IXTI va Berghof jamg‘armasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

IXTI va Berghof jamg‘armasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

news_in

28 noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI)da Germaniyaning Berlin shahrida joylashgan Berghof jamg‘armasi vakillari — katta maslahatchi Oliver Volle va loyiha bo‘yicha katta menejer Izzat Xushbakov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. IXTI tomonidan uchrashuvda institut direktorining o‘rinbosari Odil Gafarov va yetakchi ilmiy xodim Mushtariy Usmonova ishtirok etdilar. Uchrashuv davomida Markaziy Osiyoda xavfsizlik tadqiqotlari, nizolarni transformatsiya qilish va barqaror rivojlanish sohalarida amaliy hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida Berghof jamg‘armasi vakillari tashkilotning faoliyati, tarixi va asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdilar. 1971 yilda tashkil etilgan Berghof jamg‘armasi Osiyo, Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, Lotin Amerikasi hamda Yevropa mintaqalarida faoliyat yurituvchi mustaqil, nodavlat va notijorat tashkilot hisoblanadi. Jamg‘armaning asosiy vazifasi nizolardan zarar ko‘rgan jamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash, nizolarni transformatsiya qilish, muloqotni rivojlantirish, vositachilik, tinchlik ta’limi va inklyuziv siyosiy ishtirokni targ‘ib etishdan iborat. Ayniqsa, beqaror va nizolardan keyingi sharoitlarda mahalliy institutlar va salohiyatni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Muhokamalar davomida tomonlar IXTI va Berghof jamg‘armasi o‘rtasidagi ehtimoliy hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar. Jumladan, Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash masalalari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar, ekspert va tahliliy muloqotlar, qo‘shma seminar va treninglar tashkil etish, shuningdek, Berghof jamg‘armasi ekspertlarining IXTI tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etishi muhokama qilindi. Bundan tashqari, milliy va xalqaro platformalarda tahliliy materiallar almashish va qo‘shma nashrlar tayyorlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar professional muloqotni davom ettirish va o‘zaro qiziqish uyg‘otgan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikning amaliy shakllarini izlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Mazkur uchrashuv IXTI va tinchlik hamda xavfsizlik sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro tadqiqot institutlari o‘rtasida ekspert darajasidagi aloqalarni mustahkamlash va hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalishlarni aniqlash yo‘lida muhim qadam sifatida baholandi.