Joriy yilning 9–10-iyun kunlari JIDU birinchi prorektori va IXTI direktori, Akram Umarov, IXTI direktorining o‘rinbosari Odil Gafarov hamda IXTI ilmiy xodimi Noa Gao Xitoyning yetakchi muassasalari bilan ilmiy va ekspert hamkorligining amaliy yo‘nalishlarini rivojlantirish maqsadida Pekinga ishchi tashrif bilan bordi. Tashrif dasturiga Xitoyning Pekin, Sinxua, Minzu kabi yetakchi universitetlari va Pekin xalqaro muloqot klubi singari tahliliy markazlari bilan uchrashuvlar kiritildi. Muzokaralar hamkorlik shakllarini aniqlash, kelgusi o‘zaro faoliyatning mazmunli kun tartibini shakllantirish va uzoq muddatli hamkorlikning institutsional mexanizmlarini tayyorlashga qaratildi.
Pekin universitetida muzokaralar vitse-prezident Fan Fan; Xalqaro tadqiqotlar maktabi dekani Tan Shiqi; Yenchun akademiyasi dekani Fan Shimin; dotsent, Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Shi Yue hamda Xalqaro aloqalar boshqarmasi direktori o‘rinbosari Suy Chje bilan bo‘lib o‘tdi. Tomonlar Xitoy va Markaziy Osiyo tadqiqotlari, xalqaro munosabatlar, mintaqaviy rivojlanish, davlat boshqaruvi, iqtisodiy taraqqiyot, barqaror rivojlanish, energetika xavfsizligi va iqtisodiy diplomatiya sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi va Xalqaro tadqiqotlar maktabi bilan hamkorlik qilish imkoniyatlariga, shuningdek, yosh olimlarning Markaziy Osiyo bo‘yicha yozgi va qishki maktablarda ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratildi. IXTI va Pekin universiteti qoshidagi Xorijiy tillar maktabi o‘rtasida muntazam almashinuvlar, qo‘shma tadqiqot tashabbuslari, ilmiy nashrlar, konferensiyalar, seminarlar, mahorat darslari hamda ilmiy xodim va doktorantlar almashinuvi dasturlari uchun zamin yaratuvchi anglashuv memorandumi imzolandi.
Sinxua universitetida delegatsiya Universitet kengashi raisining o‘rinbosari Yan Bin; professor, Xalqaro munosabatlar kafedrasi mudiri Tan Syaoyan; Xalqaro aloqalar bo‘limi dekanining o‘rinbosari Liu Nannan hamda Xalqaro va mintaqaviy tadqiqotlar instituti assistent-professori Van Tao bilan uchrashdi. Muzokaralarda akademik almashinuvlar, xorijiy talabalarni zamonaviy Xitoy bilan tanishtiruvchi qisqa muddatli dasturlar, xalqaro munosabatlar va mintaqaviy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlik, shuningdek, Markaziy Osiyo, Xitoy, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, modernizatsiya, iqtisodiy islohotlar, kambag‘allikni qisqartirish, qishloq xo‘jaligini transformatsiya qilish hamda Xitoyning davlat boshqaruvi tajribasiga oid tadqiqotlar muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, rahbar kadrlar malakasini oshirish sohasida hamkorlik qilish hamda Xitoy va “Xitoy – Markaziy Osiyo” munosabatlari bo‘yicha yanada barqaror tadqiqot platformasini bosqichma-bosqich shakllantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. IXTI va Sinxua universiteti Xalqaro munosabatlar kafedrasi o‘rtasida o‘zaro tashriflar, tajriba va ilmiy nashrlar almashish, qo‘shma tadqiqotlar, konferensiyalar, seminarlar, taqdimotlar, mahorat darslari, salohiyatni yuksaltirish dasturlari, doktorant va ilmiy xodimlar almashinuvi uchun institutsional asos yaratadigan anglashuv memorandumi imzolandi.
Minzu universitetida delegatsiya universitet prezidenti Syan Shigun; Universitet partiya qo‘mitasi doimiy qo‘mitasi a’zosi va vitse-prezident Pen Yun; Xalqaro hamkorlik departamenti direktori Chjan Yan; Mintaqaviy va mamlakatshunoslik instituti direktori o‘rinbosari hamda Etnologiya va sotsiologiya maktabi dekanining o‘rinbosari Chjan Min; Xorijiy tillar maktabi hamda Mintaqaviy va mamlakatshunoslik instituti dekanining o‘rinbosari Gulibanu Mu Kebaytuli hamda Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi Che Chan bilan uchrashdi. Uchrashuv O‘zbekiston, Markaziy Osiyo, Xitoy hamda Xitoy–O‘zbekiston munosabatlarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlikka bag‘ishlandi. Tomonlar qo‘shma tahliliy hisobotlar, jumladan, Xitoy–O‘zbekiston munosabatlariga oid nashrlar hamda siyosiy, iqtisodiy, diplomatik, ijtimoiy va madaniy jihatlarni qamrab oluvchi O‘zbekiston taraqqiyoti to‘g‘risidagi yillik hisobotning istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, til sohasidagi hamkorlik, o‘zbek, xitoy va rus tillarini o‘rganish, etnik siyosat, milliy o‘zlik, millatlararo totuvlik, madaniyat, din va mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha qiyosiy tadqiqotlar o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Pekin xalqaro muloqot klubi hammuassisi va direktori Xelen Xan bilan alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ochiq va yopiq formatdagi ekspert muloqotlarida hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Global xavfsizlik va xalqaro masalalar muhokamasida mustaqil mintaqaviy yondashuvlarni kuchaytirish maqsadida Osiyo, Markaziy Osiyo, Xitoy, Rossiya, Yevropa va AQSH vakillari ishtirokida ekspert formatlarini ishlab chiqish imkoniyatiga alohida e’tibor qaratildi.