IXTI “Xitoyning SHHTga raislik qilishi: Tashkilotni rivojlantirish muammolari va istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazdi

IXTI “Xitoyning SHHTga raislik qilishi: Tashkilotni rivojlantirish muammolari va istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazdi

news_in

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi va Fudan universiteti bilan hamkorlikda 15-may kuni “Xitoyning SHHTdagi raisligi: Tashkilotni rivojlantirish muammolari va istiqbollari” mavzusida xalqaro onlayn konferensiya o‘tkazdi. Tadbir ingliz va rus tillarida bo‘lib o‘tdi hamda butun Yevroosiyodan taniqli olimlar, siyosiy ekspertlar va amaliyotchilarni jamladi.

 

Ushbu ilmiy forum Xitoy raisligi davrida Shanxay hamkorlik tashkilotining ustuvor yo‘nalishlari va strategik qarashlarini o‘rganishga bag‘ishlandi. Chuqur geosiyosiy o‘zgarishlar va global noaniqlik kuchayib borayotgan davrda ishtirokchilar SHHTning yanada muvozanatli, ko‘p qutbli dunyo tartibini shakllantirishga ko‘maklashish salohiyati to‘g‘risida keng muloqot olib bordilar.

 

Anjumanni JIDU birinchi prorektori, IXTI direktori doktor Akram Umarov va Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi qoshidagi SHHT tadqiqotlar markazi direktori doktor Lifan Li kirish so‘zi bilan ochdilar. Ikkala ma’ruzachi ham SHHTning strategik qarashlarini shakllantirishda akademik hamkorlikning ahamiyati ortib borayotganini ta’kidlab, Yevroosiyo davlatlarining umumiy intellektual makonini rivojlantirish zarurligini qayd etdilar.

 

Konferensiya doirasida ikkita ekspertlar paneli o‘tkazildi. Birinchisi – “SHHTning global taraqqiyotdagi o‘rni: muammolar va imkoniyatlar” bo‘lib, unda tashkilotning mintaqaviy va global rivojlanishga qo‘shayotgan hissasi ko‘rib chiqildi. Ma’ruzachilar iqtisodiy integratsiya, ta’lim va madaniy almashinuvlar, innovatsiyalarga asoslangan hamkorlik kabi mavzularga to‘xtaldilar. Xitoy Xalqaro tadqiqotlar instituti direktori doktor Ziguo Li, IXTI Iqtisodiy diplomatiya markazi rahbari professor Ibragim Mavlanov, Xitoy va SHHT Iqtisodiyot va savdo instituti prezidenti doktor Chjen Shi, Hindistonning Shiv Nadar universiteti Ilg‘or Himolay tadqiqotlari markazi direktori doktor Jabin T. Jeykob, Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Osiyo va Yevropa muammolarini o‘rganish instituti aspiranti Muhammad Shamsuddinov kabi taniqli tadqiqotchilar ma’ruza qildilar.

 

“SHHTning kengayishi va global noaniqlik sharoitida modernizatsiya masalalari” deb nomlangan ikkinchi panel a’zolar sonining o‘sishi va kuchlar muvozanatining o‘zgarishi sharoitida Tashkilotning institutsional o‘zgarishini baholashga bag‘ishlandi. Boshqaruv, mintaqaviy xavfsizlik va so‘nggi kengayish oqibatlari muhokama qilindi. Ma’ruzalar bilan doktor Abbos Boboxonov (IXTI Osiyo-Tinch okeani tadqiqotlari markazi rahbari), doktor Dongze Chen (Shansi normal universiteti), Ruslan Izimov (Qozog‘iston Falsafa, siyosiy fanlar va dinshunoslik instituti katta ilmiy xodimi), Aleksandra Perminova (Rossiya Fanlar Akademiyasi Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti), doktor Lyan Li (Lanchjou universiteti), doktor Jildiz Nicharapova (Markaziy Osiyo Amerika universiteti erkin san’at va fanlar kafedrasi dotsenti) va doktor Ma Bin (Fudan universiteti SHHT tadqiqotlari markazi direktori o‘rinbosari) kabi ekspertlar so‘zga chiqdilar.

 

Doktor Ma Bin va doktor Abbos Boboxonov o‘zlarining yakuniy nutqlarida SHHTning ustuvor yo‘nalishlari va institutsional tuzilishini takomillashtirishda ekspertlarning doimiy ishtiroki muhimligini ta’kidladilar. Ular bunday akademik forumlar Yevroosiyo qit’asida o‘zaro anglashuv, siyosatdagi innovatsiyalar va uzoq muddatli strategik hamkorlikni mustahkamlash uchun juda muhim ekanligini alohida qayd etdilar.