Xalqaro hamkorlik amalda: IXTI va AFSTM O‘zbekiston va Qatar ilmiy hamjamiyatlari o‘rtasida aloqalar o‘rnatmoqda

Xalqaro hamkorlik amalda: IXTI va AFSTM O‘zbekiston va Qatar ilmiy hamjamiyatlari o‘rtasida aloqalar o‘rnatmoqda

news_in

Toshkent, Oʻzbekiston – 2024-yil 11-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasining Qatardagi elchixonasi koʻmagida Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining (IXTI) Arab fan va siyosat tadqiqotlari markazi (AFSTM)  bilan masofaviy (onlayn) uchrashuvi tashkil etildi. IXTI direktori oʻrinbosari Shaxboz Axmedov va Amerikani o‘rganish markazi rahbari Ulugʻbek Ishanxoʻjaevlarga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) Til ta’limi markazi direktori Lutfiddin Xoʻjayev va JIDU Diplomatik Akademiyasi dekani Ismatulla Fayzullaevlar ham qo‘shildi. Uchrashuvda qatarlik hamkasblar Marvan Kabalan, Umar Ashhur va Hazim Rahayliy bilan birga Siyasaat Arabiya (“Arab Siyosati”) jurnali bosh muharriri Ahmad Qasim Husayn ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasining Qatardagi elchixonasi vakilining tabrik so‘zlaridan so‘ng tomonlar ikki institut faoliyatiga oid taqdimotlar bilan tanishdi. Xususan, doktor Marvan Kabalan AFSTMI o‘zining o‘n yildan ortiq faoliyati davomida Yaqin Sharqdagi yetakchi tahlil markazlaridan biriga aylanganini, shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Fransiya, Livan va Tunisda o‘zining xorijiy filiallarini ochganini ta’kidladi. Janob Shaxboz Axmedov, o‘z navbatida, ikki yil davomida IXTI erishgan yutuqlarga alohida to‘xtab, institutni yanada rivojlantirish, jumladan, yangi markazlar tashkil etish orqali ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan rejalari bilan o‘rtoqlashdi.

IXTI vakillari nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, balki GCC+5 formatida Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Markaziy Osiyo davlatlarining ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan ko‘p tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi va bu qatarlik hamkorlar tomonidan ijobiy qabul qilindi. Bundan tashqari, tomonlar Qatarda Yaqin Sharqshunoslik, shuningdek, arab tilini o‘rganish bo‘yicha mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etishga kelishib oldilar.

O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi tez orada ikki tashkilot o‘rtasida O‘zaro Anglashuv Memorandumi loyihasini tayyorlash va kelgusida rasmiy hujjatni imzolash orqali hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqishni taklif qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun ishchi guruh tuzish maqsadida oʻzaro aloqalar almashdilar. Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti va Arab fan va siyosat tadqiqotlari markazi o‘rtasidagi onlayn uchrashuv O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi ilmiy va diplomatik hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Har ikki tomon vakillari tashkilotlarining o‘zaro tajribasini almashib, kelgusidagi hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratdilar.