IXTIda “Xitoyning kibermakondagi me’yoriy qudrati” mavzusida Frontier Talks ma’ruzasi bo‘lib o‘tdi

IXTIda “Xitoyning kibermakondagi me’yoriy qudrati” mavzusida Frontier Talks ma’ruzasi bo‘lib o‘tdi

news_in

22-sentyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Oksford universiteti professori, Fulbrayt dasturi doirasida Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining (IXTI) taklif etilgan tadqiqotchisi Mariya Adeli Karraining “Xitoyning kibermakondagi me’yoriy qudrati” mavzusidagi ma’ruzasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda IXTI xodimlari hamda JIDU o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdi.

Ma’ruzada Xitoy raqamli sohani tartibga soluvchi xalqaro norma va qoidalarni shakllantirish yo‘lida o‘zining iqtisodiy, texnologik va siyosiy salohiyatidan qanday foydalanishga intilayotgani tahlil qilindi. Professor Karrai Xitoyning me’yoriy ta’siriga shunchaki uning raqamli boshqaruv modelini bir tomonlama eksport qilishi sifatida qaramaslik lozimligini ta’kidladi. Boshqa davlatlar ham Xitoyning muayyan yondashuvlarini qabul qilgan, moslashtirgan yoki rad etgan holda ushbu jarayonning faol ishtirokchisi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Xitoyning me’yoriy ta’siri qoidalarning oddiy mexanik ko‘chirilishi emas, balki murakkab va ko‘p qirrali o‘zaro hamkorlik jarayonidir.

Tadbirda kibermakon davlat suverenitetining ajralmas qismi sifatida ko‘riladigan kibersuverenitet konsepsiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur yondashuvning asosiy jihatlari sifatida milliy xavfsizlik ustuvorligi, ma’lumotlar va raqamli infratuzilma ustidan davlat nazorati, ma’lumotlarni mahalliylashtirish, litsenziyalash talablari, xavfsizlikni baholash hamda raqamli platformalarning hisobdorligi qayd etildi. Shuningdek, ma’ruza davomida shakllanayotgan raqamli tartibotning xalqaro biznesga ta’siri ham ko‘rib chiqildi. Normativ-huquqiy bazalar o‘rtasidagi tafovutlar kompaniyalar uchun me’yoriy talablarga rioya etish (komplayens), ma’lumotlarni boshqarish, ta’minot zanjirlarini yo‘lga qo‘yish va tijorat faoliyatini yuritishda yurisdiksiyalarni tanlash borasida yangi qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.

Ma’ruza yakunida talabalar va boshqa ishtirokchilar raqamli tartibga solishning istiqboli, kibersuverenitet hamda xalqaro normalarni shakllantirishda Xitoyning tutgan o‘rniga doir qator savollar berdi. Professor Karrai barcha savollarga batafsil javob qaytarib, tinglovchilar bilan qizg‘in va mazmunli muloqot olib bordi.

Umuman olganda, mazkur tadbir JIDU talabalari, professor-o‘qituvchilari va xodimlarida katta qiziqish uyg‘otdi. U xalqaro raqamli tartibotning transformatsiyasi hamda uning yangi me’yorlari va tartibga solish mexanizmlarini yaratishda Xitoyning ortib borayotgan rolini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylandi.