IXTI va YXHT ta’lim va tadqiqot loyihalarida hamkorlikni mustahkamlamoqda

IXTI va YXHT ta’lim va tadqiqot loyihalarida hamkorlikni mustahkamlamoqda

news_in

16-dekabr kuni IXTI direktori o‘rinbosari Shaxboz Axmedov va Yevropa tadqiqotlari markazi ilmiy xodimi Mushtariy Usmonova YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisiga tashrif buyurib, Missiya rahbari, elchi Antti Karttunen bilan uchrashdi.

 

Uchrashuv davomida Shaxboz Axmedov institut faoliyati va asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi, ta’lim va tadqiqot sohalarida hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan intilishni ta’kidladi. Yetakchilik, strategik kommunikatsiyalar va suv muammolari bilan bog‘liq treninglar va loyihalarni tashkil etish rejalariga alohida e’tibor qaratildi.

 

Elchi Antti Karttunen o‘z navbatida, ta’lim tashabbuslari va xavfsizlik masalalariga e’tibor qaratib, YXHTning O‘zbekistondagi ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi. U IXTI bilan hamkorlik qilishdan manfaatdorligini bildirdi va ta’lim dasturlarini tashkil etish, iqlim tadqiqotlari hamda mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash kabi yo‘nalishlarda birgalikda ishlash muhimligini ta’kidladi. Xususan, Markaziy Osiyo uchun alohida dolzarb bo‘lgan suv diplomatiyasi va resurslarni barqaror boshqarish masalalari bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish taklif etildi.

 

Tomonlar sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, tajriba almashish hamda ta’lim va tadqiqot loyihalarini birgalikda amalga oshirishga o‘zaro tayyorliklarini bildirdilar. Uchrashuv yakunida dolzarb mintaqaviy muammolarni hal etish va mintaqaning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish uchun IXTI va YXHT o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.