JIDU va IXTI xodimlari Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan Ibn Haldun Universitetidagi Turkiy davlatlar yozgi maktabida ishtirok etishdi

JIDU va IXTI xodimlari Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan Ibn Haldun Universitetidagi Turkiy davlatlar yozgi maktabida ishtirok etishdi

news_in

Toshkent, O’zbekiston – 11-avgust 2024. Joriy yilning 28-iyulidan 8-avgustiga qadar JIDU qoshidagi IXTI Yevropa tadqiqotlari markazi ilmiy xodimi Mushtariy Usmonova Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT), Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (O‘zbekiston), ADA universiteti qoshidagi Taraqqiyot va diplomatiya instituti (Ozarbayjon) va Xoja Ahmad Yasaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universiteti (Qozog‘iston) bilan hamkorlikda Ibn Haldun universiteti (IHU, Turkiya) Haydar Aliyev nomidagi Yevroosiyo tadqiqotlari markazi tomonidan tashkil etilgan “Turk dunyosi uchun yangi davr” xalqaro yozgi maktabida ishtirok etish uchun Istanbul shahrida bo‘ldi.

 

Ushbu kurs AQSH, Germaniya, Angliya, Xitoy, Eron, Rossiya, Hindiston, Polsha, Pokiston, Bolgariya va TDTga aʼzo 20 ta davlatning o‘quv va ilmiy doiralaridan 60 dan ortiq ishtirokchilarni qamrab oldi.

 

Yozgi maktabning ochilish marosimida IHU Vasiylik kengashi raisi, professor Irfan Gunduz, Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Najmeddin Bilol Erdo‘g‘on, TDT Bosh kotibi o‘rinbosari Sadi Jafarov va JIDU O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Akram Umarov ishtirok etdilar. Keyingi muhokama va ma’ruzalarda JIDU fan va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Gulnoza Ismailova va professor-o‘qituvchilari, bundan tashqari, dunyoning yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining bir qator yuqori malakali mutaxassislari ma’ruzachi sifatida chiqishlar qildi.

 

Global va mintaqaviy xavfsizlik, logistika va transport yo‘laklari, ta’lim va gumanitar hamkorlik masalalari, ekologik va iqlim muammolari atroflicha muhokama qilindi. Yozgi maktabning eng dolzarb va jiddiy mavzusi zamonaviy turkiy tillilar makonida o‘zlik (milliy, turkiy, markaziy osiyolik, postsovet o‘zligi) muammosi bo‘ldi. Globallashuv va oʻzaro taʼsir sharoitida madaniy oʻziga xoslikni saqlash muhimligiga eʼtibor qaratildi.

 

“Turk dunyosi uchun yangi davr” xalqaro yozgi maktabining o‘tkazilishi turkiy dunyo va undan tashqaridagi mamlakatlar o‘rtasida ilmiy hamkorlik va bilim almashinuvini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. O‘quv kursi nafaqat asosiy global va mintaqaviy muammolarni muhokama qilish uchun noyob imkoniyat yaratdi, balki turli masalalar bo‘yicha xalqaro muloqotni rivojlantirishga ham hissa qo‘shdi. Tadbirda dolzarb va istiqboldagi muammolarga yechim topish bo‘yicha hamkorlikdagi sa’y-harakatlar muhimligi, ilmiy tadqiqot va ilmiy doiralar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, turli mamlakatlar vakillari o‘rtasida o‘zaro tushunishni chuqurlashtirish muhimligi ta’kidlandi.