Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro anjuman: O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti va energetika mustaqilligi kaliti

Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro anjuman: O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti va energetika mustaqilligi kaliti

news_in

Joriy yilning 15-oktyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU)da O‘zbekiston energobalansiga atom energetikasini integratsiyalashga bag‘ishlangan keng ko‘lamli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) Energetika diplomatiyasi va geosiyosat markazi “O‘zatom” agentligi bilan hamkorlikda, JIDU, Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi va “CENTIL.LAW” yuridik maslahat kompaniyasi ko‘magida tashkil etdi. Anjumanda O‘zbekiston, Rossiya, AQSH, Fransiya, Qozog‘iston, Turkiya, Vengriya, Serbiya va Janubiy Afrika Respublikasidan hukumat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda yadro energetikasi sohasidagi yetakchi mutaxassislar ishtirok etib, mamlakatda atom energetikasini rivojlantirishning asosiy jihatlari va uning global energetika strategiyasidagi o‘rnini muhokama qildilar.

 

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari va JIDU rektori Sodiq Safoyev ochib, O‘zbekiston uchun atom sohasidagi xalqaro hamkorlikning ahamiyatini va milliy energetika tizimiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish zarurligini ta’kidladi. Asosiy ma’ruzachilar orasida Jahon yadro assotsiatsiyasi bosh direktori Sama Bilbao-i-Leon xonim ham bo‘lib, u atom energiyasidan foydalanishning xalqaro tajribasi va uni rivojlanayotgan mamlakatlarda joriy etishning ahamiyati haqida qimmatli ma’lumotlar taqdim etdi. O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Umid Madaminov ham tabrik so‘zlari bilan chiqish qilib, muhokamalarga turtki berdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayev va O‘zbekiston Respublikasi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi davlat qo‘mitasi bosh mutaxassisi Oybek Muxammedjanov mamlakatdagi atom energetikasining hozirgi holati va istiqbollarini taqdim etib, MAGATE bilan xalqaro hamkorlikning muhim rolini alohida ta’kidladilar.

 

IXTI direktori doktor Sherzod Abdullayevning ma’ruzasi e’tiborga molik bo‘ldi. U o‘z nutqida O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirishning geosiyosiy va geotexnologik jihatlarini batafsil yoritdi. Uning ta’kidlashicha, atom sanoatini rivojlantirish nafaqat energetika masalasi, balki global siyosiy va texnologik jarayonlarning muhim qismidir. D-r Abdullayev atom texnologiyalari Janubiy Koreya va Xitoy kabi mamlakatlardagi singari O‘zbekiston iqtisodiyotini sifat jihatidan o‘zgartirish uchun “trigger” bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. So‘zining yakunida u O‘zbekiston uchun atom stansiyasining qurilishi nafaqat energetika mustaqilligiga qadam, balki mintaqaviy hamkorlikka hissa qo‘shadigan Markaziy Osiyodagi texnologik yetakchiga aylanish imkoniyati ekanini uqtirdi.

 

Qozog‘iston Energiya tejovchi tashkilotlar assotsiatsiyasi raisi Sergey Agafonov yaqinda Qozog‘istonda o‘tkazilgan referendum natijalari haqida so‘zlab, energetika islohotlarining muhimligini ta’kidladi. Vengriyalik atom energetikasi bo‘yicha mutaxassis Jolt Xarfash Vengriya va Rossiya o‘rtasidagi atom energetikasi sohasidagi samarali hamkorlikni yoritdi. Serbiyalik tibbiyot professori va neyroxirurg Danitsa Gruichich yadro tibbiyotining onkologik kasalliklarga qarshi kurashdagi ahamiyati haqida ma’ruza qildi. Fransiyaning Assystem kompaniyasining yadro loyihalari bo‘yicha direktori Barish Gyuner atom texnologiyalari sohasidagi xalqaro hamkorlikka e’tibor qaratdi. Janubiy Afrikaning NESCA energetika kompaniyasi vakili Onlametse Emmanuel Montvedi Janubiy Afrikaning mamlakat energetika xavfsizligini oshirish uchun atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini tushuntirdi. Ushbu ma’ruzalar atom energetikasiga bo‘lgan yondashuvlarning xilma-xilligi va uning O‘zbekistonning energetika va ekologik xavfsizligi, shuningdek, ushbu sohadagi xalqaro hamkorligi uchun ahamiyatini anglashga muhim hissa qo‘shdi.

 

Xulosa qilib aytganda, atom energetikasi bo‘yicha anjuman yetakchi mutaxassislar va davlat arboblarini to‘pladi, ularning har biri atom energetikasining strategik masalalarini muhokama qilishga o‘z hissasini qo‘shdi. Tadbir yakunida ishtirokchilar O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlar mamlakatning barqaror taraqqiyotiga va uning jahon energetika hamjamiyatiga qo‘shilishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.