Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

news_in

Joriy yilning 8-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, mamlakatimizning boshqa vazirlik va idoralari rahbarlari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, yetakchi davlat va xususiy kompaniyalar, milliy ommaviy axborot vositalari vakillari, JIDU professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etishdi.

Tadbirni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Durbek Amanov ochib berar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bunday institutni ochish tashabbusi JIDUni dunyoning yetakchi ilmiy markazlarining ilg‘or tajribalariga asoslangan xalqaro va mintaqaviy tadqiqotlar sohasidagi yetakchi muassasaga aylantirishga qaratilganini taʼkidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Furqat Siddiqov mamlakatimizda ilk bor akademik xalqaro va tarmoqlararo ilmiy-tadqiqot instituti shakllantirilayotganligini, u boshqa jahon professional tadqiqot markazlari va xalqaro ilmiy-tadqiqot institutlari qatorida global tarmoqning bir qismiga aylanishini taʼkidladi.

Tadbir davomida Ebert jamg‘armasi (Germaniya), Sasseks universitetining Xalqaro tadqiqotlar maktabi (Buyuk Britaniya) va Rasana markazi (Saudiya Аrabistoni) kabi xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik va o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi. Pittsburg universitetining Bozorlar va boshqaruv masalalarini o‘rganish markazi (АQSh) bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma tadqiqot yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Institutning asosiy faoliyati xalqaro munosabatlar, jahon iqtisodiyoti, xalqaro huquq, mintaqaviy va mamlakatshunoslikning dolzarb masalalarini fanlararo o‘rganish, zamonaviy jahon siyosati va iqtisodiyotining muhim masalalari bo‘yicha axborot-tahliliy hujjatlar, ilmiy maqolalar va tavsiyalar tayyorlash hisoblanadi. 

Institutda Аfg‘oniston va Janubiy Osiyo, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar, Yevropa va Аmerika tadqiqotlari, zamonaviy global taraqqiyot, barqaror rivojlanish, energetika geosiyosati, iqtisodiy diplomatiya, xalqaro huquq, shuningdek antropologiya va konfliktologiya masalalari o‘rganiladi.

Shu maqsadda institut siyosatchilar, olimlar va manfaatdor jamoatchilik vakillari o‘rtasida dolzarb masalalar bo‘yicha ularning bilim va xabardorlik darajasini oshirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot faoliyatini yuritadi va nashrlar, maʼruzalar, konferensiyalar va ommaviy axborot vositalarida chiqishlarni tashkil etadi.

Ushbu “aql markazi” 8 ta ilmiy markaz va laboratoriyadan tashkil topgan bo‘lib, ularga xalqaro aloqalar boʼyicha tajribali va yuqori malakali mutaxassislar va ekspertlar, jumladan diplomatlar, 3 ta fan doktori va 5 ta fan nomzodlari, shu jumladan xalqaro tashkilotlarda, xususan, BMT tuzilmalarida va АQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya va boshqa nufuzli universitetlarda faoliyat olib borish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislar jalb qilingan.

Institut xodimlari tomonidan qisqa vaqt ichida ommaviy axborot vositalari va ilmiy jurnallarda, jumladan, The National Interest va The Diplomat (АQSh) kabi yetakchi xorijiy jurnallarda 10 dan ortiq maqolalar chop etildi. Bundan tashqari, 7 ta xorijiy mamlakatlar (Qozogʼiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Germaniya, Buyuk Britaniya, АQSh)da tashkil etilgan xalqaro anjumanlarda maʼruzalar bilan qatnashdilar. Shuningdek, institut vakillari tomonidan xalqaro va mahalliy ilmiy grant dasturlari uchun 4 ta loyiha tayyorlanib, ko‘rib chiqishga taqdim etilgan. JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi bilan institutning ilmiy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

Kelajakda Institut istiqbolli milliy va xalqaro institutlar, xalqaro tashkilotlar hamda yetakchi ekspertlar bilan aloqalarni kengaytirish, birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va grantlarni jalb qilish asosida hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan