Toshkentda “Markaziy Osiyo – 2050” mintaqaviy forsayt-seminari bo‘lib o‘tdi

Toshkentda “Markaziy Osiyo – 2050” mintaqaviy forsayt-seminari bo‘lib o‘tdi

news_in

Poytaxtda ilk bor keng ko‘lamli forsayt tadbiri tashkil etildi. Unda Markaziy Osiyoning barcha besh davlatidan hukumat organlari, ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari va mustaqil ekspertlar mintaqaning asr o‘rtalarigacha bo‘lgan istiqbollarini birgalikda tahlil qilib, uzoq muddatli rivojlanish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni shakllantirishdi. Tadbir Strategik islohotlar agentligi tashabbusi bilan, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamda Qozog‘iston Respublikasi Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi ko‘magida, shuningdek Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi yordamida o‘tkazildi.

 

Seminarda Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutidan Afg‘oniston va Janubiy Osiyoni o‘rganish markazi rahbari Islomxon Gafarov ishtirok etib, munozaralardan birini boshqardi. Shuningdek, Barqaror rivojlanish markazi rahbari Shaxboz Axmedov va katta ilmiy xodim Nargiza Umarova ma’ruzachi sifatida qatnashib, ekotizimlar barqarorligi, energetik o‘tish va davlatlararo hamkorlikni mustahkamlash mavzularini yoritdilar.

 

Ishtirokchilar demografik tendensiyalar, iqlim o‘zgarishi muammolari hamda suv va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish zaruriyatini muhokama qildilar. “Yashil” energetika sohasida muvozanatli yechimlarni izlash, transport yo‘laklarini zamonaviylashtirish va mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy o‘zaro to‘ldiruvchiligini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 

Seminar yakunida ekspertlar doimiy muloqotni davom ettirish va strategik tashabbuslar ustida hamkorlikda ishlash muhimligini ta’kidladilar. Muhokamalar davomida tayyorlangan takliflarni 2025-yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvida taqdim etish rejalashtirilgan.