzilmaning alohida zaifligini yirik texnologik kompaniyalar va SI dasturchilari o‘rtasidagi o‘zaro qaramlik yuzaga keltirmoqda. Xususan, yetakchi dasturchi OpenAI uchun hisoblash quvvatlarini rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan keng ko‘lamli “Stargate” infratuzilma loyihasi Oracle’ning asosiy bulutli infratuzilma yetkazib beruvchilardan biri sifatida ishtirok etishini nazarda tutadi. Shu bilan birga, OpenAI’ning o‘zi zarar ko‘rib ishlayotgan kompaniya bo‘lib qolmoqda, uning 2026-yildagi prognoz qilinayotgan operatsion zararlari taxminan 14 milliard dollarni tashkil etishi mumkin. Tarmoqda o‘zaro sarmoyalar va moliyaviy oqimlarning murakkab tizimi shakllandi, bunda ba’zi texnologik kompaniyalar tomonidan SI dasturchilariga kiritilgan mablag‘lar keyinchalik boshqa kompaniyalarning bulutli xizmatlariga to‘lov qilish uchun yo‘naltiriladi, ular esa o‘z navbatida olingan resurslardan protsessor ishlab chiqaruvchilardan uskunalar xarid qilish uchun foydalanadilar. Moliyalashtirishning bunday yopiq zanjirli tuzilmasi tizimli xavflarni kuchaytiradi, chunki zanjir elementlaridan biridagi uzilish umumiy hajmi trillionlab dollar bilan baholanadigan bozorda zanjirli reaksiyani keltirib chiqarishi mumkin. Moliyaviy cheklovlardan tashqari, SI infratuzilmasini rivojlantirish jiddiy energetik to‘siqlarga ham duch kelmoqda. Zamonaviy ma’lumotlar markazlari ulkan hajmdagi elektr energiyasini talab qiladi va ularning iste’moli tez o‘sishda davom etmoqda. Amerika tahlil markazlarining baholashlariga ko‘ra, yaqin yillarning o‘zida ma’lumotlar markazlari AQShda ishlab chiqariladigan barcha elektr energiyasining 17 foizigachasini iste’mol qilishi mumkin. Bunday yuklama ko‘pchiligi o‘nlab yillar oldin qurilgan va bu qadar jadal iste’molga mo‘ljallanmagan mavjud energiya tarmoqlariga sezilarli bosim o‘tkazadi. Bir qator mintaqalarda, jumladan, Virjiniya va Texas shtatlarida, energiya tizimida ortiqcha yuklanishlar va elektr ta’minotidagi uzilishlar yuzaga kelgan taqdirda harakatlar rejasi muhokama qilinmoqda. Ushbu vaziyatga javoban, AQShning federal tartibga soluvchi organlari yirik ma’lumotlar markazlarini milliy energiya tizimiga ulanish qoidalarini kuchaytirish tashabbusi bilan chiqdilar. Yangi tartibga solish siyosati amalda texnologik korporatsiyalardan generatsiya qiluvchi quvvatlarni qurish va mintaqaviy energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishga mustaqil ravishda sarmoya kiritishni talab qiladi. Bu ekspertlar doirasida texnologik kompaniyalar boshqaruvidagi “yadroviy renessans” nomini olgan yangi tendensiyaning shakllanishiga olib keldi. Microsoft kompaniyasi Three Mile Island atom stansiyasidagi reaktorni modernizatsiya qilish va qayta ishga tushirish bo‘yicha qiymati qariyb 1,6 milliard dollarlik loyihani boshladi. Amazon Susquehanna atom stansiyasi quvvatlaridan foydalanish bo‘yicha mutlaq huquqlarni qo‘lga kiritdi, Google esa kichik modulli yadro reaktorlarini (KMYaR) ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha shartnomalar tuzdi. Shunday qilib, texnologik korporatsiyalar asta-sekin nafaqat raqamli infratuzilma operatorlariga, balki energetika sektoridagi yirik sarmoyadorlarga ham aylanib bormoqda. Yangi texnologik ekotizimda asosiy rolni Nvidia kompaniyasi o‘ynashda davom etmoqda, u amalda SI tizimlari uchun ixtisoslashtirilgan grafik protsessorlarning monopol yetkazib beruvchisiga aylandi. Kompaniyaning bozor kapitallashuvi 3 trillion dollarga yaqinlashmoqda, uning daromadlarining 90 foizigacha bo‘lgan qismi esa ma’lumotlar markazlari segmenti hissasiga to‘g‘ri keladi. Biroq, ushbu mavqe ham yangi xavf-xatarlarga duch kelmoqda. AQSh tomonidan eksport cheklovlarining kuchaytirilishi ixtisoslashtirilgan protsessorlarni Xitoy bozoriga yetkazib berishning cheklanishiga olib keldi va allaqachon ko‘p milliard dollarlik zararlarning hisobdan chiqarilishiga sabab bo‘ldi. Shu bilan bir vaqtda, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi texnologik raqobat kuchayib bormoqda. Xitoy markazlashtirilgan davlat rejalashtirishiga asoslangan hisoblash infratuzilmasini rivojlantirishning muqobil modelini amalga oshirmoqda. “Sharqdan G‘arbga ma’lumotlar” milliy dasturi yirik hisoblash markazlarini arzon elektr energiyasi va qulay iqlim sharoitlariga ega hududlarda joylashtirishni ko‘zda tutadi. Bu ma’lumotlar markazlarining energiya samaradorligini sezilarli darajada oshirish va ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, Xitoyning apparat ta’minoti sohasida AQShdan texnologik qoloqligi bir necha oygacha qisqarishi mumkin. Shu bilan birga, SI faoliyatining Xitoy modeli ichki nazoratni ta’minlash, ma’lumotlarni tekshirish va axborot xavfsizligining davlat standartlariga rioya etishga yo‘naltiriladigan salmoqli resurslarni talab qiladi, bu esa hisoblash quvvatlaridan foydalanish samaradorligini pasaytiradi. SI infratuzilmasining strategik ahamiyatini oshiruvchi qo‘shimcha omil uning harbiy sohada jadal o‘sib borayotgan rolidir. So‘nggi yillarda yetakchi davlatlar hisoblash quvvatlari va mashinali o‘qitish algoritmlariga kelajakdagi harbiy ustunlikning asosiy elementlaridan biri sifatida qaramoqda. Alohida qurol turlari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan oldingi texnologik inqiloblardan farqli o‘laroq, hozirgi bosqich SIning qaror qabul qilish, razvedka va operatsiyalarni boshqarish tizimiga integratsiyalashuvi bilan tavsiflanadi. Bu shuni anglatadiki, hisoblash infratuzilmasi ustidan nazorat asta-sekin milliy xavfsizlik va harbiy muvozanatning eng muhim omiliga aylanib bormoqda. Bugungi kun holatiga ko‘ra, jangovar sharoitlarda SIdan foydalanishning eng ko‘zga ko‘ringan misollaridan biri Yaqin Sharqdagi harbiy ziddiyat bo‘ldi. Eronga qarshi harbiy kampaniya davomida AQSh harbiy tuzilmalari Palantir kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Project Maven tizimidan faol foydalanmoqda. Tizim sun’iy yo‘ldoshlar, uchuvchisiz apparatlar va boshqa sensor platformalaridan kelib tushadigan ulkan hajmdagi razvedka ma’lumotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan. U avtomatik ravishda ehtimoliy nishonlarni aniqlaydi, ularni muhimlik darajasi bo‘yicha saralaydi va operatorlar uchun tavsiyalar shakllantiradi. Tizimga shuningdek, Anthropic kompaniyasining Claude yirik til modeli integratsiya qilingan bo‘lib, undan razvedka ma’lumotnomalarini qayta ishlash va ma’lumotlar tahlilini tezlashtirish uchun foydalaniladi. Harbiy mutaxassislarning baholashlariga ko‘ra, bunday algoritmlarni qo‘llash operatsiyalar tezligini keskin oshirishga imkon berdi: kampaniyaning faqat birinchi sutkasidayoq operatsiyalar o‘tkazilayotgan hududda mingdan ortiq nishonlar aniqlandi va zarba berildi, mart oyi o‘rtalariga kelib esa ularning soni uch mingdan oshdi. Algoritmlar soatiga minggacha nishon bo‘yicha tavsiyalar berish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu an’anaviy insoniy tahlil imkoniyatlaridan sezilarli darajada ustundir. Ushbu tajriba bunday texnologiyalarning afzalliklari bilan bir qatorda ularning cheklovlarini ham ko‘rsatib berdi. SIdan foydalanish tarafdorlari zarbalar aniqligining oshishini va razvedka ma’lumotlarini tahlil qilishda inson omili ta’sirining pasayishini ta’kidlamoqdalar, biroq murakkab meteorologik sharoitlarda va soxta nishonlardan foydalanilganda bunday tizimlarning samaradorligi pasayadi. Bundan tashqari, harbiy operatsiyalarda fuqarolik SI modellaridan foydalanish allaqachon mudofaa idoralari va texnologik kompaniyalar o‘rtasida huquqiy hamda siyosiy tortishuvlarni keltirib chiqardi. Shunga qaramay, harbiy rahbariyat SIning razvedka va nishonga olishda muhim vosita ekanligini e’tirof etmoqda, Yaqin Sharqdagi joriy kampaniya esa ushbu texnologiyalarning eng yirik sinovlaridan biriga aylandi. Kengroq ma’noda, bu hisoblash quvvatlari sohasidagi AQSh va Xitoy raqobati harbiy-strategik ko‘lam kasb etayotganidan dalolat beradi. Hisoblash quvvatlarining jadal o‘sishi fonida sohani tartibga solish: xususiy kompaniyalarning hisoblash resurslari hajmini cheklash, yuqori unumdorlikka ega grafik protsessorlardan foydalanishni litsenziyalash bo‘yicha xalqaro munozaralar kuchaymoqda. Yaqin vaqtgacha bu g‘oya marginal hisoblangan bo‘lsa-da, bugungi kunda u hukumatlararo maslahatlashuvlar kun tartibiga sekin-asta kirib bormoqda. Global SI infratuzilmasining shakllanishi o‘n yillikning asosiy iqtisodiy jarayonlaridan biriga aylanmoqda. Bir tomondan, u o‘sishning yangi manbalarini ochib bersa, ikkinchi tomondan – keng ko‘lamli sarmoyalar va energetik cheklovlar jiddiy tizimli xavflarni yaratmoqda. Strategik nuqtai nazardan, bu jahon kuchlar muvozanatining yangi asosi shakllanayotganidan dalolat beradi. Agar 20-asrda ta’sir o‘tkazishning asosiy omillari sanoat salohiyati, energetika resurslari va yadro texnologiyalari bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning qatoriga davlatlarning keng ko‘lamli hisoblash quvvatlarini ta’minlash va SI infratuzilmasini nazorat qilish qobiliyati ham qo‘shilmoqda, bu o‘z navbatida shaxsiy suveren hisoblash bazasining mavjudligini uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiy va texnologik mustaqillikni saqlab qolishning eng muhim shartlaridan biriga aylantiradi. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

20 Aprel 2026

Pokistonning Eron va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi muzokaralardagi roli

Muallif: Islomov Bositxon, JIDU talabasi, IXTI amaliyotchisi   8-aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari va Eron Islom Respublikasi 40 kunlik qurolli qarama-qarshilikdan so‘ng ikki haftalik vaqtinchalik sulhga erishdi. AQSh Prezidenti Donald Tramp hamda Eron rahbariyati ushbu kelishuvga erishishda Pokistonning muhim rolini e’tirof etib, uning vositachilik sa’y-harakatlari mojaroning yanada keskinlashuvining oldini olishda samarali bo‘lganini ta’kidladilar. Mazkur holatda mantiqiy savol tug‘iladi: nega aynan Pokiston, Turkiya yoki Misr kabi boshqa mintaqaviy aktyorlar emas, balki mojaroga jalb etilgan tomonlar o‘rtasida asosiy vositachi sifatida namoyon bo‘ldi?   Pokiston–Eron munosabatlari Pokiston va Eron 900 kilometrdan ortiq umumiy chegaraga ega bo‘lib, bu xavfsizlik sohasida yuqori darajadagi o‘zaro bog‘liqlikni yuzaga keltiradi. Eron 1947-yilda Pokiston mustaqilligini tan olgan birinchi davlat bo‘lgan, Pokiston esa o‘z navbatida Eron Islom Respublikasini Islom inqilobidan so‘ng tan olgan. Shunga qaramay, ikki tomonlama munosabatlar ambivalent xususiyatga ega bo‘lgan. 1990-yillarda davlatlar Afg‘oniston masalasida turlicha pozitsiyalarni egallagan, bu esa keskinlikni kuchaytirgan. 