21-27-sentyabr kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti delegatsiyasi “Nippon Foundation” jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda energetik xavfsizlik va mintaqaviy hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida Vengriyaga amaliy tashrif buyurdi. Budapeshtdagi Lyudovika Davlat xizmati milliy universiteti mezbonlik vazifasini o‘tadi. Delegatsiya tarkibiga JIDU birinchi prorektori va IXTI direktori Akram Umarov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati va JIDU dotsenti Umid Yakubxo‘jayev, “O‘zatom” agentligi vakili Otabek Amanov, IXTI Energetika diplomatiyasi va geosiyosati markazi rahbari Hayotjon Ibragimov, shuningdek, yetakchi ilmiy xodimlar Mehriniso Abdurasulova va Jahongir Soliyev kirdi.
Mazmunli dastur davomida Vengriyaning tegishli davlat tuzilmalari va “MVM CEEnergy Zrt.” va “MVM Group” kabi energetika kompaniyalarida uchrashuvlar o‘tkazildi. Energetika vazirligi huzuridagi Energetika institutida mamlakatning energetika xavfsizligini ta’minlash strategiyasi taqdim etildi. Yadro energetikasi va tartibga solish yondashuvlari masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Vengriya atom energiyasi boshqarmasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar mustaqil nazoratni tashkil etish, yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni me’yoriy jihatdan ta’minlash, atom stansiyalarini qurish va ishga tushirishga qo‘yiladigan talablar bo‘yicha tajriba almashdilar. “Paksh” AESga tashrif o‘quv markazi va kadrlar tayyorlash amaliyoti bilan tanishishni o‘z ichiga oldi, bu esa o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun ta’lim dasturlari va amaliyot o‘tash imkoniyatlarini yaratadi.
Vengriyaning yetakchi tahlil markazlari – Xalqaro munosabatlar instituti, Iqlim siyosati instituti va Dunay instituti bilan aloqalar tashrifning muhim qismi bo‘ldi. Uchrashuvlarda Vengriyaning Yevroosiyodagi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, iqlim kun tartibi va barqaror rivojlanish bo‘yicha yondashuvlar muhokama qilindi. O‘zbekiston tomoni respublikada atrof-muhitni muhofaza qilish va energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni taqdim etib, amaliy xalqaro hamkorlikka yo‘naltirilganligini ta’kidladi.
IXTI delegatsiyasi, shuningdek, Lyudovika universiteti qoshidagi Turkiy tadqiqotlar markazining ochilish marosimida hamda siyosat, iqtisodiyot, energetika, savdo va transport sohalaridagi hamkorlik istiqbollari bo‘yicha mavzuli panel muhokamalarida ishtirok etdi. Ushbu platformalar ekspertlar hamjamiyatining Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston bilan ilmiy almashinuvlar va qo‘shma loyihalarni chuqurlashtirishga qiziqishi ortib borayotganini tasdiqladi.
Tashrif yakunida tomonlar energetika xavfsizligi va “yashil” kun tartibi bo‘yicha ekspertlar muloqotini rivojlantirish, suv resurslarini boshqarish, suvdan foydalanish samaradorligi va irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, akademik almashinuvlar va malaka oshirish dasturlarini kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi ishlar yo‘nalishlarini belgilab oldilar.