IXTI Amerika tadqiqotlari markazining ushbu yillik flagman hisobotida 2025-yilda AQShni belgilagan asosiy voqealar va tizimli burilishlarni yorituvchi policy brieflar jamlangan bo‘lib, ichki boshqaruvdagi o‘zgarishlar hamda tashqi siyosatdagi qayta sozlanishni yagona strategik yo‘nalish sifatida talqin qiladi. Hisobot 47-prezident inauguratsiyasi va “America First” doktrinasining jadallashgan tatbiqi fonida AQShning ichki rivojlanish trayektoriyasi hamda global maydondagi strategik tutumlari qanday o‘zgarganini izchil tahlil qiladi.
Ichki siyosat bo‘limlari institutlarning keskin qayta tashkil etilishi, ijro hokimiyatining kengayishi va fiskal proteksionizmga tayangan yangi iqtisodiy poydevor shakllanishini batafsil ochib beradi. Xususan, “Bitta katta chiroyli qonun” hamda “nol migratsiya” yo‘nalishi doirasida chegara va deportatsiya infratuzilmasining kuchaytirilishi, turli migratsion toifalarga qo‘llanilgan cheklovlar, boshpana va mehnat migratsiyasi jarayonlarida moliyaviy-to‘siq mexanizmlarining kuchayishi kabi masalalar markaziy o‘rin egallaydi.
Tashqi siyosat tahlillarida esa liberal internatsionalizmdan tranzaksion realizm va iqtisodiy majburlashga siljish qayd etilib, bu yondashuvning Xitoy bilan institutsional raqobat (jumladan SI boshqaruvi), Yaqin Sharq xavfsizlik arxitekturasi hamda Markaziy Osiyoning strategik ahamiyatining oshishi kabi yo‘nalishlarda qanday namoyon bo‘layotgani ko‘rsatiladi. Shu bilan birga, Pentagon va texnologik sektor o‘rtasidagi yaqinlashuvning institutsional shakllari, hamda raqamli aktivlar va stablecoin mexanizmlarining legallashtirilishi AQShning texnologik va moliyaviy ustunligini mustahkamlash kontekstida tahlil qilinadi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.