Joriy yilning 20-fevral kuni Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutida Buyuk Britaniyaning Xorijiy hamdo‘stlik va taraqqiyot vazirligi bilan hamkorlikda seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xavfsizlik tadqiqotlari, terrorizm va ekstremizm, mintaqaviy tadqiqotlar, xalqaro munosabatlar, xalqaro huquq, tarix, transchegaraviy suv masalalari va boshqa soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminar davomida quyida keltirilgan to‘rtta alohida panel doirasida suhbatlar tashkil etildi:
1. “Afg‘oniston va Yevroosiyo miqyosidagi integratsiyalashuv jarayonlari”
2. “Afg‘oniston va Markaziy Osiyo: Mintaqaviy suv masalasi”
3. “Afg‘onistondagi terroristik guruhlar: Mintaqaviy xavfsizlik strategiyalari”
4. “Afg‘onistonda gumanitar va qochoqlar masalalari”
Birinchi panel Afg‘onistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi tranzit markazi sifatidagi rolini o‘rganish masalalariga bag‘shlandi. Bundan tashqari, muhokamalar doirasida transport yo‘laklarini tashkil etish bo‘yicha mintaqaviy tashabbuslar va ularning mintaqaning iqtisodiy rivojlanishga qo‘shadigan hissasi, shuningdek, Afg‘onistonni mintaqaviy hamkorlik jarayonlarigga qo‘shishda Tolibon va boshqa manfaatdor tomonlarning roli muhokama qilindi.
Ikkinchi panel o‘z navbatida, Qo‘shtepa kanali qurilishi natijasidagi yuzaga kelishi mumkin bo ‘lgan ehtimoliy tahlikalarni baholash; Afg‘onistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, iqtisodiy o‘sish va bandlik istiqbollari bilan bog‘liq ehtimoldagi foyda va zararlarni muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Uchinchi panel doirasida esa Afg‘oniston hududida terrorchilik faoliyatining kuchayishi sharoitida voqealar rivojining turli xil jiyo ‘nalishlari muhokama qilindi. Bunda eng asosiy e’tibor xalqaro va mintaqaviy manfaatdor tomonlarning Afg‘onistondagi jarayonlarga ta’sirini muhokama qilishga qaratildi.
To‘rtinchi panel ishtirokchilari esa, Afg‘onistonda davom etib kelayotgan gumanitar inqirozning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari va aholining zaif qatlamlari ahvolini inobatga olgan holda baholashga harakat qildi. Mutaxassislar qochoqlar oqimi va uning qo‘shni davlatlar hamda mintaqalarga ta’siri bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, gumanitar inqirozni bartaraf etish va ko‘chirilgan aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro yordam mexanizmlari va strategiyalari ushbu panelda markaziy o‘rinni egalladi.
Umuman olganda, ushbu seminar Afg‘oniston bo‘yicha ixtisoslashgan mutaxassisslar uchun bir joyga yig‘ilib, ayrim dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun samarali platforma bo‘ldi. Shuningdek, tajribali mutaxassislarning ko‘plab tavsiya va samarali kuzatuvlari Afg‘onistondagi mavjud voqealar rivoji va uning qo‘shni mamlakatlar uchun ehtimoliy oqibatlarini tushunish uchun ham alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.