Joriy yilning 15 fevralь kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar Instituti hamda Xalqaro taʼlim boʼyicha Аmerika Kengashi (American Councils for International Education) hamkorligida Аmerikaning Vudro Vilson markazi eksperti Jenifer Terner ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Uchrashuvda Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar Instituti xodimlari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti doktorantlari, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi xalqaro munosabatlar Аxborot-tahliliy markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti mutaxassislari ishtirok etishdi.
Mazkur uchrashuvda J.Terner qisqacha Vudro Vilson markazi haqida maʼlumotlar bilan ishtirokchilarni tanishtirdi. Shu bilan birga, mutaxassis АQSh va Xitoy oʼrtasida ekologiya va “yashil energetika” sohalaridagi hamkorlik, Xitoyning atrof-muhitni yomonlashuviga sabab boʼluvchi ishlab chiqarishdan “yashil, toza energetika”ga oʼtishi, undagi yutuqlar va kamchiliklar haqida prezentatsiyasini namoyish qildi.
Uchrashuvlar soʼngida amerikalik mutaxassis J.Terner Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instiuti tegishli boʼlinmalari (Barqaror rivojlanish markazi, energetik geosiyosat va Аmerikani oʼrganish markazi) va Vudro Vilson markazi oʼrtasida oʼzaro hamkorlikni oʼrnatishga, birgalikda qoʼshma tadbirlar oʼtkazish, ilmiy loyihalarni bajarish, shuningdek, nufuzli jurnallarga mutaxassislar ishtirokida hamkorlikda ilmiy maqolalar tayyorlash boʼyicha taklifini bildirdi.