2025-yil 17-28-mart kunlari IXTI Barqaror rivojlanish markazi yetakchi ilmiy xodimi Odilbek Manabov Hindiston Moliya vazirligi qoshidagi Arun Jeytli nomidagi Milliy moliyaviy boshqaruv institutida “Davlat sektorida Power-Bi, Tableau va Advanced Excel yordamida ma’lumotlarni tahlil qilish” mavzusidagi maxsus treningda ishtirok etdi.
Safar asosiy maqsadi moliyaviy tahlil sohasidagi bilim va ko‘nikmalarni chuqurlashtirish, shuningdek, Tableau va Power BI kabi ilg‘or vositalardan foydalanib ma’lumotlarni qayta ishlash va vizuallashtirish zamonaviy usullarini o‘zlashtirishdan iborat edi. Ushbu dasturlar katta hajmdagi ma’lumotlarni samarali tahlil qilish imkonini beradi, bu esa davlat moliyaviy va iqtisodiy siyosatida asosli qarorlar qabul qilish uchun g‘oyat muhimdir.
Trening dasturi xavflarni boshqarish, loyiha resurslarini rejalashtirish, shuningdek, regression tahlil va katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilishni chuqurroq o‘rganish kabi turli mavzularni qamrab oldi. Ishtirokchilar davlat moliyaviy boshqaruvi jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qimmatli bilimlar oldilar, bu esa qaror qabul qilishning shaffofligini va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar Hindiston Moliya vazirligi va Hindiston temir yo‘llari axborot tizimining ma’lumotlar markaziga tashrif buyurib, u yerda davlat xizmatlarini raqamlashtirish va transformatsiya qilish yondashuvlarini muhokama qildilar.
Treningning so‘nggi kunida ishtirokchilar o‘z loyihalarini taqdim etib, yangi bilimlarini namoyish qildilar va kasbiy amaliyotga joriy etish uchun innovatsion g‘oyalar taklif etdilar. Bu safar moliyaviy tahlil va davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish sohasidagi ufqlarni kengaytirgan holda kasbiy rivojlanish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.