Toshkentda o‘tkazilgan MDHning xalqaro konferensiyasi: Global tahdidlar sharoitida barqaror rivojlanish va integratsiya sari yangi yo‘l

Toshkentda o‘tkazilgan MDHning xalqaro konferensiyasi: Global tahdidlar sharoitida barqaror rivojlanish va integratsiya sari yangi yo‘l

news_in

Joriy yilning 26-sentyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo mamlakatlar tahliliy markazlarining “Uzoq muddatli hamkorlik uchun yangi kun tartibi” mavzusidagi xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Hamdo‘stlik davlatlari makonidagi jarayonlarni tahlil qilish, istiqbollar va amalga oshirilmagan imkoniyatlarni o‘rganish, shuningdek, barqaror rivojlanish uchun potensial xavflarni baholashni maqsad qilgan tadbir ilmiy-ekspert doiralarning yetakchi vakillari va MDHga a’zo davlatlarning rasmiy vakillarini bir joyga to‘pladi.

 

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi direktori Sanjar Valiyev moderatorligida o‘tkazilgan rasmiy ochilish marosimida MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev videomurojaatda so‘zga chiqib, ishtirokchilarni qutladi va yangi geosiyosiy voqeliklar sharoitida muloqotni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi. O‘z navbatida, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov va JIDU birinchi prorektori Akram Umarov o‘z nutqlarida O‘zbekistonning MDHning barqaror rivojlanish va iqtisodiy hamda siyosiy integratsiyani mustahkamlashga qaratilgan yangi kun tartibini shakllantirishdagi alohida rolini qayd etdilar.

 

JIDUning Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti direktori Sherzod Abdullayev global o‘zgarishlarning uchta asosiy omili – global siyosiy keskinlik, mafkuraviy narrativlar raqobatining qaytishi va texnologik o‘zgarishlarni ajratib ko‘rsatdi, shuningdek, ishtirok etayotgan ekspertlar fikriga qiziqish bildirdi va shu bilan o‘zi moderatorlik qilgan Birinchi sessiyaning boshlanishiga zamin yaratdi. Muhokamalar davomida xavfsizlik, geosiyosatning asosiy masalalari hamda o‘zgaruvchan dunyo tartibining yangi voqeliklarida MDH mamlakatlari o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

 

Konferensiyaning iqtisodiy hamkorlik va “yashil” o‘tishni rivojlantirishga bag‘ishlangan Ikkinchi sessiyasida ishtirokchilar Hamdo‘stlik makonida sanoat kooperatsiyasi, savdo, transport, energetika va oziq-ovqat xavfsizligini atroflicha ko‘rib chiqdilar. Mintaqaning iqtisodiy barqarorligi, ayniqsa, innovatsion va barqaror yondashuvlarni joriy etish nuqtayi nazaridan MDH davlatlari o‘rtasidagi integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirishga bevosita bog‘liq ekanligi ta’kidlandi. Mintaqaning muvaffaqiyatli kelajagi past uglerodli iqtisodiyotga o‘tish va qayta tiklanadigan energiya manbalariga investitsiyalarni ko‘paytirish bilan chambarchas bog‘liq ekanligi aytib o‘tildi.

 

Uchinchi sessiya madaniy-gumanitar hamkorlikka bag‘ishlandi, unda fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Umumiy madaniy merosni asrab-avaylash va MDH xalqlarini yaqinlashtirishga qaratilgan gumanitar loyihalarni qo‘llab-quvvatlash munozaraning muhim qismi bo‘ldi. Fan va ta’lim ham MDH mamlakatlari hamkorligining muhim yo‘nalishlari sifatida belgilandi, chunki aynan shu sohalarda uzoq muddatli hamkorlik uchun poydevor qo‘yish mumkinligi ta’kidlandi. Ishtirokchilar akademik almashinuvlar, qo‘shma tadqiqotlar, shuningdek, umumiy ta’lim dasturlari va o‘quv materiallarini ishlab chiqish muhimligini alohida qayd etdilar. MDHning barcha mamlakatlaridan talaba va olimlarni jalb qila oladigan qo‘shma ta’lim markazlari va tadqiqot institutlarining tashkil etilishi mintaqaning ilmiy salohiyatini integratsiyalash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi ta’kidlandi.

 

Tadbir yakunida yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi direktori Sanjar Valiyev tomonidan taqdimot o‘tkazilib, yangi institutning asosiy maqsadlari, shuningdek, uning tashqi siyosiy tadqiqotlar rivojiga qo‘shgan hissasi qayd etildi. Konferensiyaning muhim natijasi sifatida Markazning Belarus strategik tadqiqotlar instituti va Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, bu kelgusida tashqi siyosat va xalqaro tashabbuslar sohasidagi hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

 

Xulosa qilib aytganda, konferensiya MDHga a’zo mamlakatlarning o‘zgaruvchan geosiyosiy dinamikaga javoban birgalikda yechim izlashdan yuqori darajada manfaatdor ekanligini namoyish etdi. Global beqarorlik sharoitida ushbu tadbir MDH davlatlari o‘rtasidagi muloqotni chuqurlashtirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash hamda mintaqaviy va xalqaro muammolarni hal qilishda kelishilgan va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Bunday hamkorlik doimiy tajriba va ekspert bilimlarini almashishni ta’minlaydi, bu esa MDH mamlakatlariga yangi tahdidlarga samarali moslashish va uzoq muddatli rivojlanish uchun ochilayotgan imkoniyatlardan foydalanishga yordam beradi.