JIDU va IXTI Avstraliyaning Moskvadagi elchixonasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi

JIDU va IXTI Avstraliyaning Moskvadagi elchixonasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi

news_in

2026-yil 22-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Avstraliyaning Moskvadagi elchixonasi delegatsiyasi bilan ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Avstraliya delegatsiyasi tarkibidan Avstraliyaning Favqulodda va Muxtor elchisi Janob Jon Uilyam Giring, ikkinchi kotib Natasha Tioukavkin va tadqiqotchi xodim Natalya Chudinovskix o‘rin oldi.

Uchrashuv davomida elchi Giring Avstraliyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini qayd etib, mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishning ahamiyatini ta’kidladi. Shuningdek, suhbatda Avstraliya va O‘zbekiston universitetlari hamda tahliliy va ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari ham muhokama qilindi. Tomonlar JIDU va IXTI ishtirokida institutsional o‘rin, faoliyat yo‘nalishlari va hamkorlikning ehtimoliy shakllari yuzasidan fikr almashdilar.

Muloqotning muhim qismi Afg‘onistondagi vaziyat va O‘zbekistonning ushbu mamlakat bilan o‘zaro munosabatlarga oid amaliy yondashuviga bag‘ishlandi. Avstraliya tomoni O‘zbekiston rasmiy va ekspert doiralarining Afg‘onistondagi o‘zgarishlarga, jumladan, ikki tomonlama savdo hajmining o‘sish omillari, mintaqaviy infratuzilma loyihalari, chegaraoldi hamkorlik va transport-logistika imkoniyatlariga qanday baho berishini chuqurroq anglashdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Uchrashuvda, shuningdek, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik, “O‘rta yo‘lak”, Xitoyning Markaziy Osiyodagi infratuzilma va iqtisodiy jarayonlardagi o‘rni, migratsiya tendensiyalari va ularning O‘zbekiston mehnat bozoriga ta’siri kabi masalalar ham ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunida tomonlar JIDU, IXTI va avstraliyalik hamkorlar o‘rtasidagi ekspert va akademik muloqotni yanada rivojlantirish, jumladan, Avstraliya universitetlari va tadqiqot markazlari bilan aloqalar o‘rnatish hamda Afg‘oniston, mintaqaviy xavfsizlik, transport aloqalari va Avstraliyaning Markaziy Osiyo bilan hamkorligi borasidagi muhokamalarni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.