2000-yillarda munosabatlar asta-sekin yaxshilandi, biroq 2024-yil yanvar oyida tomonlar o‘z hududlariga raketa zarbalari berib, harakatlarini terrorizmga qarshi kurash bilan izohlagan qurolli hodisa yuz berdi. Shunga qaramay, inqiroz tezkor tarzda deeskalatsiya qilindi, bu esa mojarolarni boshqarish mexanizmlarining mavjudligini ko‘rsatadi. 2025-yilda mintaqaviy inqirozlar fonida, jumladan Isroil va Eron o‘rtasidagi qisqa muddatli urush hamda Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi qarama-qarshilik sharoitida, munosabatlarda sezilarli yaxshilanish kuzatildi. Pokiston Isroil harakatlarini ochiq tanqid qildi, Hindiston esa neytral pozitsiyani saqlab qoldi. Bu holat Pokistonning Eron uchun yanada ishonchli va bashorat qilinadigan hamkor sifatida qabul qilinishini mustahkamladi. Shu bilan birga, Pokiston AQSh bilan yaqinlashuvni ham namoyon eta boshladi. Xususan, Pokiston Quruqlik qo‘shinlari bosh shtabi boshlig‘i Asim Munir 2025-yil iyun oyida Oq uyga tashrif buyurib, Prezident Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bundan tashqari, Pokiston Trampni Nobel tinchlik mukofotiga nomzod sifatida ilgari surishni taklif qildi. Mazkur ikkiyoqlama tashqi siyosiy yo‘nalish Pokistonga Vashington va Tehron o‘rtasida o‘ziga xos “ko‘prik” rolini egallash imkonini berdi. Bunda muhim omil sifatida Pokistonning o‘ziga xos diplomatik maqomi namoyon bo‘ladi: 1979-yilgi Islom inqilobidan so‘ng Eron AQSh bilan bevosita diplomatik aloqalarga ega emas va bunday sharoitda Eron manfaatlari AQShda an’anaviy ravishda Pokiston diplomatik kanallari orqali ifodalangan.   Pokiston–AQSh munosabatlari: keskinlikdan pragmatik yaqinlashuvga Tarixan AQSh va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar murakkab bo‘lgan. 2001-yil 11-sentabr voqealaridan so‘ng Vashington bir necha bor Islomobodni terrorizmga qarshi kurashda yetarli sa’y-harakat qilmaslikda ayblagan. Keskinlikning cho‘qqisi 2011-yilda AQSh kuchlari “Al-Qoida” yetakchisi Usama bin Ladenni Pokiston hududida, mahalliy hukumatni oldindan ogohlantirmagan holda yo‘q qilganida kuzatildi. Shunga qaramay, 2025-yil o‘rtalaridan boshlab tomonlar o‘rtasida pragmatik manfaatlar asosida munosabatlarning bosqichma-bosqich normallashuvi kuzatilmoqda. Pokiston Tramp ma’muriyati tomoniga bir qator qadamlar tashladi, bu esa siyosiy muloqotni tiklashga xizmat qildi.   Pokiston uchun Yaqin Sharqning strategik ahamiyati: energetik omil Yaqin Sharq Pokiston uchun, ayniqsa energetika sohasida, muhim strategik ahamiyatga ega. Import qilinadigan neftning 80 foizdan ortig‘i Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar kabi davlatlardan keladi, bunda asosiy tranzit yo‘li sifatida Hormuz bo‘g‘ozi xizmat qiladi. 28-fevral kuni mojaro boshlanganidan so‘ng Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali dengiz qatnovini sezilarli darajada chekladi, bu esa global energetik inqirozni keltirib chiqardi. Pokiston uchun oqibatlar ayniqsa og‘ir bo‘ldi: aprel boshiga kelib yoqilg‘i narxlari taxminan 54 foizga oshdi, bu esa keng ko‘lamli ijtimoiy noroziliklarga va inflyatsiya bosimining kuchayishiga olib keldi. Qo‘shimcha omil sifatida 2025-yil sentabr oyida Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida tuzilgan kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi kelishuvni keltirish mumkin bo‘lib, u mohiyatan NATOning 5-moddasiga o‘xshash kollektiv mudofaa tamoyiliga yaqin. Eronning Saudiya hududiga raketa zarbalari berishi sharoitida Pokiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri mojaroga tortilish xavfi bilan yuzlashdi. Bunday ssenariy keng ko‘lamli eskalatsiyaga, jumladan Belujiston va Siston chegaraviy hududlarida terroristik guruhlarning faollashuviga olib kelishi mumkin edi.   Pokistonning diplomatik tashabbuslari Pokiston muzokaralar jarayonini faol ravishda ilgari surdi. Islomobod tashabbusi bilan Turkiya, Saudiya Arabistoni, Misr va Pokiston tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi o‘tkazilib, unda mojaroni hal etishning ehtimoliy ssenariylari muhokama qilindi. Keyinchalik Pokiston Bosh vaziri o‘rinbosari Is’hoq Dar Xitoyga tashrif buyurib, tomonlar deeskalatsiya va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan besh asosiy banddan iborat kompleks rejani ishlab chiqdilar. Erishilgan kelishuvni rivojlantirish maqsadida 10-aprel kuni Islomobodda navbatdagi muzokaralarni o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, unda barcha tomonlar ishtirok etishga rozilik bildirgan.   Xulosa Umuman olganda, Pokistonning vositachilik sa’y-harakatlari mojaroni tartibga solishda yuqori samaradorlikni namoyon etdi. Amerika va Eron hukumatlari uchun maqbul bo‘lgan omillarning noyob uyg‘unligi tufayli Pokiston tomonlar o‘rtasida axborot almashinuvi uchun platforma vazifasini bajardi — bu esa Qatar va Ummon kabi davlatlarda o‘tkazilgan avvalgi muzokaralar bosqichlarida to‘liq ta’minlanmagan edi. Eron–AQSh mojarosining Pokiston uchun ekzistensial ahamiyatga ega ekanligini inobatga olgan holda, mamlakat rahbariyati sezilarli bosimlarga qaramay faol va qat’iy siyosat yuritdi. Bundan tashqari, Pokiston o‘z diplomatik tashabbuslariga Xitoy, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Misr kabi mintaqaviy hamda global aktorlarni jalb eta oldi. Shu tariqa, Pokiston vositachiligining muvaffaqiyati nafaqat uning diplomatik sa’y-harakatlari, balki uni mazkur mojaroda eng samarali vositachiga aylantirgan strategik, iqtisodiy va geosiyosiy omillarning noyob uyg‘unligi bilan izohlanadi. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

