IXTIda O‘zbekiston va Xitoyning transport-logistika imkoniyatlari muhokama qilindi

IXTIda O‘zbekiston va Xitoyning transport-logistika imkoniyatlari muhokama qilindi

news_in

Toshkent, O‘zbekiston – Joriy yilning 15 may kuni JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar Instituti Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi hamda Fudan universiteti bilan hamkorlikda “Xitoy va O‘zbekistonning transport-logistika imkoniyatlarini o‘zaro bog‘lanishining dolzarb masalalari” mavzusida onlayn konferensiya tashkil etildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston va Xitoyning ekspert doiralari “O‘rta koridor”ning o‘zaro bog‘liqligi istiqbollari va muammolari: temir yo‘l tarmoqlarini rivojlantirish hamda Xitoy va Markaziy Osiyo logistikasi o‘rtasidagi aloqalarning hozirgi holati: imkoniyatlar va rivojlanish muammolari kabi dolzarb masalalarni muhokama qilishdi. 

Yangi temir va avtomobil yo‘llari qurilishi bilan qo‘llab-quvvatlanadigan infratuzilmani rivojlantirish hududlar o‘rtasidagi aloqani yaxshilash va iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlarni ochib berishi aniqlandi. Mutaxassislar transportning turizmga taʼsirini ham muhokama qildilar, transport infratuzilmasini takomillashtirish sayohatni yana-da qulay qiladi, bu esa turistlar oqimining o‘sishiga va xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi.

Xulosa qilib O‘zbekiston va Xitoy strategik hamkor davlatlar sifatida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish barobarida transport-logistika aloqalarini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat berishi qayd etildi. Tadbir so‘ngida tomonlar ilmiy hamkorlikni davom ettirish va shu kabi ilmiy muhokamalarni boshqa mavzularda ham davom ettirishga kelishib olishdi.