O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning yangi logistika ufqlari: Nargiza Umarova ozarbayjonlik ekspertlar uchun seminar o‘tkazdi

O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning yangi logistika ufqlari: Nargiza Umarova ozarbayjonlik ekspertlar uchun seminar o‘tkazdi

news_in

Mustaqil STEM tahliliy markazining (Ozarbayjon) ma’rifiy tadbirlari doirasida Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Nargiza Umarovaning onlayn seminari bo‘lib o‘tdi. Ekspert “Markaziy Osiyoda yangi transport-logistika voqeligini shakllantirishda O‘zbekistonning o‘rni” mavzusida ma’ruza qildi va Ozarbayjonning transport, logistika va xalqaro aloqalar sohasidagi mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.

 

Seminar Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyoning ulkan bozori bilan bog‘laydigan muhim yo‘nalish – Afg‘oniston orqali o‘tadigan janubiy tranzit yo‘nalishini rivojlantirish istiqbollarini chuqur tahlil qilish uchun maydon bo‘ldi. Nargiza Umarova joriy infratuzilma loyihalari, jumladan, Transafg‘on temir yo‘li qurilishi bo‘yicha ekspertlar bahosini taqdim etdi va O‘zbekiston, Turkmaniston hamda Qozog‘iston bu yo‘nalishda – temir yo‘l tarmoqlaridan tortib energetika yo‘laklarigacha bo‘lgan o‘z tashabbuslarini faol ilgari surayotganini ta’kidladi.

 

Mintaqaviy va global miqyosdagi ishtirokchilarning transafg‘on yo‘nalishiga ta’sir o‘tkazish uchun raqobatli kurashiga alohida e’tibor qaratildi. Umarova xonim o‘zaro manfaatli yondashuvlar va Markaziy Osiyo davlatlarining uzoq muddatli manfaatlarini hisobga olishga asoslangan muvofiqlashtirilgan mintaqaviy strategiya zarurligini ta’kidladi.

 

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi transport hamkorligini mustahkamlashga bag‘ishlangan qism qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tomonlar quruqlik va multimodal aloqalarni kengaytirish, logistika operatsiyalari samaradorligini oshirish va Yevropa bozorlariga chiqish uchun Kaspiy dengizi orqali o‘tadigan yo‘nalishlardan foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

 

So‘zining yakunida Nargiza Umarova dunyodagi geosiyosiy beqarorlik Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun nafaqat muammolar, balki mintaqaga Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi asosiy bog‘lovchi bo‘g‘in maqomini qaytarish uchun noyob imkoniyatlar ham yaratayotganini ta’kidladi.