IXTI xitoylik hamkasblari bilan aloqalarni mustahkamlashni davom ettirmoqda

IXTI xitoylik hamkasblari bilan aloqalarni mustahkamlashni davom ettirmoqda

news_in

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti xitoylik hamkasblari bilan ilmiy-tadqiqot aloqalarini faol kengaytirishni davom ettirmoqda. 24-may kuni Antropologiya va konfliktologiya laboratoriyasi mudiri, professor Azamat Seitov Shinjon universitetining Markaziy Osiyo instituti tomonidan tashkil etilgan “Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi seminarda ishtirok etdi.

 

Konstruktiv muloqot ruhida o‘tgan tadbirda Markaziy Osiyo instituti direktori doktor Xan Szyun, yetakchi ilmiy xodimlar – Chen Yali, Sayren Chjoli va Szya Godun, shuningdek, Shinjon, Pekin va Shansi universitetlarining yosh tadqiqotchilari ham qatnashdi. Professor Seitov ma’ruza qilib, yangi geosiyosiy sharoitlarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladi.

 

Muhokama davomida ishtirokchilar ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning yuksak darajasi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘tayotganini qayd etdilar. Milliy suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlik masalalarida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi, bu esa strategik sheriklik uchun ishonchli asos yaratadi.

 

Iqtisodiy kun tartibining muhim qismi bo‘lgan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi infratuzilmaviy hamkorlik seminarning asosiy mavzularidan biriga aylandi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l yo‘nalishi loyihasining amalga oshirilishi mintaqaning transport aloqalarini sezilarli darajada kuchaytirishi va tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi. Bundan tashqari, tomonlar kadrlar tayyorlash va akademik almashinuvni rivojlantirishga qaratilgan ta’lim va ilmiy dasturlar sohasidagi qo‘shma tashabbuslar istiqbollarini muhokama qildilar.

 

Yosh tadqiqotchilar Markaziy Osiyoni o‘rganishning dolzarb muammolari va imkoniyatlariga oid bir qator savollar berdilar va ularga har ikki tomon professor-o‘qituvchilaridan batafsil javoblar oldilar. Seminar xayrixohlik va o‘zaro hurmat ruhida o‘tdi, bu esa hamkorlarning mintaqani barqaror rivojlantirish yo‘lidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini tasdiqladi.