2026-yil 17–22-sentyabr kunlari JIDU huzuridagi IXTI yetakchi ilmiy xodimlari Aziza Muxammedova va Yulduzxon Imomova Pekin shahrida Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti tomonidan tashkil etilgan “Raqamlashtirish, ekologiyalashtirish, birgalikda transformatsiya qilish va yuqori sifatli rivojlanish” mavzusidagi yosh olimlarning Yevrosiyo seminarida ishtirok etdilar.
Dastur Yevrosiyo mamlakatlaridan kelgan yosh tadqiqotchilar va ekspertlarni birlashtirdi. Muhokamalar markazida raqamli va “yashil” transformatsiya, barqaror rivojlanish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalari, shuningdek, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari bo‘ldi. Safar doirasida ishtirokchilar bir qator ilmiy-texnologik va innovatsion maskanlarga tashrif buyurib, Xitoyning sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va ekologik barqaror energetika sohasidagi ishlanmalari bilan tanishdilar.
Xitoy provinsiyalarining tajriba-sinov loyihalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga “yashil” energetika, raqamli boshqaruv va ekologiyaga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish sohasidagi yechimlar qo‘llanilayotgan tajribaviy ekoqishloqni rivojlantirish tajribasi taqdim etildi. Mazkur loyiha kelgusida Xitoyning boshqa hududlarida ham ommalashtirilishi mumkin bo‘lgan barqaror hududiy rivojlanish modellaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Seminardagi ishtirok tajriba almashish, kasbiy aloqalarni kengaytirish hamda Yevrosiyo mamlakatlari tadqiqot markazlari o‘rtasidagi ilmiy muloqotni mustahkamlashga xizmat qildi.