Shu yilning 15 dekabri Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutida AQSHning Chikago universiteti huquq fakulteti professori Tom Ginsburg boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida mehmonlar 9 ta hududiy va tematik markazlarning bugungi kundagi faoliyati hamda institutning ilmiy-tahliliy salohiyatini chuqurlashtirish bo‘yicha istiqbolli rejalar bilan tanishtirildi.
Uchrashuvning asosiy kun tartibi Chikago universiteti talabalarining O‘zbekiston bo‘yicha tadqiqot mavzulari asosidagi masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi. Xususan, “Bir kamar, bir yo‘l” dasturi doirasidagi Xitoy-O‘zbekiston munosabatlari, bunday loyihalar nafaqat O‘zbekiston, balki Xitoy uchun ham jozibadorligi muhokama qilindi.
Muhokama chog‘ida amerikalik talabalar O‘zbekiston aholisining chet tillarni o‘rganishga intilishi haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Aholining ko‘p tilliligi muhokama qilinar ekan, O‘zbekistonda ozchilik tillarining (tojik, qoraqalpoq) tutgan o‘rni va bu tillarni o‘rganishni rivojlantirish borasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatga oid savollar ko‘rib chiqildi.
Talabalar Shavkat Mirziyoyevning saylanishi bilan mamlakat iqtisodiyotining turli tarmoqlariga investitsiyalarni jalb qilishda jadal o‘sish kuzatilganini alohida ta’kidladilar. Talabalardan biri O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgan korrupsiyaga qarshi siyosat doirasida erishgan yutuqlarini ta’kidladi. Bundan tashqari, O‘zbekistonning ko‘p vektorli tashqi siyosatga sodiqligi barcha hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda.