Markaziy Osiyo integratsiyasi kontekstida O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligi bo‘yicha ekspertlar davra suhbati

Markaziy Osiyo integratsiyasi kontekstida O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligi bo‘yicha ekspertlar davra suhbati

news_in

2024-yil 27-sentyabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining Siyosiy jarayonlar, diplomatiya va globallashuv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) masofaviy ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Tadbir yangi geosiyosiy realliklar sharoitida ikki mamlakat oldida turgan dolzarb muammolarni muhokama qilish hamda ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash strategiyalarini ishlab chiqishga qaratildi.

 

Akademiya prorektori Karamalisho Karamalishoyev o‘z qutlov nutqida qo‘shma ilmiy-akademik tashabbuslarni amalga oshirish hamkorlik va ittifoqchilikni kengaytirish kafolati ekanini ta’kidladi. O‘z navbatida, IXTI direktori o‘rinbosari Shaxboz Axmedov O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash va Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlarini mustahkamlashga qaratilgan ikki tomonlama munosabatlarning tarixiy ahamiyatini ta’kidladi.

 

Tadbirga Siyosiy jarayonlar, diplomatiya va globallashuv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Alisher Saidmuxtorov moderatorlik qildi va mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligini ta’kidlab, munozaraga ton berdi. Davra suhbati ishtirokchilari o‘z chiqishlarida mintaqani yanada rivojlantirish uchun asos bo‘lishi kerak bo‘lgan strategik sheriklik zarurligiga e’tibor qaratdilar. Keyingi munozaralarda xavfsizlik, shuningdek, iqtisodiy, ta’lim va madaniy hamkorlikka oid keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.

 

IXTI Antropologiya va konfliktologiya markazi rahbari Azamat Seitov o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning 2024-yilda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishida o‘z aksini topgan yangi bosqichiga ijobiy baho berib, siyosiy muloqot va sheriklik tashabbuslarini kengaytirish muhimligini ta’kidladi. Davlat boshqaruvi akademiyasining Diplomatiya va siyosat fakulteti dekani Saodat Sharifxo‘jayeva Markaziy Osiyodagi transformatsion jarayonlar natijasida mintaqa muhim geosiyosiy markazga aylanayotganini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, mintaqa mamlakatlarining muvaffaqiyatli integratsiyasi global o‘zgarishlar sharoitida sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish bilan bog‘liq.

 

IXTI Afg‘oniston va Janubiy Osiyo markazi katta ilmiy xodimi Islomxon Gafarov davlatlarning xavfsizlik sohasidagi ikki tomonlama hamkorligi to‘g‘risida ma’ruza qildi va Markaziy Osiyoda tinchlikni saqlash uchun muhim bo‘lgan terrorizmga qarshi kurash va chegara nazoratini mustahkamlash bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish zarurligini ta’kidladi. Davlat boshqaruvi akademiyasining diplomatiya va xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti Naimiy Ismoil o‘z nutqida mintaqadagi xavfsizlik, barqaror rivojlanish va barqarorlikka tahdidlarga javoban ittifoqchilikning rolini ta’kidlab, uni qo‘llab-quvvatladi.

 

Bundan tashqari, ekspertlar ikki tomonlama hamkorlikning iqtisodiy jihatlarini muhokama qildilar. IXTI Amerika tadqiqotlari markazi yetakchi ilmiy xodimi Fazliddin Djamalov Markaziy Osiyo doirasidagi ko‘p tomonlama platformalarda iqtisodiy hamkorlik, shuningdek, global iqtisodiyot va jahon bozorlari tahdidlariga qarshi kurashish strategiyalarini siyosiy muvofiqlashtirish va kelishish muhimligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan savdo va transport aloqalariga oid masalalar ham muhokama markazida bo‘ldi. IXTI Osiyo-Tinch okeani tadqiqotlari markazi yetakchi ilmiy xodimi Nargiza Umarova o‘z nutqida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda transport infratuzilmasining rolini yoritib, O‘zbekiston va Tojiston uchun logistika jihatidan "raqobat qilish emas, hamkorlik qilish muhim"ligini ta’kidladi.

 

Ta’lim va fan sohasidagi hamkorlik mavzulari muhokamalarning cho‘qqisi bo‘ldi. Davlat boshqaruvi akademiyasining siyosatshunoslik va jamoatchilik bilan aloqalar kafedrasi dotsenti Zuhro To‘rayeva ta’lim almashinuvi va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar sohasidagi muhim yutuqlarga e’tibor qaratdi. U ta’lim va ilmiy dasturlar Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning muhim omili bo‘lib, yangi kadrlarni shakllantirish va ilg‘or bilimlar almashinuviga hissa qo‘shishini ta’kidladi. Ayniqsa, 200 dan ortiq ikki tomonlama shartnomaviy-huquqiy hujjatlarning 70 tasi ilmiy-madaniy yo‘nalishdagi bitimlar ekanligi diqqatga sazovordir.

 

Davra suhbatining yakunida natijalar faol muhokama qilindi. Ishtirokchilar O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi strategik hamkorlik mintaqa ravnaqi va barqarorligi uchun muhim omillardan biri ekanini ta’kidladilar. Ushbu sheriklik nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlaydi, balki Markaziy Osiyo mamlakatlarining global siyosiy va iqtisodiy makonga yanada integratsiyalashuviga zamin yaratadi.