Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

news_in

Joriy yilning 21-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev Yevropa parlamenti deputati, Yevropa parlamentining O‘zbekiston bo‘yicha doimiy ma’ruzachisi Ilhan Kyuchyuk boshchiligidagi Yevropa parlamenti (YP) delegatsiyasini qabul qildi.

Yig‘ilishda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov hamda ushbu qo‘mita a’zosi Anvar To‘ychiev, JIDU prorektorlari Durbek Amanov va Gulnoza Ismailova, JIDU huzuridagi Xalqaro tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Akram Umarov va mazkur institutning Yevropa tadqiqotlari markazi rahbari Rustam Qayumovlar ishtirok etdi.

Tomonlar O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi turli sohalardagi hamkorlikning joriy holati va yanada mustahkamlash istiqbollarini, birinchi navbatda, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish masalalarini muhokama qildilar.

 O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda– dedi S.Safoyev Yevroparlament delegatsiyasiga murojaat qilar ekan.

O‘z navbatida, Yevroparlament deputati I.Kyuchuk O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli Yevropa-O‘zbekiston munosabatlaridagi dinamika juda ijobiy ko‘rilayotganini ta’kidladi. U insoniy o‘lchov va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, fan, madaniyat va ta’lim masalalari bo‘yicha muloqotda erishilgan yutuqlarni alohida ta’kidladi.

Uchrashuv so‘ngida I.Kyuchuk boshchiligidagi Yevroparlament delegatsiyasi a’zolari JIDU talabalari va professor-o‘qituvchilari bilan suhbatlashdi, ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi.