28-30-iyul kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektori va Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti direktori doktor Akram Umarov Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazi (NESA) tomonidan tashkil etilgan “Executive Seminar 04-25: Changing Security Landscape in South and Central Asia” forumida ishtirok etish uchun Turkiyaning Anqara shahriga tashrif buyurdi. Doktor Umarov ushbu forumda ishtirok etgan 15 ta xorijiy mamlakat vakillari uchun Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan ma’ruza o‘tdi.
Tashrif doirasida Akram Umarov Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari – xalqaro hamkorlik masalalari koordinatori Dr. Serdar Cham, O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi Elchisi Ilhom Haydarov, SETA Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi vakili professor-tadqiqotchi Murat Aslan, ANKASAM tahlil markazi asoschisi Professor Mehmet Seyfettin Erol, Anqara Yildirim Boyazit universiteti rektori Prof. Dr. Ali Cengiz Köseoğlu hamda Anqara universiteti prorektori Prof. Dr. Kaan Orhan bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvlar davomida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan, universitetlar o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolash va uning doirasida talabalar hamda professor-o‘qituvchilar uchun akademik almashinuv dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Xususan, turk tilini o‘qitish bo‘yicha Turkiyadan professor-o‘qituvchilarni jalb etish hamda turk tili sinflarini zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, tadqiqot sohasida hamkorlik o‘rnatish, jumaldan, JIDU hamda IXTI vakillarining turk tahlil markazlari jurnallarida doimiy ravishda ilmiy maqolalarini chop etishni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Turkiya tahlil markazlarining birinchi forumini tashkil etish bo‘yicha birgalikda ishlash va kelgusi yildan boshlab mazkur tadbirni muntazam ravishda o‘tkaziladigan an’anaviy uchrashuv formatiga aylantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ushbu tashrif natijalari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va ta’limiy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik masalalarida hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.