16 Aprel 2026

Orbandan keyingi Vengriya: elektoratning qayta saflanishi va konfrontatsion suverenizm chegaralari

JIDU talabasi va IXTI amaliyotchisi Roksana Izzatova bilan hamkorlikda Joriy yilning 12-aprelda bo‘lib o‘tgan Vengriya parlament saylovlari, mamlakatning Yevropa iqtisodiyotidagi ulushi taxminan 1,1% YeI YaIMni va birlashma aholisining taxminan 2%ni tashkil etishidan qat’iy nazar, o‘z ahamiyatini birinchi navbatda V. Orbán hukmronligining o‘n olti yili davomida Yevropa siyosatida egallagan tizimli roli bilan belgilaydigan voqeadir. Ovozlarning taxminan 99 foizi sanab bo‘lilgach olingan ma’lumotlarga ko‘ra, P. Magyar boshchiligidagi muxolifat partiyasi «Tisa» parlamentdagi 199 o‘rindan 138tasini, ya’ni konstitutsiyaviy ko‘pchilikni qo‘lga kiritmoqda, V. Orbánning «Fides»i esa atigi 55 o‘rin bilan kifoyalanmoqda. Saylovchilarning yuqori darajada siyosiy faolligini namoyon etgan va rekord 79,5 foizlik ishtirok ko‘rsatkichi bunday muhim natijaning asosiy omillaridan biriga aylandi. I. V. Orbán mag‘lubiyatining omillari va avvalgi modelning transformatsiyasi. Saylov natijalari ichki va tashqi omillarning kombinatsiyasi bilan belgilanadiki, ular birgalikda Viktor Orbán siyosiy tizimining barqarorligini zaiflashtirdi. Birinchidan, korrupsiyaga qarshi safarbarlik hal qiluvchi rol o‘ynadi. Mustaqil tadqiqotchilarning bahosiga ko‘ra, «Fides» hukmronligi yillari davomida iqtisodiyotdan hokimiyat bilan aloqador tuzilmalar foydasiga taxminan 28 milliard yevro chiqarib yuborilgan. Buning natijasida korrupsiya tizimli va oshkora hodisa sifatida qabul qilina boshladi, bu esa «Fides»ning an’anaviy saylovchilari o‘rasidagi ishonchni ham pasaytirdi. Péter Magyar bu talabni siyosiy jihatdan o‘zining foydasiga ishlatdi hamda korrupsiyaga qarshi kurashni kampaniyasining markaziy elementiga aylantirdi. Ikkinchidan, iqtisodiy norozilik muhim omil bo‘ldi. Iqtisodiy stagnatsiya, past ish haqi fonida narxlarning o‘sishi, shuningdek sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimining yomonlashuvi tanqidiy kayfiyatlarni kuchaytirdi. Bu muxolifatlar uchun kampaniya e’tiborini mafkuraviy masalalardan kundalik ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga ko‘chirish imkonini berdi. Uchinchidan, muxolifatning konsolidatsiyasi va saylov tizimining o‘ziga xosligi muhim rol o‘ynadi. Oldingi saylovlardan farqli ravishda muxolifat kuchlari «Tisa» partiyasi atrofida birlashdi va bu «Fides» dominantligiga moslab shakllantirilib bo‘lgan tizimdan samarali foydalanishga imkon berdi. To‘rtinchidan, tashqi siyosiy kontekst va «Tramp effekti» muhim omil bo‘ldi. D. Tramp va D. Vansning qo‘llab-quvvatlashi V. Orbán mavqeini mustahkamlash o‘rniga o‘zini samarasiz ko‘rsatdi. Yevropada kuchayib borayotgan Amerika qarshi kayfiyatlar va AQSh tashqi siyosati bilan bog‘liq keskinlik sharoitida bunday uyushma «Fides» jozibadorligini saylovchilarning bir qismi uchun pasaytirdi. Shunday qilib, o’ng kuchlarning transatlantik ittifoqi ustunlikka emas, balki saylovchilikka xavf omilga aylandi. Beshinchidan, V. Orbánning tashqi siyosiy yo‘nalishiga nisbatan qabul tarzidagi o‘zgarish muhim rol o‘ynadi. Uning Rossiyaga mo‘tabarligi, YeI qarorlarini bloklashi va Ukrainaga nisbatan tanqidiy ritorikalari Vengriyaning suverenitetini himoya qilish sifatida emas, balki xalqaro izolyatsiya omili sifatida qabul qilina boshladi. Oltinchidan, ijtimoiy-demografik o‘zgarishlar, xususan yoshlarning siyosiy faolligining ortishi muhim ahamiyat kasb etdi. 30 yoshdan kichik saylovchilarning uchdan ikki qismigacha V. Orbánga qarshi chiqdi, shahar saylovchilarining ommaviy safarbarligining esa muxolifat g‘alabasi omillaridan biriga aylandi. II. Vengriyaning siyosiy kursini transformatsiya qilish istiqbollari. Saylovdagi g‘alabadan so‘ng bo‘lgan birinchi katta matbuot anjumanida P. Magyar quyidagi ustuvorliklarni belgilab berdi: Birinchi va eng muhim ustuvorlik Vengriyaning Yevropa Ittifoqi mablag‘lariga kirishini imkon qadar tezroq tiklash bo‘lib belgilandi, chunki Yevropa Komissiyasi Vengriyaga mo'jallangan 27 milliard yevroning 17 milliard yevrosini to‘tatib qo‘ygan, shuningdek Budapeshtning ittifoq a’zolari mudofaa ishlab chiqarishini rag‘batlantirish uchun mo‘jallangan 150 milliard yevrolik kredit instrumenti rejasini ma’qullamagan. Buning uchun u to‘rt komponentli rejani taqdim etdi: korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar, Yevropa prokurorlik idorasiga qo‘shilish, sud va tergov tizimi mustaqilligini tiklash, matbuot erkinligini ta’minlash, shuningdek universitetlarni siyosiylashtirmaslik va akademik erkinlikni himoya qilish. Ikkinchi muhim yo‘nalish sifatida P. Magyar Vengriyaning yevrozonaga