“O‘zgaruvchan dunyoda Markaziy Osiyo” mavzusida xalqaro konferensiya

“O‘zgaruvchan dunyoda Markaziy Osiyo” mavzusida xalqaro konferensiya

news_in

Joriy yilning 7 iyul kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) tomonidan “O‘zgaruvchan dunyoda Markaziy Osiyo” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Tadbirda Tashqi ishlar vazirligi, yetakchi tahliliy va ilmiy tadqiqot markazlari, milliy ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, 2023 yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etuvchi xalqaro kuzatuvchilar, xorijiy ekspert va olimlar, JIDU professor-o‘qituvchilari va doktorantlar ishtirok etishdi.

Xalqaro konferensiya davomida IXTI rahbariyati, shuningdek, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Tashqi siyosatni o‘rganish instituti boshqaruvi raisi, Elchi B.Nurgaliyev (Qozog‘iston), Uorvik universiteti qoshidagi Global barqaror rivojlanish instituti direktori E.Korosteleva (Buyuk Britaniya), Global tadqiqotlar instituti prezidenti, Elchi A.Sajanxar (Hindiston), Glazgo universiteti professori L.Ancheski (Buyuk Britaniya), Berlin xalqaro siyosiy tadqiqotlar instituti yetakchi tahlilchisi A.Rar (Germaniya) va Roy Entoni Rojers, Malayziya universiteti Osiyo Yevropa instituti direktori o‘rinbosari (Malayziya).

Yangi sharoitda O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyat falsafasini qayta ko‘rib chiqish, qatʼiy tamoyillar asosida ishonchli va faol diplomatiyani izchil olib borish uchun strategik masʼuliyatni o‘z zimmasiga olishi zarurligi maʼruzachilar tomonidan alohida taʼkidlandi. O‘zbekiston uchun bu, birinchi navbatda, global inqiroz va notinchlik, xalqaro rivojlanish paradigmasining o‘zgarishini hisobga olgan holda jahon siyosatining yangi voqeliklariga jiddiy moslashish demakdir. O‘zbekiston diplomatiyasining so‘nggi yillarda kuzatilayotgan Sharq va Janub tomon strategik burilishi o‘zgaruvchan dunyo voqeyiliklari va mamlakatning milliy manfaatlariga to‘liq mos keladi. O‘zbekiston, Markaziy Osiyodagi faol mintaqaviy siyosatini davom ettirib, shu bilan birga, MDH va yetakchi sanoati rivojlangan mamlakatlar bilan anʼanaviy hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligini inobatga olgan holda, xalqaro munosabatlartizimida o‘z o‘rnini egallashi bo‘yicha yangi qarashlarini ishlab chiqish vaqti keldi.

Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining eng muhim yo‘nalishi bo‘lib qolishi haqida fikr bildirildi. Bu o‘rinda so‘z nafaqat mintaqada erishilgan ijobiy o‘zgarishlarni mustahkamlash, balki o‘sib borayotgan global noaniqlikdan kelib chiqadigan xavflarga javob berishni anglatadi. Agar o‘tgan yillarda asosiy eʼtibor mintaqa mamlakatlarining har tomonlama  o‘zaro bog‘liqligini tiklashga qaratilgan bo‘lsa, kelgusi davrda barqarorlik va xavfsizlik asosiy yo‘nalishlarga aylanib bormoqda. Bu O‘zbekiston tashqi siyosati oldiga quyidagi ikkita vazifani qo‘yadi: 1) mintaqaviy va makro-mintaqaviy darajada beqarorlik xavfini kamaytirish; 2) boshqa mintaqalardagi beqarorlik fonida barqarorlikni parallel ravishda kapitallashtirish.