30-oktyabr kuni Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining (XIFA) Jahon iqtisodiyoti va siyosati instituti vakillari bilan O‘zbekiston va Xitoy munosabatlarining dolzarb masalalari hamda ilmiy-akademik hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga bag‘ishlangan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar Xitoyning Markaziy Osiyodagi strategik manfaatlari, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish hamda O‘zbekiston va XXR tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarni o‘zaro uyg‘unlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. O‘zaro ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy bog‘liqlik va Xitoyning global tashabbuslarini o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, xitoyshunoslikni rivojlantirish hamda ikki mamlakat ekspertlar hamjamiyati o‘rtasida o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirishga qaratilgan qo‘shma tadqiqotlar, akademik almashinuvlar va ta’lim dasturlarini kengaytirish imkoniyatlari alohida muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini, jumladan, qo‘shma ilmiy-tahliliy tadqiqotlar o‘tkazish, akademik aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda zamonaviy Xitoy va uning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligiga bag‘ishlangan tadqiqot va ma’rifiy loyihalarni amalga oshirishni belgilab oldilar.