qo‘shilishi masalasini ko‘rib chiqishni ko‘rsatdi. U bu mavzuni makroiqtisodiy barqarorlashtirish vazifasi bilan bog‘ladi, biroq yakuniy qaror byudjet holatini baholash va iqtisodiy aktorlar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng qabul qilinishi kerakligini ta’kidladi. Ukraina borasida u Budapeshtning ikki tomonlama munosabatlarni normallashtirish va Kiyev bilan siyosiy muloqotga kirishishga tayyorligi to‘g‘risida ma’lum berdi. Shu bilan birga u Ukrainaga hududiy yon berish asosidagi tinchlikni majburan qabul qildirmaslik kerakligini ta’kidladi, lekin yaqin kelajakda Ukrainaning YeIga tezlashtirilgan a’zoligiga qarshi chiqdi. Magyar shuningdek Vengriyaning Ukrainaga mo‘jallangan 90 milliard yevrolik YeI kredit paketi dasturidan chiqishini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilib, Vengriyaning og‘ir byudjet holatiga ishora qildi. Moskvaga nisbatan keskinroq ritorikaga qaramay, saylanayotgan bosh vazir energetika siyosatida Vengriya avvalambor iqtisodiy maqsadga muvofiqlikdan kelib chiqishini aniq ko‘rsatdi. U rus energoresurslarini, agar ular arzonroq variant bo‘lib qolsa, xarid etishni davom ettirishga niyatini bildirdi va bu tashqi siyosiy tonusning umumiy o‘zgarishida ham pragmatik uzluksizlik elementlarining saqlanib qolishidan dalolat beradi. Migratsiya masalasida P. Magyar amalda chegaralarni qattiq nazorat qilish kursini tasdiqladi. U YeI migratsiya paktiga qarshi chiqdi, janubiy chegaradagi to‘liqni saqlab qolish niyatini bildirdi va yangi hukumat Yevropa Ittifoqi ichida noqonuniy migrantlarni taqsimlash mexanizmlarini qabul qilishga niyat qilmasligini ma'lum qildi. Shuningdek Vengriya Yevropa sudining migrantlarga munosabat bo‘yicha oldingi qaroriga rioya qilmaganlik uchun unga tahdid solayotgan kunlik 1 million yevrolik jarima masalasini hal etishi zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga TDT doirasidagi Vengriya siyosati, ehtimol, institutsional uzluksizlikni saqlab qoladi, biroq yanada pragmatik va siyosiylashtirmaslik xarakterini egallaydi. Vengriyaning tashkilot a’zosi-kuzatuvchi maqomi, Budapeshtdagi TDT vakolatxonasi mavjudligi va mavjud iqtisodiy, ta’lim hamda siyosiy-diplomatik aloqalar tarmog‘i inobatga olingan holda Budapeshtning tashkilotdan chiqishi ehtimoldan yiroq. Yangi kurs turk yo'alishini Bryusselga tashqi siyosiy muqobil ramzi sifatida ishlatishga emas, balki uni transport, investitsiya, energetika va ta’lim kooperatsiyasi kanali sifatida funksionallashtirishga asoslanadi. Bu ma’noda P. Magyar davrida Vengriya TDT doirasida Yevropa hamkorligi rolini saqlab qolishi mumkin, lekin kamroq mafkuraviy va umumyevropa kursiga ko'proq muvofiq shaklda. Shunday qilib, Vengriya «konfrontatsion suverenitizm» modelidan cheklangan proyevropalik pragmatizm modeligacha o'moqda. Ichki siyosatda asosiy vazifa «Fides»ning institutsional merosini isloh qilish bo'adi. V. Orbán hukmronligi yillarida konstitutsiyaviy normalardan tortib iqtisodiyot va OAVdagi sadoqatli aktorlar tarmoqigacha uzib bo‘lmaydigan nazorat mexanizmlari shakllandi. Konstitutsiyaviy ko‘pchilik mavjud bo‘lsa ham, yangi hokimiyat institutsional qarshilikka duch keladi. Shu bilan birga sud tizimini isloh qilish va huquqning ustunligini tiklash, OAVni siyosiylashtirmaslik va oligarxik tuzilmalar ta'sirini cheklash, korrupsiyaga qarshi islohotlar va davlat xaridlari tizimini qayta ko‘rib chiqish kutilmoqda. III. Umumyevropa va xalqaro oqibatlar. Ushbu saylovlarni Markaziy Yevropadagi millatchilik to‘lqinning barqarorligini ko‘rsatuvchi indikator sifatida baholash mumkin. Budapeshtdagi hokimiyat almashuvi keng doiradagi aktorlar uchun siyosiy hisob-kitoblarning qayta kalibrlashiga muqarrar ravishda olib keladi. Vengriya saylovlari natijalari milliy miqyosdan ancha keng oqibatlarga ega. Birinchidan, bu Yevropadagi o‘ng populistik blokining zaiflab borayotganligidan dalolat beradi. V. Orbán Fransiya, Germaniya va Italiya partiyalarini o‘z ichiga olgan yevroseptik va millatchil kuchlar uchun tayanch shaxs edi. Uning hokimiyatdan ketishi ularning institutsional ta’sirini kamaytiradi va o‘ng harakatlarning transmilliy tarmoqlar konfiguratsiyasini o‘zgartiradi. Ikkinchidan, saylovlar transatlantik o‘ng ittifoqning inqirozini aks ettiradi. Tramp ma’muriyati va Amerika konservatorlarining V. Orbánga ko‘rsatgan qo‘lovi nafaqat yordam bermadi, balki xavf omilga aylandi. Bu AQSh uchun ham oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin, chunki demokratlar saylov natijalarini ichki siyosat uchun potentsial signal sifatida talqin qilmoqda. Uchinchidan, YeI ichida kuchlar qayta taqsimlanishi muhimdir. Muxolifat g‘alabasi Yevropa Komissiyasi mavqeini mustahkamlaydi va qarorlarni bloklashga moyil davlatlar ta’sirini kamaytiradi. Bu Ukraina, sanksiya siyosati va huquqning ustunligi masalalarida qarorlar qabul qilishni tezlashtirishi mumkin. To‘rtinchidan, Rossiya uchun oqibatlar ikki tomonlama xarakter kasb etadi. Bir tomondan, Moskva YeI ichidagi sheriklari biridan mahrum bo‘ladi, boshqa tomondan esa P. Magyarning pragmatik kursi va davom etayotgan energetik o‘zaro bog‘liqlik Rossiyaning ta’sir kanallarini, garchi cheklangan shaklda bo‘lsa-da, saqlab qolishini anglatadi. IV. Markaziy