Dilshod Olimov Vena va Slovakiyada atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tadbirlarda ishtirok etdi

Dilshod Olimov Vena va Slovakiyada atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tadbirlarda ishtirok etdi

news_in

IXTI Energetika diplomatiyasi va geosiyosati markazi rahbari Dilshod Olimov atom energetikasini rivojlantirish, energetika xavfsizligi va yadro texnologiyalaridan tinch maqsadlarda foydalanish masalalariga bag‘ishlangan qator xalqaro tadbirlarda ishtirok etdi.

Dilshod Olimov Vena shahrida 181 davlat vakillarini birlashtirgan Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning (MAGATE) 70-Bosh konferensiyasi doirasidagi tadbirlarda qatnashdi. Konferensiya davomida global yadro xavfsizligi, tinch atomni rivojlantirish va uning zamonaviy energetik o‘tish jarayonlaridagi o‘rni masalalari muhokama qilindi. Tadbir doirasida Markaz rahbari, shuningdek, atom energetikasi va energetika diplomatiyasi sohasidagi xalqaro hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan qator ekspert uchrashuvlari va maslahatlashuvlar o‘tkazdi.

Ishchi dastur doirasida u O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Slovakiyadagi “Moxovtse” atom elektr stansiyasiga ham tashrif buyurdi. Tashrif davomida ishtirokchilar atom energetikasi quvvatlaridan foydalanish va ularni milliy energetika tizimiga integratsiya qilishning amaliy tajribasi bilan tanishdilar. Ushbu tadbirlardagi ishtirok O‘zbekistonning yadro-energetika infratuzilmasini shakllantirish va yanada rivojlantirish nuqtai nazaridan qiziqish uyg‘otuvchi xalqaro yondashuvlar va amaliyotlarni o‘rganish imkonini berdi.