2026-yil 26-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) “Markaziy Osiyoning xavfsiz atom kelajagi: yadroviy qurolni tarqatmaslikdan xavflarni boshqarish sari” mavzusida yadro qurolidan xoli hudud bo‘yicha Toshkent muloqoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda Montereydagi Middlberi xalqaro tadqiqotlar instituti qoshidagi Jeyms Martin nomidagi Yadroviy qurolni tarqatmaslik muammolarini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda Professor Anna Vasilyeva tashabbusi bilan o‘tkazilgan 10-yubiley Monterey simpoziumi doirasida tashkil etildi.
Muloqot o‘zgaruvchan global yadroviy va geosiyosiy landshaft sharoitida Markaziy Osiyoning o‘rnini o‘zgartirish, shuningdek, yadro qurolini tarqatmaslik rejimini mustahkamlash, yadroviy va radiologik xatarlarni kompleks boshqarish mexanizmlarini rivojlantirish, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish ko‘lamini kengaytirish sharoitida xavfsizlikni ta’minlash hamda mintaqaviy infratuzilmaning yangi tahdidlarga bardoshliligini oshirish masalalariga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining birinchi o‘rinbosari, SMTI direktori Eldor Aripov hamda Middlberi xalqaro tadqiqotlar instituti Monterey tashabbusi direktori Anna Vasilyeva tabrik so‘zi bilan chiqish qildi.
Jeyms Martin nomidagi Yadroviy qurolni tarqatmaslik muammolarini o‘rganish markazi direktori Uilyam Klark Potter asosiy ma’ruza bilan so‘zga chiqdi. Uning nutqi global xavfsizlik arxitekturasining o‘zgarishi sharoitida Markaziy Osiyoning o‘rniga hamda yadroviy qurolni tarqatmaslikning an’anaviy rejimdan yadroviy va radiologik xatarlarni boshqarishga doir yanada keng qamrovli yondashuvga o‘tish masalalariga bag‘ishlandi.
Asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zatom” agentligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti kabi tegishli tuzilmalar, ilmiy-tadqiqot institutlari va xalqaro ekspert hamjamiyati vakillari, shuningdek, xalqaro xavfsizlik, yadroviy qurolni tarqatmaslik va ekologik barqarorlik sohasidagi mutaxassislar ma’ruzalar qildilar.
Mavzuga doir chiqishlar davomida ishtirokchilar tinch atom va yadro energetikasini rivojlantirish sharoitida xavfsizlikni ta’minlash, jumladan, hayotiy siklning barcha bosqichlarida yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik talablari, avariyalar va texnologik xatarlarning oldini olish, milliy nazorat organlarini rivojlantirish hamda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Markaziy Osiyoning transport-logistika markaziga aylanishi sharoitida yadroviy va radiologik xatarlarni boshqarishga alohida e’tibor qaratildi.
Toshkent muloqoti Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hududning kelajagini muhokama qilish hamda mintaqaning xavfsiz, barqaror va mas’uliyatli atom kelajagini ta’minlashga qaratilgan amaliy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun muhim ekspertlar maydoniga aylandi.