6-may kuni Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutida IXTI direktori o‘rinbosari A. Umarov, Barqaror rivojlanish markazi rahbari Sh. Akhmedov, Energetika diplomatiyasi va geosiyosat markazi rahbari H. Ibragimov, hamda IXTI tadqiqotchilari Y. Imomova va F. Djamalov ishtirokida Gaagadagi Clingendael xalqaro munosabatlar instituti tadqiqotchilari N. Drost va J. Kretti bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Niderlandiyadan kelgan mutaxassislar IXTI faoliyati va olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo mintaqaviy siyosatidagi tendentsiyalar va uning geosiyosiy jozibadorligi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi aktorlar bilan kelgusidagi iqtisodiy va siyosiy hamkorlikdagi muammolari va istiqbollari muhokama qilindi. Markaziy Osiyo davlatlari va yevropalik sheriklar o‘rtasida energetika, transport, suv resurslari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratildi.
Xususan, C5+1 formatidagi hamkorlik, mintaqada samarali suv diplomatiyasi zarurligi, qo‘shni Rossiya va Xitoyning, shuningdek, AQSh va Yevropa Ittifoqining geosiyosiy manfaatlari, turli integratsiya jarayonlari va tashabbuslarini rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari ta’kidlandi. Bundan tashqari, ekspertlar Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan iqtisodiyoti sarmoyaviy salohiyati va Transkaspiy transport yoʻlagi kabi muqobil logistika yoʻnalishlariga ehtiyoj borligini taʼkidladilar.
Yakunda tomonlar ikki ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik tuzish va Markaziy Osiyo mintaqasiga oid muhim va istiqbolli masalalar bo‘yicha tadqiqot olib borishga kelishib oldilar.
Ma’lumot uchun: Clingendael – Gaaga shahrida joylashgan Niderlandiyaning xalqaro munosabatlar sohasidagi yetakchi tahlil markazi bo‘lgan mustaqil instituti va xalqaro munosabatlar akademiyasi. Markaz har oy xalqaro siyosatga bag‘ishlangan "Spectator" elektron jurnalini nashr etadi.