IXYI Osiyo-Tinch okeani tadqiqotlari markazi rahbari Abbos Boboxonov 2025-yil 10-11-noyabr kunlari Almatida CAPS Unlock tomonidan tashkil etilgan “Markaziy Osiyo–Xitoy hamkorligi” mavzusidagi davra suhbatida qatnashdi. Tadbir Buyuk Britaniya, Kanada, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning yetakchi fikr markazlari va universitetlari vakillari, shuningdek, xorijiy universitetlarda faoliyat yuritayotgan mintaqaviy tadqiqotchilar hamda Markaziy Osiyoda istiqomat qiluvchi xalqaro olimlarni bir joyga jamladi. Tadbirning asosiy maqsadi ilmiy tadqiqotlarni siyosiy munozaralar bilan uyg‘unlashtirish va butun mintaqa bo‘ylab yosh hamda tajribali mutaxassislar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashdan iborat edi.
Dastur doirasida doktor Boboxonov “Texnologiya va IT – raqamli kelajak va mintaqaviy o‘zgarishlar” mavzusidagi sessiyaga moderatorlik qildi. Ushbu sessiyada raqamlashtirish, texnologik hamkorlik va elektron tijoratning Markaziy Osiyo–Xitoy munosabatlari qiyofasini o‘zgartirishdagi o‘rni muhokama etildi. Shuningdek, Xitoy raqamli platformalarining mintaqa elektron tijorat bozorlariga ta’siri, texnologik hamkorlikdagi imkoniyatlar va cheklovlar, Markaziy Osiyoda iqtisodiy modernizatsiya uchun raqamli transformatsiyaning keng qamrovli oqibatlari kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Davra suhbati davomidagi muhokamalar Xitoyning tobora kuchayib borayotgan mavqeiga nisbatan murakkab va ko‘pincha ikki xil fikrli mintaqaviy munosabatni namoyon etdi. Ko‘plab ishtirokchilar Pekinning Markaziy Osiyoda siyosat, iqtisodiyot, energetika, texnologiya va sanoat sohalarida tobora ustun mavqega ega bo‘lib borayotganidan tashvishlanayotganlarini izhor etdilar. Ular yirik infratuzilma va sanoat investitsiyalari vaqt o‘tishi bilan Xitoy aktivlarini, keng ma’noda esa Xitoy manfaatlarini himoya qilish masalalarini mintaqaviy xavfsizlik kun tartibiga olib chiqishi mumkinligini ta’kidladilar. Shu nuqtai nazardan, ekspertlar Markaziy Osiyo davlatlari uchun tashqi siyosiy mustaqillikni saqlab qolish, strategik jihatdan nozik sohalarda geosiyosiy betaraflikni ta’minlash va Xitoy biznesi, kapitali, ishchi kuchi, ayniqsa texnologiyalarini jalb qilishda muvozanatli yondashuvni qo‘llash, ayni paytda tashqi hamkorlarni diversifikatsiya qilishga ko‘proq e’tibor qaratish muhimligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Davra suhbatida, shuningdek, Xitoy va AQSH o‘rtasida Markaziy Osiyoning muhim foydali qazilmalariga ega bo‘lish uchun raqobat kuchayib borayotgani, hamda ikki davlat o‘rtasida resurslarni o‘zlashtirish va investitsiya xatarlarini boshqarishning turlicha yondashuvlari mavjudligiga e’tibor qaratildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar davra suhbatini Markaziy Osiyo–Xitoy kun tartibidagi eng dolzarb masalalarni chuqur muhokama qilish uchun muntazam ekspertlar maydoniga aylantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.