XSXIning (IWMI) Pokiston bo‘yicha direktori doktor Iskandar Abdullayev bilan uchrashuv

XSXIning (IWMI) Pokiston bo‘yicha direktori doktor Iskandar Abdullayev bilan uchrashuv

news_in

Toshkent, O‘zbekiston – 16-avgust 2024. Suv diplomatiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirishda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori doktor Akram Umarov va Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) direktori o‘rinbosari, janob Shaxboz Axmedov Germaniyaning Gisen universiteti vazifalarini bajarishni tugatayotgan professori va Xalqaro suv xo‘jaligi institutining (International Water Management Institute, IWMI) Pokiston bo‘yicha yangi tayinlangan direktori, shuningdek, IXTI Barqaror rivojlanish markazida tashrif buyuruvchi ekspert doktor Iskandar Abdullayev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

 

Uchrashuv doktor Abdullayevning joriy yilning 5-avgust kuni boshlangan Markaziy Osiyo universitetlari professor-o‘qituvchilari uchun suv diplomatiyasi bo‘yicha treningning ikkinchi haftasida o‘tkazilgan suv resurslarini boshqarishda mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha ma’ruzasi arafasida bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuvda suv diplomatiyasi va tegishli taʼlim sohasidagi tashabbuslarni ilgari surish boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi. Tomonlar mintaqada suv resurslarini boshqarishni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shma dastur va loyihalarni yaratish zarurligini muhokama qildi. Bilim va ilg‘or tajriba almashish suv resurslaridan yanada barqaror foydalanishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Suv diplomatiyasi sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlarini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi. O‘z navbatida, suv resurslarining uzoq muddatli xavfsizligini ta’minlash uchun bu boradagi mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish taklif etildi.

 

Doktor Abdullayev, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida suv muammolarini o‘rganishga kompleks yondashuv zarurligini hamda iqlim o‘zgarishi suv resurslarini tadqiq qilishda e’tiborga olinishi lozim bo‘lgan muhim jihat ekanini ta’kidladi. Mintaqada suv resurslarini yaxshiroq tushunish va samarali boshqarish uchun iqlim o‘zgarishining suv mavjudligi va sifatiga ta’sirini hisobga olish juda muhimligini bildirdi.

 

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik muvaffaqiyatli davom etishiga ishonch bildirdilar va umumiy maqsadlarga erishish yo‘lida muntazam aloqalarni faollashtirish muhimligini ta’kidladilar.