Osiyo va O‘zbekiston uchun ahamiyati. Markaziy Osiyo uchun YeI doirasida barqaror liberal-proyevropalik yo‘nalishning saqlanib qolishi umuman ijobiy ahamiyatga ega bo‘lardi. Bu, avvalambor, Markaziy Osiyo mamlakatlariga grant resurslari, imtiyozli moliyalashtirish, texnik yordam va aralash moliyalashtirish instrumentlariga uzoq muddatli kirish uchun yanada ishonchli zamin yaratadi, shuningdek e’lon qilingan tashabbuslari YeI ichidagi siyosiy nizolar tufayli to’xtatib qo‘yilmasligini ta’minlaydi. Amaliy jihatdan bu mintaqa uchun bir qator ustunliklar yaratadi. Birinchidan, infratuzilma va logistika loyihalarining uzluksiz amalga oshirilishi yanada ehtimolroq bo‘lib qoladi, avvalambor YeI strategik diversifikatsiya yo‘nalishi sifatida ko‘ranadigan Kaspiybo‘yi transport koridori bo‘yicha. Ikkinchidan, suv resurslarini boshqarish, iqlim barqarorligi va energetika modernizatsiyasi sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish bazasi mustahkamlanadi: YeIB allaqachon Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda barqaror transport, suv xo‘jaligi va iqlim barqarorligiga qaratilgan investitsiyalarda 1 milliard yevrogacha mablag‘ jalb qilishi kutilayotgan 365 million yevro ajratish niyatini e’lon qilgan. Uchinchidan, «DARYa» va «Erasmus+» dasturlari orqali insoniy kapital sohasida Yevropa ko‘magining saqlanib qolishi va kengayishi, bu ayniqsa kadrlar tayyorlash, universitet mobiliyati va mintaqa iqtisodiyotining yangi texnologik talablarga moslashishi uchun muhim ahamiyatga ega. Bu Markaziy Osiyoning xalqaro subyektligini mustahkamlaydi: mintaqa Bryussel bilan alohida-alohida davlatlar to‘plami sifatida emas, balki mintaqadagi uzoq muddatli ishtirokda manfaatdor bo‘lgan yanada intizomli va resurslar bilan ta’minlangan kuch markazi sifatida o‘zaro munosabat o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

15 Aprel 2026

AQSh Kongressiga saylov kampaniyasining borishi to'g'risida

Joriy yilning noyabr oyida bo'lib o'tadigan AQSh Kongressiga saylovlar bo'yicha jadal tus olayotgan kampaniya partiyalar o'rtasidagi qutblanishning chuqurlashayotgani hamda Amerika siyosiy tizimida jiddiy tarkibiy qayta guruhlanish yuz berayotganidan dalolat beradi. Rasman, Respublika partiyasi Kongressning har ikkala palatasi va ijro etuvchi hokimiyat ustidan nazoratni saqlab qolmoqda, biroq uning siyosiy imkoniyatlari ichki ziddiyatlar, ma'muriyatning tashqi siyosatidan jamoatchilik noroziligining o'sishi hamda ijtimoiy-iqtisodiy bosimning ortib borishi tufayli tobora cheklanib bormoqda. Ayni paytda, Demokratik partiya o'zining ichki xilma-xilligiga qaramay, Trampga qarshilik asosida jipslashish va Oq uyning boshqaruvdagi kamchiliklaridan elektoral safarbarlik omili sifatida foydalanish imkoniyatiga ega bo'lmoqda. Joriy davrning o'ziga xosligi shundaki, kurash bir vaqtning o'zida bir necha darajada kechmoqda. Birinchi daraja – Vakillar palatasi va Senat ustidan nazorat o'rnatish yo'lidagi respublikachilar va demokratlar o'rtasidagi partiyalararo qarama-qarshilik. Ikkinchi daraja – respublikachilarning o'z ichidagi Trampni qo'llab-quvvatlovchi MAGA qanoti, sentristlar (markazchilar) va an'anaviy konservatorlar o'rtasidagi partiya ichki kurashi. Uchinchi daraja – Demokratik partiya ichida an'anaviy partiya isteblishmenti, mo'tadil va so'l yo'nalishdagi progressiv guruhlar o'rtasida rollarning qayta taqsimlanishi. Bularning barchasi Kongress saylovlarini shunchaki partiyaviy mashinalar bellashuviga emas, balki Amerika hokimiyatining kelajakdagi konfiguratsiyasi atrofidagi yanada kengroq ziddiyat maydoniga aylantiradi. Respublika partiyasi. Zamonaviy respublikachilar lagerining asosiy o'ziga xos xususiyati uning D. Tramp shaxsiga yuqori darajada qaramligi bo'lib qolmoqda. MAGA o'zining hozirgi ko'rinishida Amerika konservatizmining klassik mafkuraviy platformasi emas, balki D. Trampning o'zi, uning ritorikasi, xulq-atvori va partiya elektoratining eng faol qismini safarbarlik holatida ushlab turish qobiliyati legitimlikning markaziy manbai bo'lib xizmat qiladigan shaxsiylashtirilgan siyosiy tuzilmadir. Bu respublikachilarga qisqa muddatli safarbarlik quvvatini ta'minlaydi, biroq ayni paytda partiyaning institutsional barqarorligini zaiflashtiradi, chunki partiya ichidagi sadoqat tobora barqaror dastur atrofida emas, balki yetakchiga nisbatan siyosiy sadoqat atrofida qurilmoqda. Shu fonda Respublika partiyasi ichida uchta yo'nalish tobora yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Birinchisi – agar o'zgarishlar D. Trampdan chiqsa, kun tartibidagi har qanday o'zgarishni qo'llab-quvvatlashga tayyor bo'lgan bevosita Tramp tarafdorlari o'zagi. Ikkinchisi – nomzodlarning saylovchilari orasidagi ommabopligi, Kongress ustidan nazorat va institutlarning boshqaruvchanligi ustuvor bo'lib qolayotgan tizimliroq konservatorlar va partiya pragmatiklari. Uchinchisi – hozircha tashkiliy jihatdan shakllanmagan, ammo D. Trampning siyosiy sikli yakunlanganidan so'ng respublikachilar bazasi kimga meros bo'lib o'tishi haqidagi masala bilan bog'liq bo'lgan shartli post-trampistik qanot. Asosiy partiya ichki kurashi aynan ushbu vektorlar kesishmasida yuz bermoqda. Partiya ichidagi keskinlikning kuchayishiga qo'shimcha omil sifatida Eron kampaniyasi xizmat qildi, u ma'muriyat va partiya ichidagi tashqi siyosat "qirg'iylari" va elektoral pragmatiklar o'rtasidagi ziddiyatni keskinlashtirdi. Respublika isteblishmentining bir qismi kuch ishlatish orqali eskalatsiya qilish qat'iylikni namoyish etadi va kuchli hokimiyat qiyofasini mustahkamlaydi degan yondashuvga asoslanadi. Boshqa qismi esa, aksincha, urushni ichki xarajatlarning o'sishi, jamoatchilik kayfiyatining yomonlashishi va Kongress saylovlarida mag'lubiyatga uchrash xavfi bilan bog'laydi. Bunday sharoitda vitse-prezident J.D. Vens va davlat kotibi M. Rubio kabi ayrim shaxslarning Eron yo'nalishidan ehtiyotkorona uzoqlashishini yakka holat sifatida emas, balki mafkuraviy safarbarlik va elektoral hisob-kitob o'rtasidagi tafovut chuqurlashib borayotganining alomati sifatida baholash lozim. Ijro etuvchi hokimiyatdagi kadrlar bilan bog'liq beqarorlik ham ushbu muammoning jiddiy indikatoriga aylandi. Ichki xavfsizlik vaziri K. Noemning iste'fosi shuni ko'rsatdiki, respublikachilar uchun eng nozik va an'anaviy ravishda yutuqli bo'lgan yo'nalishlar, birinchi navbatda migratsiya siyosati va ichki xavfsizlik masalalari, avtomatik ravishda birlashtiruvchi resurs sifatida ishlashni to'xtatmoqda. Aksincha, janjallar, boshqaruvdagi muammolar va ochiq ziddiyatlar mavjud bo'lgan sharoitda ular ma'muriyatning beqarorligi bilan bog'lana boshlaydi. Saylovoldi kampaniyasi uchun bu ayniqsa nozik masala, chunki migratsiya mavzusi respublikachilar o'ziga xosligining eng muhim elementlaridan biri bo'lib qolmoqda. Tarif siyosati partiya ichidagi ziddiyatning yana bir omiliga aylandi. MAGA makoni uchun proteksionizm iqtisodiy millatchilikning muhim elementi va AQSh sanoat bazasini qayta tiklash uchun kurash ramzi bo'lib qolmoqda. Biroq Oliy sudning D. Tramp tomonidan kiritilgan tariflarni bekor qilish to'g'risidagi qarori va da'vogarlarning ularni qo'llash bilan bog'liq katta miqdordagi mablag'larni qaytarish haqidagi talablari shuni ko'rsatmoqdaki, D. Trampning savdo siyosati faqat siyosiy aktiv sifatida qabul qilinmay qoldi. Qat'iy tarif ritorikasining safarbarlikdagi foydasi bilan uning real ma'muriy, huquqiy va iqtisodiy oqibatlari o'rtasidagi tafovut tobora sezilarli bo'lmoqda. Natijada Respublika partiyasi ichida proteksionistik kursga mafkuraviy sodiqlik tarafdorlari va pragmatikroq ishbilarmon guruhlar manfaatlari o'rtasidagi kelishmovchilik kuchaymoqda. Demokratik partiya. Respublikachilardan farqli o'laroq, demokratlarning inqirozi shaxsiylashtirilgan emas, balki koalitsion xususiyatga ega. Demokratik partiyada partiya isteblishmenti, mo'tadil markazchilar, so'l progressivlar hamda korporatsiyalar va harbiy harakatlarga qarshi chiquvchi radikal qanot ajralib turadi. Odatdagi sharoitlarda bunday tarqoqlik yagona strategiya ishlab chiqishda jiddiy qiyinchiliklarni yuzaga keltirgan bo'lar edi. Shunga qaramay, hozirgi vaqtda D. Trampni umumiy rad etish kayfiyati ichki kelishmovchiliklarni ikkinchi darajaga surib, partiyani keng koalitsiyaga birlashtirmoqda. Demokratlarning siyosiy mantig'i bir nechta o'zaro bog'liq yo'nalishlar atrofida qurilmoqda. Birinchidan, bu institutlarni himoya qilish va D. Trampni Amerika demokratiyasining an'anaviy mexanizmlari yemirilishini tezlashtiruvchi shaxs sifatida ko'rsatish. Ikkinchidan, Oq uyning tashqi siyosiy kursini ichki ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar, birinchi navbatda, yashash narxining oshishi bilan bog'lashga intilish. Uchinchidan, ham mo'tadil, ham progressiv saylovchilarni jalb qilish uchun urushga va inqirozga qarshi ritorikadan foydalanish. Shu orqali demokratlar partiyaning turli qatlamlarini bitta umumiy g'oya atrofida birlashtirish imkoniyatiga ega bo'lmoqdalar: amaldagi ma'muriyat jamiyatga na barqaror strategiya, na ichki iqtisodiy kompensatsiya taklif qilmasdan turib, tashqi xavf-xatarlarni oshirmoqda. Shu bilan birga, Demokratik partiya ichidagi tafovutlar yo'qolib ketmaydi. Partiya markazi va an'anaviy isteblishment boshqaruvning prognoz qilinishini tiklashga, huquqiy normalarni himoya qilishga va ma'muriyatni institutsional cheklashga urg'u berishga moyil. So'l qanot esa vaziyatdan ijtimoiy kun tartibini kengaytirish, tashqi siyosatning harbiylashtirilishini tanqid qilish va korporativ-moliyaviy guruhlarga bosim o'tkazish uchun foydalanishga intiladi. Biroq, qisqa muddatli istiqbolda bu tafovutlar partiyani parchalashdan ko'ra, elektorat qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi. Mo'tadillar va progressivlar turli saylovchilar qatlamiga yuzlanadi, ammo joriy siklda ular umumiy Trampga qarshi doirada harakat qilishadi. Eron inqirozi siyosiy qutblanish omili sifatida. Ichki siyosiy ziddiyatni tezlashtiruvchi asosiy tashqi omil Eron bilan urush bo'ldi. "Bayroq atrofida birlashish" degan an'anaviy mantiqdan farqli o'laroq, harbiy kampaniya ma'muriyatni qo'llab-quvvatlash darajasining o'sishiga olib kelmadi. Mojaroning dastlabki haftalarida harbiy harakatlarni qo'llab-quvvatlash barqaror ravishda past darajada qoldi yoki barqaror ijtimoiy ko'pchilikni shakllantirmaydigan darajada tebranib turdi. Aksariyat so'rovnomalarda harbiy kampaniyani ma'qullash darajasi taxminan 