28-may kuni Ostonada Xitoy Kommunistik partiyasining etakchi nashri “Jenmin jibao” gazetasi hamda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti teleradiokompleksi tomonidan tashkil etilgan “Markaziy Osiyo – Xitoy 2025” media forumi bo‘lib o‘tdi. Forum ishida Markaziy Osiyo mamlakatlari va XXR etakchi ommaviy axborot vositalari, tahririyatlari, tadqiqot markazlari va hukumat tuzilmalarining 140 dan ortiq vakili qatnashdi.
Taklif etilgan mutaxassislar orasida IXTI Osiyo-Tinch okeani tadqiqotlari markazi rahbari Abbos Boboxonov ham ishtirok etdi. U Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida yagona axborot makonini shakllantirish masalalari bo‘yicha ekspertlik bahosini berib, xalqaro axborot muhiti o‘zgarishi sharoitida ilmiy-tahliliy institutlar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikning muhimligini ta’kidladi.
Forum ishtirokchilari “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi media hamkorlikning asosiy muammolari va istiqbollari, soxta axborotga qarshi kurashish zarurati, raqamli texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellektning o‘rni, gumanitar va ta’lim almashinuvi vazifalarini muhokama qildilar. Madaniy aloqalarni mustahkamlash va mintaqadagi barcha davlatlarning manfaatlarini aks ettiruvchi umumiy axborot kun tartibini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Forumning o‘tkazilishi Markaziy Osiyo va Xitoy ommaviy axborot vositalari hamda tahliliy hamjamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni institutsionallashtirish qiziqishi ortib borayotganini tasdiqladi, shuningdek, media hamkorlik yo‘nalishi bo‘yicha “Markaziy Osiyo – XXR” formatidagi muntazam muloqot istiqbolini belgilab berdi.