IXTIda resurslarni safarbar etish bo‘yicha trening bo‘lib o‘tdi

IXTIda resurslarni safarbar etish bo‘yicha trening bo‘lib o‘tdi

news_in

12-17 noyabr kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutida resurslarni safarbar etish bo‘yicha trening o‘tkazildi. Mazkur trening Jahon banki ko‘magida PRIM MUNIS granti doirasida amalga oshirilayotgan institutsional modernizatsiya loyihasi doirasida tashkil etildi. Mazkur tadbir IXTI faoliyatida barqaror moliyaviy modellarga o‘tish va tashqi resurslarni jalb qilish bo‘yicha tizimli ishlarning boshlanishini anglatdi.

Trening institutning ilmiy va tashkiliy loyihalarni amalga oshirishda tashqi manbalar, grantlar va hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga bo‘lgan ehtiyojiga javoban tashkil etildi. Xususan, xalqaro grant dasturlarida ishtirok etish, donorlar bilan ishlash, hamkorlik tarmoqlarini shakllantirish va uzoq muddatli resurs barqarorligini ta’minlash uchun xodimlar malakasini oshirish IXTI raqobatbardoshligini kuchaytirishning muhim omili sifatida qayd etildi.

Mashg‘ulotlarni Global barqaror taraqqiyot instituti (IGSD) direktori, professor Elena Korosteleva olib bordi. U resurslarni safarbar etish sikli, donorlarni xaritalashtirish, samarali taklif (proposal) tayyorlash, manfaatdor tomonlar bilan muloqot, budjet rejalashtirish va xavflarni baholash kabi asosiy yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratdi. Ishtirokchilar interaktiv mashqlar orqali potensial donorlarni aniqlash, loyiha g‘oyalari uchun konsept yaratish, moliyalashtirish strategiyalarini ishlab chiqish va amaliy vaziyatlarda qaror qabul qilish jarayonlarida qatnashdilar. Bu yondashuv nazariy bilimlarni IXTI ehtiyojlariga mos ravishda qo‘llash imkonini berdi.

Muhokamalar davomida ishtirokchilar taqdim etilgan metod va vositalar grantlar uchun raqobatbardosh arizalar tayyorlash, jarayonlarning shaffofligini oshirish, mas’uliyatni aniq taqsimlash hamda bo‘limlararo hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar. Ayniqsa, monitoring va hisobot tizimlarini standartlashtirish IXTIning xalqaro tarmoqlar va ilmiy konsorsiumlarda samarali ishtirok etishi uchun muhim omil sifatida qayd etildi.

Yakunlangan trening IXTI institutsional salohiyatini kuchaytirish yo‘lidagi muhim bosqich bo‘lib, barqaror resurs siyosatini shakllantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yirik tashabbuslarni boshqarishga xodimlarning tayyorgarligini oshirish uchun mustahkam asos yaratdi. Kelgusida dastur strategik rejalashtirish, monitoring va natijadorlikka yo‘naltirilgan boshqaruv bo‘yicha qo‘shimcha modullar bilan davom ettiriladi. Bu esa institut faoliyatini yanada tizimli va samarali boshqarishga zamin yaratadi.