Olmaotadagi ilmiy uchrashuv O‘zbekiston va Qozog‘iston mutaxassislari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamladi

Olmaotadagi ilmiy uchrashuv O‘zbekiston va Qozog‘iston mutaxassislari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamladi

news_in

2024-yil 10-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Olmaotadagi Bosh konsulxonasi tashkiliy ko‘magida Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) antropologiya va konfliktologiya laboratoriyasi mudiri doktor Azamat Seitovning Qozog‘istonning yetakchi mutaxassislari bilan ilmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir “galstuksiz uchrashuv” shaklda o‘tkazilib, ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan yuqori malakali mutaxassislarni to‘pladi.

 

Uchrashuvda “Yevroosiyo dunyosi” jamg‘armasi prezidenti Eduard Poletayev, professor, falsafa fanlari nomzodi Rustam Burnashev, “Kemel arna” jamoat fondi direktori Zeynolla Karajanov, tarix fanlari doktori, Eurasian Center for People Management tadqiqot loyihalari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Laura Karatayeva, “Alternativa” dolzarb tadqiqotlar markazi direktori Andrey Chebotarev, professional ommaviy axborot vositalariga ko‘maklashish jamg‘armasi rahbari, kinorejissor Saken Belgibayev va boshqa mutaxassislar ishtirok etdilar.

 

Uchrashuv doirasida ishtirokchilar keng qamrovli mavzularni, jumladan, O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlarini rivojlantirish, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlash bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlar, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish, shuningdek, mintaqa xalqlarining milliy o‘ziga xosligi masalalarini muhokama qildilar. IXTI va Qozog‘iston tadqiqot tashkilotlari o‘rtasidagi ilmiy va ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

 

Mutaxassislar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar yuqori darajada ekanligini ta’kidlab, ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirishning istiqbolli yo‘nalishi sifatida ilmiy-ta’lim sohasining ahamiyatini alohida qayd etdilar. Ta’kidlanganidek, bunday uchrashuvlar shakli mintaqa mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro tushunishni mustahkamlash va “xalq diplomatiyasi”ni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.

 

Ishtirokchilar tadbirni tashkil etgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasiga minnatdorchilik bildirib, konstruktiv muloqotni rivojlantirish va ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan bunday uchrashuvlarning davom etishiga umid bildirdilar.

 

Uchrashuv samimiy va samarali ruhda o‘tib, mintaqaviy rivojlanishning asosiy masalalarini hal qilish uchun o‘zaro hamkorlikning norasmiy shakllarining muhimligini yaqqol namoyon etdi.