Toshkent, O‘zbekiston – 10-sentabr 2024. 9-sentyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Diplomatik akademiya direktori doktor Abdusamat Xaydarov Xitoy Milliy mudofaa texnologiyalari universiteti (MMTU) Xalqaro tadqiqotlar markazi direktori professor Ma Szyanguan boshchiligidagi delegatsiya bilan muhim uchrashuv o‘tkazdi. Xitoy delegatsiyasi tarkibiga katta xodimlar Du Yanyun, Van Tao, Lyu Shuayi, Zou Yilan va Chjan Syubo kirdi. Shuningdek, Hamza Boltayev, Islomxon Gafarov va Fazliddin Djamalov JIDUning Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) vakillari sifatida ishtirok etdilar.
Doktor Xaydarov uchrashuvni ochib, JIDU va Diplomatik akademiyaning ta’lim dasturlari, shuningdek, IXTIda tematik va mintaqaviy tadqiqot markazlari doirasida olib borilayotgan keng qamrovli faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Professor Szyanguan o‘z navbatida MMTUning JIDU bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ta’kidlab, uning Markaziy Osiyodagi akademik nufuzi va strategik mavqeini e’tirof etdi. Professor Szyanguanning aytishicha, ushbu tashrifning asosiy maqsadi qo‘shma ta’lim va tadqiqot tashabbuslarining, ayniqsa, ijtimoiy fanlar va superkompyuterlar, navigatsiya tizimlari va quvvatli lazerlar kabi ilg‘or texnologiyalar sohasidagi salohiyatini, shuningdek, ularning xalqaro munosabatlarga kengroq ta’sirini o‘rganish edi.
Xitoyning Markaziy Osiyoga e’tibori kuchayib borayotganini ta’kidlab, professor Szyanguan X. Makkinderning mashhur geosiyosiy qoidasini keltirdi: “Kimki Xartlendga [Markaziy Osiyoga] egalik qilsa, u Dunyo oroliga egalik qiladi, kimki Dunyo oroliga egalik qilsa, u dunyoga egalik qiladi”. Ushbu strategik kontekst Xitoy delegatsiyasining ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha takliflariga asos bo‘ldi. Bu takliflarga talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi dasturlari, qo‘shma ilmiy nashrlar va qo‘shma ilmiy seminarlar tashkil etish kiradi. Bundan tashqari, Xitoy tomoni Markaziy Osiyoning Xitoy, Rossiya, AQSH va Yevropa Ittifoqi kabi yirik davlatlar bilan munosabatlari, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) va BRIKS kabi ko‘p tomonlama tuzilmalardagi roli masalalari bo‘yicha ikki tomonlama ekspert maslahatlashuvlarini boshlashni taklif qildi. Shu munosabat bilan Van Tao o‘zbekistonlik olimlarga MMTU jurnalida maqola chop etishni taklif etdi.
Professor Szyanguan, shuningdek, 13-sentyabr kuni Pekinda bo‘lib o‘tadigan Xavfsizlik bo‘yicha Syanshan forumi haqida JIDU delegatsiyasini xabardor qildi. Ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan ushbu tadbir yuqori texnologiyalar va geosiyosatning kesishuviga bag‘ishlanadi. O‘z navbatida, IXTI ekspertlari Xitoy delegatsiyasini joriy yilning oktyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etishga taklif qilishdi.
Uchrashuv davomida MMTU Xalqaro tadqiqotlar markazi ilmiy xodimi Du Yanyun “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining Markaziy Osiyoga ta’siri haqida batafsil ma’lumot berdi. U energetika korxonalari va Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston hamda Xitoy-Qirg‘iziston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘llari qurilishi kabi yirik infratuzilma loyihalari Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish orqali mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Ikkala tomon ham ushbu loyihalar Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishida muhim rol o‘ynashiga rozi bo‘ldi. Biroq professor Szyanguan 2022-yilda AQSH Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketganiga qaramay, mintaqada AQShning ta’siri kuchayganidan xavotir bildirdi. Bu esa Xitoy diqqat bilan kuzatib borayotgan yangi geosiyosiy vaziyatni yuzaga keltirdi.
Yakunda ikkala tomon ham akademik va diplomatik hamkorlikni davom ettirishga sodiqligini tasdiqladi va JIDU bilan MMTU o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollariga ishonch bildirdi. Xitoy tadqiqot institutlari bilan yanada chuqur hamkorlik qilish imkoniyatlari keng e’tirof etildi, bu esa yaqin yillarda samarali ikki tomonlama munosabatlarga zamin yaratadi.
Ma’lumot uchun: Dastlab 1953-yilda Xarbinda Xitoy Xalq ozodlik armiyasining Harbiy muhandislik kolleji sifatida tashkil etilgan Milliy mudofaa texnologiyalari universiteti Xitoyning mudofaa va texnologiya sohasidagi yetakchi muassasasidir. Uning 2013-yilda tashkil etilgan Xalqaro tadqiqotlar markazi “People’s Daily”, “Xinhuanet.com”, “Qiushi Net”, “China Military Network” va “China Social Science Network” kabi nufuzli nashrlarda 150 dan ortiq maqola chop etgan.