Kelajakni shakllantirish: CAREC instituti 2024-yilgi konferensiyasida Barqaror rivojlanish strategiyalari muhokama etildi

Kelajakni shakllantirish: CAREC instituti 2024-yilgi konferensiyasida Barqaror rivojlanish strategiyalari muhokama etildi

news_in

Toshkent, O‘zbekiston – 4-sentabr 2024. 2024-yil 29-30-avgust kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida CAREC institutining “Taraqqiyot strategiyalarini qayta ko‘rib chiqish: CAREC mintaqasi uchun yashil, innovatsion va inklyuziv rivojlanish” mavzusidagi To‘rtinchi Yillik ilmiy-tadqiqot konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. CAREC instituti va KIMEP universitetining Xitoy va Markaziy Osiyoni o‘rganish markazi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida tashkil etilgan ushbu tadbir mintaqada barqaror rivojlanishning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun mutaxassislar, siyosatchilar va tadqiqotchilarni birlashtirdi.

 

Konferensiya kirish sessiya bilan boshlanib, unda e’tiborli shaxslar, jumladan, CAREC instituti direktori Kabir Jo‘razoda va boshqa nufuzli akademik doiralar hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari so‘zga chiqdilar. Brukings instituti norezident katta ilmiy xodimi Yohannes F. Linn asosiy ma’ruzani taqdim etib, keyingi chuqur munozaralarga zamin yaratdi.

 

Konferensiyaning asosiy jihatlaridan biri “Yashil tashabbuslar – iqlim va atrof-muhit” sessiyasi bo‘lib, unda Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) direktor o‘rinbosari va Barqaror rivojlanish markazi rahbari Shaxboz Axmedov tomonidan “Markaziy Osiyoda suv xavfsizligi: iqlimga chidamlilikni ta’minlash uchun moslashish strategiyalari” mavzusidagi ma’ruza taqdim etildi. IXTI Barqaror rivojlanish markazining norezident katta ilmiy xodimi doktor Iskandar Abdullayev bilan hamkorlikda olib borilgan tadqiqot Markaziy Osiyoda suv xavfsizligiga iqlim o‘zgarishi keltirib chiqarayotgan xavf-xatarlarga bag‘ishlangan bo‘lib, transchegaraviy hamkorlik va innovatsion amaliyotlar orqali iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish bo‘yicha strategik tavsiyalarni taklif etdi.

 

Ikki kunlik tadbir davomida ishtirokchilar qayta tiklanadigan energiya manbalari, iqlim o‘zgarishiga chidamlilik, savdo aloqalari va inklyuziv iqtisodiy o‘sish kabi mavzularga bag‘ishlangan bir qator parallel sessiyalarda ishtirok etdilar. Tegishli soha mutaxassislari tomonidan boshqarilgan ushbu sessiyalar CAREC mintaqasida barqaror rivojlanishga hissa qo‘shadigan amaliy g‘oyalarni ishlab chiqish va hamkorlikni rag‘batlantirishga qaratilgan edi.

 

Shuningdek, konferensiyada ikkita muhim nashr taqdim etildi: CAREC institutining Uchinchi yillik tadqiqot konferensiyasi hisoboti hamda ESCAP va CAREC institutining raqamli va barqaror savdoga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shma hisoboti. Ular siyosat bo‘yicha muhim tavsiyalarni taklif qiladi va CARECga a’zo mamlakatlarning kelajakdagi rivojlanish strategiyalariga ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

 

Ushbu yillik tadqiqot anjumani manfaatdor tomonlar uchun CAREC mintaqasining barqaror va farovon kelajagini ta’minlaydigan ekologik barqarorlik, texnologik innovatsiyalar va ijtimoiy inklyuzivlikni ustuvor o‘ringa qo‘yadigan rivojlanish strategiyalarini qayta ko‘rib chiqish uchun muhim imkoniyat hisoblanadi.