11-sentyabr kuni Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) Xitoy Xalq Respublikasining Fudan universiteti bilan hamkorlikda SHHTning Tyanszin sammiti yakunlari va tashkilotning xalqaro tizimdagi kelajakdagi rolini muhokama qilishga bag‘ishlangan onlayn ekspertlar davra suhbatini o‘tkazdi.
Muhokamada O‘zbekiston va Xitoydan kelgan tadqiqotchilar hamda tahlilchilar ishtirok etdilar. IXTI tomonidan direktor o‘rinbosari Odil Gafarov va Osiyo-Tinch okeani tadqiqotlari markazi rahbari Abbos Boboxonov so‘zga chiqdilar.
Ekspertlar sammitning asosiy yakunlari yuzasidan fikr almashib, eng muhim hujjatlar, xususan, SHHTni 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasi va Tyanszin deklaratsiyasining qabul qilinganini ta’kidladilar. Ushbu qarorlar mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va insonparvarlik aloqalari sohasidagi uzoq muddatli yo‘nalishlarni belgilab berishi qayd etildi.
Shu munosabat bilan SHHTning yangi hamkorlar uchun jozibadorligini saqlab qolayotgan xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik, teng huquqlilik va konsensus tamoyillariga alohida e’tibor qaratildi. Tashkilotning kelajagi ko‘p jihatdan uning iqtisodiy va moliyaviy tarkibiy qismini kuchaytirish, jumladan, SHHT Bankini tashkil etish tashabbusi bilan bog‘liq ekanligi ta’kidlandi.
Muhokama yakunida tomonlar ilmiy almashinuv va qo‘shma tadqiqotlarni davom ettirishga tayyorliklarini bildirdilar, global beqarorlik sharoitida yechimlar izlash uchun muloqotning muhimligini alohida ta’kidladilar.