40 foiz atrofini tashkil etdi, norozilar ulushi esa sezilarli darajada yuqori edi. Shu bilan birga, jamoatchilik fikrining eng barqaror xususiyati shunchaki o'rtacha qo'llab-quvvatlash emas, balki mojaroga munosabat borasida partiyalar o'rtasidagi o'ta yuqori qutblanish bo'ldi. Respublikachilar orasida Eronga zarba berishni qo'llab-quvvatlash yuqoriligicha qolgan bo'lsa, demokratlar orasida deyarli bir ovozdan rad etish kayfiyati ustunlik qildi. Mustaqil saylovchilar ham ko'pincha tanqidiy yoki ehtiyotkorona pozitsiyani egallashdi. Bu shuni anglatadiki, mojaro partiyalararo ziddiyatlarni vaqtincha olib tashlashga qodir bo'lgan umummilliy xavfsizlik masalasiga aylanmadi. Aksincha, urush boshidanoq Amerika siyosatiga partiyalar o'rtasidagi va ularning ichidagi mavjud kelishmovchilik chiziqlarini kuchaytiruvchi qutblashtiruvchi omil sifatida kirib keldi. Strategik kommunikatsiya muammosi ham muhim omilga aylandi: ma'muriyat jamiyatda kampaniyaning yakuniy maqsadlari haqida aniq tushunchani shakllantira olmadi. Axborot noaniqligi sharoitida saylovchi siyosiy kursga ratsional baho berishga emas, balki prezidentga bo'lgan ishonchning tayanch darajasiga suyanishga moyil bo'ladi. Natijada harbiy harakatlar elektoratning katta qismi tomonidan birlashtiruvchi omil sifatida emas, balki ichki bo'linishni chuqurlashtiruvchi xavfli qadam sifatida qabul qilinmoqda. Energetik shok va uning elektoral oqibatlari. Tashqi inqirozning ichki siyosiy muammoga aylanishining eng sezilarli kanali yoqilg'i narxining oshishi bo'ldi. AQShdagi energetik shok faqat makroiqtisodiy emas, balki bevosita elektoral ko'rinishga ham ega bo'ldi. Benzin va dizel narxining oshishi an'anaviy ravishda demokratik va respublikachi hisoblangan shtatlarga ham, shuningdek ikkilanuvchi shtatlarga ham tezda o'z ta'sirini ko'rsatdi. Eng muhimi shundaki, nafaqat tashqi yetkazib berishlarga qaram bo'lgan qirg'oqbo'yi hududlari, balki Kongress uchun kurash natijasi ko'p jihatdan bog'liq bo'lgan shtatlar ham zarba ostida qoldi. Tashqi siyosiy eskalatsiya fuqarolar ongida kundalik turmush farovonligi muammosiga aylanib ketdi. Elektoratning katta qismi uchun Eron bilan mojaro geosiyosat masalasi bo'lmay qoldi, u inflyatsiya va xarid qobiliyatining pasayishi katalizatoriga aylandi. Bu o'zining siyosiy kapitalini iqtisodiy barqarorlik va'dasiga qurgan D. Tramp ma'muriyati uchun o'ta jiddiy xavf tug'diradi. Tashqi kurs va ichki iqtisodiy ustuvorliklar o'rtasidagi ziddiyat respublikachilarning elektoral bazasi yaxlitligini xavf ostiga qo'yadi. Natijada, Kongress nafaqat ikki partiya o'rtasidagi bellashuv, balki AQSh siyosiy rivojlanishining turli modellari o'rtasidagi yanada murakkabroq ziddiyat maydoniga aylanmoqda. Respublikachilar uchun kurash bir vaqtning o'zida ko'pchilikni saqlab qolish uchun ham, partiya D. Tramp atrofidagi shaxsiy safarbarlik vositasi bo'lib qoladimi yoki institutsionalroq modelga qaytishni boshlaydimi degan masalani hal qilish uchun ham kechmoqda. Demokratlar uchun esa vazifa faqat mandatlar olishdan iborat emas, balki saylov siklidan Oq uyni institutsional cheklash mexizmimi sifatida foydalanishdir. Partiyalararo kurashning tobora ko'proq partiya ichki kurashi bilan uyg'unlashib borayotgani alohida ahamiyatga ega. Ma'muriyatning Eron, tariflar, migratsiya yoki kadrlar masalalari bo'yicha har qanday qarori nafaqat respublikachilar va demokratlar o'rtasidagi munosabatlarga, balki partiyalarning o'z ichidagi kuchlar muvozanatiga ham darhol o'z ta'sirini ko'rsatadi. Aynan mana shu narsa joriy siklni sifat jihatidan boshqacha qiladi. U nisbatan yaxlit bo'lgan ikki siyosiy blok o'rtasidagi kurash sifatida emas, balki tashqi ziddiyat, partiya ichidagi bo'linish, institutsional zo'riqish va jamoatchilik ishonchsizligining ko'p qatlamli qorishuvi sifatida kechmoqda. Shunday qilib, 2026-yilda AQSh Kongressiga saylovoldi kurashi nafaqat elektoral raqobatning navbatdagi bosqichini, balki Amerika siyosiy tizimining yanada kengroq inqirozini aks ettiradi. Partiyalararo darajada u respublikachilarning shaxsiylashtirilgan safarbarlik modeli va demokratlarning institutsional cheklov koalitsiyasi o'rtasidagi to'qnashuv shaklini oladi. Partiya ichki darajasida respublikachilarda Tramp tarafdorlari o'zagi, markaz va post-trampistik davrning potensial vorislari o'rtasidagi ziddiyat kuchaymoqda, demokratlar esa Trampga qarshi umumiy birlashish hisobiga o'zlarining ichki kelishmovchiliklarini vaqtincha silliqlamoqdalar. Eron inqirozi, yoqilg'i narxining oshishi, ma'muriyatdagi kadrlar beqarorligi, tarif siyosati atrofidagi tortishuvlar va Kongressning bo'lajak yangilanishi Amerika tizimidagi boshqaruv zo'riqishi hissini kuchaytirmoqda. Bunday sharoitda Vakillar palatasi va Senat uchun kurash nafaqat mandatlarni taqsimlash, balki yaqin yillarda AQShda qanday siyosiy boshqaruv modeli ustunlik qilishi uchun ham kurashga aylanadi. Aynan shuning uchun 2026-yilgi saylovlarni Amerika siyosati transformatsiyasi jarayonidagi asosiy burilish nuqtalaridan biri sifatida baholash lozim. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtainazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishlibo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.