Joriy yilning 10-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining (JIDU) Xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti Ulug‘bek Xasanov va Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining (IXTI) ilmiy xodimi Islomxon Gafarov Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti (QozMU) tomonidan tashkil etilgan “Yangi geosiyosiy va geoiqtisodiy realliklarda Afg‘oniston” nomli xalqaro konferensiyasida ishtirok etdilar. Konferensiyada QozMU rahbariyati, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston va Afg‘oniston olimlari va mutaxassislari qatnashdilar.
Konferensiyaning ochilish qismida kirish so‘zlari Xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Leyla Delovarova va QozMU qoshidagi Xalqaro ilmiy faoliyatni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Oleg Esenov tomonidan yo‘llandi. Ularning chiqishlarida Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston masalasiga bo‘lgan turli yondashuvlari va ularni muvofiqlashtirish zaruriyati ta’kidlandi.
Birinchi sessiyada Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti Ulug‘bek Xasanov ma’ruza qildi. Uning ma’ruzasi o‘zbek-afg‘on munosabatlariga bag‘ishlandi. U o‘z nutqida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikning geosiyosiy jihatlarini ta’kidlab, Afg‘oniston Toshkent uchun global savdo dengiz portlariga chiqishni ta’minlaydigan tranzit hududi ekanligini qayd etdi.
Ikkinchi sessiyada Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining ilmiy xodimi Islomxon Gafarov ma’ruza qildi. Uning ma’ruzasi Tolibon va Pokiston munosabatlariga bag‘ishlandi. Afg‘oniston-Pokiston munosabatlarining tarangligi Kobulni mamlakatning savdo-logistika siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. Natijada Tolibon hozirda Eronning Chobahor portini rivojlantirishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
Umuman olganda konferensiya davomida Afg‘onistonning hozirgi vaziyati va uning Markaziy Osiyo mamlakatlariga ta’siri bilan bog‘liq asosiy masalalar ko‘rib chiqildi. Konferensiya Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat bilan bog‘liq murakkab muammolarni hal qilish uchun qo‘shma sa’y-harakatlar va xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlariga ushbu masala yuzasidan siyosat va harakatlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi.