25-29 yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ko‘magida o‘zbekistonlik tadqiqotchilar delegatsiyasining Londonga xizmat safari tashkil etildi. Delegatsiya tarkibiga O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori, Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti direktori Akram Umarov hamda MOXI ilmiy xodimlari kirdi.
Tashrif doirasida Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha partiyalararo parlament guruhi a’zolari, Tashqi ishlar vazirligi va Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti, Qirollik xalqaro munosabatlar instituti, Xorijiy taraqqiyot instituti kabi Buyuk Britaniyaning yetakchi tahlil markazlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Tomonlar O‘zbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligining bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatining mohiyati va ahamiyati muhokama qilindi.
Uchrashuvda mintaqadagi vaziyatga, amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma va transport-logistika loyihalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va ko‘p qirrali tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyoning yaxshi qo‘shnichilik, barqaror taraqqiyot va mintaqa davlatlari manfaatlarini o‘zaro hurmat qilish tamoyillariga asoslangan hamkorlik makoniga aylanganligiga urg‘u berildi.
Umuman olganda, tashrif O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ekspertlik va siyosiy muloqotni chuqurlashtirish borasidagi o‘zaro qiziqishning barqarorligini tasdiqladi. O‘tkazilgan uchrashuvlar mintaqalararo hamkorlik kun tartibining dolzarbligini ko‘rsatib berdi, shuningdek, Buyuk Britaniyaning yetakchi tahliliy va siyosiy doiralari bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun poydevor yaratdi.