IXTIda Oksford universiteti eksperti bilan sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

IXTIda Oksford universiteti eksperti bilan sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

news_in

30-oktyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutida (IXTI) Oksford universiteti Siyosat va xalqaro munosabatlar departamentining katta assotsiatsiyalangan amaliyotchi eksperti hamda Oksford Martin maktabining Sun’iy intellektni boshqarish tashabbusi doirasida sun’iy intellekt sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik direktori Sem Dous bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar sun’iy intellektni rivojlantirish, texnologik diplomatiya va raqamli sohadagi xalqaro hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar. Global texnologik kun tartibini shakllantirish, raqamli mustaqillikni ta’minlash hamda sun’iy intellekt bo‘yicha milliy salohiyatni yuksaltirishda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning roliga alohida e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar, shuningdek, sun’iy intellektni ta’lim tizimiga tatbiq etish istiqbollari, texnologik diplomatiya bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda raqamli yechimlarni mintaqa davlatlarining til va madaniy xususiyatlariga moslashtirish yuzasidan fikr almashdilar.

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalalari va 2030-yildan keyingi xalqaro hamkorlik istiqbollari, jumladan, ilm-fan va raqamli texnologiyalarning ortib borayotgan roliga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida IXTIning Sem Dous va Oksford universitetining tegishli tuzilmalari bilan hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi. Ular qatoridan qo‘shma ekspert muhokamalari va ilmiy anjumanlar o‘tkazish, texnologik diplomatiya va SI boshqaruvi masalalari bo‘yicha o‘quv seminarlarini tashkil etish, shuningdek, hamkorlikda ilmiy maqolalar va tahliliy tadqiqotlar tayyorlash o‘rin oldi.