Fevral oyi boshida O‘zbekistonning Afg‘onistondagi elchixonasi ko‘magida o‘zbek delegatsiyasi ishchi tashrif bilan Kobulga bordi. Guruh tarkibiga Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vaxabov, JIDU birinchi prorektori va IXTI direktori Akram Umarov, JIDU Diplomatik akademiyasi direktori Abdusamat Xaydarov, shuningdek, MOXIning xodimlari kirdi. Tashrif ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish, savdo-iqtisodiy, transport-logistika va gumanitar sohalarda amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan edi.
Tashrif doirasida Afg‘oniston davlat tuzilmalari rahbariyati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Mavlaviy Amirxon Muttaqiy bilan muzokaralar bo‘lib, tomonlar mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik istiqbollari, transport-energetika loyihalarini ilgari surish va gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, Afg‘oniston savdo va sanoat vaziri o‘rinbosari Mavlaviy Ahmadulla Zohid bilan uchrashuv bo‘ldi. Unda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2025-yil yakuniga ko‘ra 1,6 milliard dollarga yetgani qayd etilib, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Infratuzilma va transport aloqalari masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Delegatsiya Afg‘oniston jamoat ishlari vazirining temir yo‘l transporti bo‘yicha o‘rinbosari Mavlaviy Muhammad Is’hoq Sohibzoda bilan uchrashdi. Qo‘shma infratuzilma tashabbuslari, jumladan, "O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston" yo‘lagini rivojlantirish, shuningdek, 2024-yilda tranzit tashish hajmi 3 million tonnadan oshgani muhokama qilindi.
Tashrifning ekspert va ishbilarmonlik qismi doirasida “Harakat-Afg‘oniston” NNT bilan hamkorlikda afg‘on biznesi vakillari va ikki mamlakatning tegishli ekspertlari ishtirokida savdoni diversifikatsiya qilish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Bundan tashqari, delegatsiya Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Abdul Hay Qanit bilan uchrashib, ekspertlar muloqotini kengaytirish mexanizmlari, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish va tahliliy materiallar tayyorlash masalalarini muhokama qildi.
Amaliy tashrif yakunida tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi hamda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik va barqaror iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy tashabbuslarni ilgari surish uchun muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.