29-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) o‘zining Frontier Talks turkumidagi navbatdagi tadbirni tashkil etdi. Maxsus mehmon sifatida Nyu-York universiteti (NYU Shanghai) Global Xitoy tadqiqotlari professori Maria Adele Carrai ishtirok etdi va u “Global Xitoyni xaritalashtirish: Xitoyning kengayib borayotgan ishtirokini tushunishning yangi usullari” mavzusida ochiq ma’ruza o‘qidi.
O‘z ma’ruzasida professor Carrai turli mintaqalarda, jumladan Markaziy Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi va Janubi-Sharqiy Osiyoda Xitoyning faoliyatini tizimli ravishda hujjatlashtirish va xaritalashtirishga qaratilgan xalqaro tadqiqot tashabbusi – “Global Xitoyni xaritalashtirishni” (Mapping Global China) taqdim etdi. U an’anaviy yondashuvlarni kengaytirish zarurligini ta’kidladi va sifat hamda miqdoriy metodlarni uyg‘unlashtirish, sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan, turli ma’lumotlar bazalaridan va ilg‘or xaritalash vositalaridan foydalanish Xitoyning global ishtirokini chuqurroq va aniqroq tahlil qilish imkonini berishini qayd etdi.
Ma’ruza yakunida savol-javob sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda universitet talabalari va IXTI tadqiqotchilari professor Carraiga keng doiradagi savollarni yo‘lladilar. Munozaralar infratuzilma loyihalari, madaniy ta’sir masalalari hamda yosh tadqiqotchilarning xalqaro akademik tarmoqlarda ishtirok etish imkoniyatlariga bag‘ishlandi.
Tadbir yakunida professor Carrai IXTI vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar ilmiy hamkorlik istiqbollarini, o‘zbek tadqiqotchilarining Mapping Global China loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlarini, shuningdek akademik almashinuv va qo‘shma tashabbuslarning mumkin bo‘lgan formatlarini muhokama qildilar. Har ikki tomon hamkorlikni mustahkamlashga bo‘lgan o‘zaro qiziqishni bildirdi va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.