Joriy yilning 15-yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) tomonidan Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi hamda JIDU Diplomatik akademiyasi ishtirokida ekspertlar fikr almashuvini o‘z ichiga olgan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Markaziy Osiyoning asosiy muammolari va istiqbollarini, jumladan mintaqaviy integratsiya, iqtisodiy hamkorlik, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, barqaror rivojlanish masalalari, shuningdek, global geosiyosiy jarayonlarning mintaqaga ta’sirini muhokama qilishga bag‘ishlandi. Davlat ichidagi va davlatlararo hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlash strategiyalarini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Tashkilotchilar milliy, mintaqaviy va xalqaro darajadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun ekspertlar va turli soha vakillarini jalb etish orqali ishtirokchilar doirasini kengaytirib, bunday tadbirlarni o‘tkazishni davom ettirish niyatida ekanliklarini ta’kidladilar.