2026-yil 4–5-noyabr kunlari JIDUda “Global o‘zgarishlar va mintaqaviy dinamika: Markaziy Osiyo shakllanayotgan xalqaro tartibotda” mavzusida “Think Road Forum 2026” forumi bo‘lib o‘tadi. Ikki kun davom etadigan ushbu xalqaro forum global tartibot evolyutsiyasi va unda Markaziy Osiyoning o‘zgarib borayotgan roli bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun taniqli siyosatchilar, diplomatlar, olimlar, yetakchi tahliliy markazlar va xalqaro tashkilotlar vakillarini bir joyga jamlaydi.
Geosiyosiy raqobat, geoiqtisodiy tarqoqlik va xalqaro munosabatlardagi mavhumlik kuchayib borayotgan bir sharoitda forum mintaqaviy hamkorlik, strategik o‘zaro bog‘liqlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha mazmunli siyosiy muloqot uchun platformaga aylanadi. Markaziy Osiyoning global tahdidlarga javob berish, mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash va xalqaro maydonda tobora muhim ishtirokchi sifatida o‘z mavqeyini kuchaytirish salohiyatiga alohida e’tibor qaratiladi.
Forum doirasida to‘qqizta mavzuli panel munozaralari, shuningdek, asosiy ma’ruzalar, yuqori darajadagi fikr almashuvlar va ixtisoslashtirilgan sessiyalar bo‘lib o‘tadi. Muhokamalar davomida Markaziy Osiyoda yirik davlatlarning ishtiroki, iqtisodiy hamkorlik, mintaqaviy barqarorlik, transport va savdo aloqadorligi, iqlim o‘zgarishi va resurslarni boshqarish, tashqi savdo transformatsiyasi, davlat boshqaruvida sun’iy intellektdan foydalanishning oqibatlari, shuningdek, mintaqaning 2030-yilgacha bo‘lgan strategik istiqbollari kabi masalalar ko‘rib chiqiladi.
Dasturda Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalardan, jumladan, Oksford universiteti, London universitetining Sharqshunoslik va afrikashunoslik maktabi, Shanxay xalqaro tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) hamda boshqa yetakchi akademik va siyosiy muassasalardan nufuzli xalqaro ekspertlar va tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.
Bir qator sessiyalar xalqaro hamkorlar bilan birgalikda tashkil etiladi. Yirik davlatlarning o‘zaro munosabatlari va Xitoyning Markaziy Osiyodagi ishtirokiga bag‘ishlangan ikkita panel munozarasi Britaniya akademiyasi, Oksford universiteti va “Mapping Global China” tashkiloti bilan birgalikda, mintaqaviy barqarorlik va transport aloqadorligi masalalari bo‘yicha muhokamalar esa Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda o‘tkaziladi. Tashqi savdo va sun’iy intellektga bag‘ishlangan qo‘shimcha sessiyalar “CAPS Unlock” bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Ikkinchi kunning eng muhim voqealaridan biri Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN) O‘zbekiston bo‘limining ishga tushirilishi bo‘lib, bu ilmiy tadqiqotlar, sheriklik munosabatlari va siyosatni shakllantirishda ishtirok etish orqali barqaror rivojlanishga ko‘maklashish borasida tarmoqning konsepsiyasi, ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollarini taqdim etish imkonini beradi.
Xalqaro tajriba, hamkorlikka asoslangan muloqot va amaliy siyosatga yo‘naltirilgan muhokamalarga alohida e’tibor qaratgan holda, “Think Road Forum 2026” institutsional sheriklikni mustahkamlash va konstruktiv mintaqaviy hamkorlikka ko‘maklashish barobarida global o‘zgarishlarni chuqurroq anglashga hissa qo‘shishga intiladi.