IXTI tomonidan O‘zbekistondagi Konstitutsiyaviy islohotlarning xalqaro vektoriga bag‘ishlangan muhokama tashkil etildi

IXTI tomonidan O‘zbekistondagi Konstitutsiyaviy islohotlarning xalqaro vektoriga bag‘ishlangan muhokama tashkil etildi

news_in

Joriy yilning 14-aprel kuni, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) tomonidan “O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy islohotlarning xalqaro vektori” mavzusida “davra suhbati” tashkil etildi.

Tadbirda, Tashqi ishlar vazirligi rahbarlari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va mas’ul xodimlari, mamlakatimizning yetakchi tahlil va tadqiqot markazlari, milliy ommaviy axborot vositalari, JIDU professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

Tadbirda, IXTI tadqiqotchilari shuningdek, Global tadqiqotlar instituti prezidenti, elchi A.Sajanxar (Hindiston), Xavfsizlik siyosati va taraqqiyot instituti direktori S.Kornell (Shvetsiya), Janubiy Osiyo va xalqaro tadqiqotlar markazi ijrochi direktori M.Ul Hasan Xon (Pokiston), “Specht & Partner Rechtsanwalt GmbH” yuridik firmasi asoschisi L. Shpext (Avstriya) va Glazgo va Parij 1 (“Sorbon Pantheon”) universitetlari xalqaro huquq professori K. J. Temza o‘z taqdimotlari bilan chiqish qilishdi.

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori S. Safoyev o‘z kirish so‘zida O‘zbekistonni rivojlantirishning dasturiy bosqichlari, modernizatsiya jarayoni hozirgi bosqichining o‘ziga xos xususiyatlari va mamlakatimiz taraqqiyoti paradigmasiga to‘xtalib, ushbu hodisalarning yangilangan Konstitutsiya loyihasida qay darajada aks ettirilganiga urg‘u berib o‘tdi. Shuningdek, senator qayd etib o‘tdiki, mamlakatimizning bugungi kundagi faol va konstruktiv tashqi siyosati va Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro samarali hamkorligi O‘zbekistonni mintaqamizning qudratli davlatiga aylantirdi. Mamlakatimizning Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq kabi qo‘shni mintaqa davlatlar bilan o‘zaro muvaffaqiyatli hamkorlik olib borayotgani muhim o‘rin egallashi ta’kidlandi.


So‘zga chiqqanlar Konstitutsiyaviy islohotni mintaqa mamlakatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan yangi “ijtimoiy shartnoma” sifatida ko‘rish mumkinligiga ishonch bildirishdi. Bundan tashqari, Yevropada kuzatilgani kabi xavfsizlik hamjamiyatlarini tuzishga qaratilgan tendentsiyalar kuchayishi Markaziy Osiyo mintaqaviy subyektini shakllantiradi.

Mazkur Konstitutsiyaviy islohot O‘zbekistonning davlat va jamiyat boshqaruvi modelini Islom an’analari, liberal demokratiya va dunyoviylik uyg‘unligining o‘ziga xos namunasiga aylantirishi haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, bugungi kunning global muammolari, jumladan, iqlim o‘zgarishi, suv va boshqa tabiiy resurslarning kamayishi jiddiy muammoga aylanib borayotgani va bu holat butun insoniyatning birgalikdagi sa’y-harakatlarini talab etishi alohida ta’kidlandi.